Jahon | 09:48 / 11.02.2026
1962
7 daqiqa o‘qiladi

YeP Rossiyani “qishni qurolga aylantirish”da aybladi

Yevroparlamentdagi bahslar vaqtida Rossiya ukrainaliklarga uyushtirgan hujumlar baholandi, shuningdek Kremlga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish va Ukrainaga HHM vositalarini yetkazib berishni oshirishga chaqiriqlar yangradi. DW reportaji.

Foto: Philipp von Ditfurth

Rossiya qishning eng sovuq davrida ukrain elektr stansiyalari va boshqa muhim infratuzilma obektlariga hujum qilib, ukrainaliklarning qarshiligi va ruhiy matonatini sindirishga urinmoqda. Yevropaning burchi esa — ukrainlarni faqat gumanitar yordam bilan emas, balki qurol-yarog‘ bilan ham qo‘llab-quvvatlash: Ukraina havo mudofaasi imkoniyatlarini kuchaytirish, shuningdek Rossiyaga qarshi 20-paket sanksiyalarni joriy etish. Seshanba kuni, 10 fevralda Yevroparlamentda o‘tgan “Ukraina energetika tizimiga qilingan hujumlarga Yevropa javobi va ular keltirib chiqargan gumanitar inqiroz” mavzusidagi debatlarning asosiy xulosasi shu bo‘ldi.

Jahon Ukraina energetika infratuzilmasiga yetkazilayotgan dahshatli vayronagarchilik tasodif yoki harbiy harakatlarning yondosh oqibati emas, balki fuqarolarni qorong‘ilik va sovuqqa g‘arq etishga qaratilgan tizimli, qasddan qilingan zarbalar ekanini ko‘rib turibdi va yaxshi tushunib turibdi. Debatlarni ochib bergan YeIning kengayish masalalari bo‘yicha yevrokomissari Marta Kos shunday dedi. Uning fikricha, Rossiya gumanitar falokat yaratishga urinib, qishni qurol sifatida qo‘llamoqda. Biroq ukrainlarga qarshi sodir etilgan shafqatsiz jinoyatlar oqibatsiz qolmaydi va Yevropa Rossiyaga bosimni kuchaytiradi, deya va’da berdi yevrokomissar.

Kosning bildirishicha, YeI “Ukraina energetika tizimini barqarorlashtirish, tiklash va integratsiya qilish uchun misli ko‘rilmagan ko‘lamda qo‘llab-quvvatlashni safarbar qildi va buni har kuni davom ettirmoqda”. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yil fevralidan buyon YeI Ukrainaga 1,3 mlrd yevro gumanitar yordam ko‘rsatgan. “Qo‘llab-quvvatlash 2026 yilda ham davom etadi: dastlab 153 mln yevro ajratiladi — 145 mln yevro Ukraina uchun va 8 mln yevro Moldova uchun”, — dedi yevrokomissar. Shuningdek, YeIning Fuqarolik muhofazasi mexanizmi orqali Ukraina 11 mingdan ortiq generator va 7 mingdan ortiq transformator olgan.

“Biroq Ukraina energetika tizimini haqiqiy himoya qilish uchun avvalo uning osmonini muhofaza qilishimiz kerak. Bu esa havo mudofaasi tizimlari va raketalarni zudlik bilan yetkazib berishni anglatadi. A’zo davlatlarni kechiktirmasdan harakat qilishga chaqiramiz”, — dedi Marta Kos.

Yaqinda Kiyevga borib kelgan yevroparlamentariylar guruhi hamkasblari bilan taassurotlarini o‘rtoqlashar ekan, nemis deputati, sotsialistlar guruhi vakili Tobias Kremer: “Ukraina aholisiga qarshi hujum haqiqiy ekanini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik”, dedi. “Jang maydonida yutolmas ekan, u fuqarolarni — ayollar, bolalar, keksalarni nishonga olyapti, — deya davom etdi Kremer. — Hozir -27°C haroratda ukrainaliklar isitish, elektr, suvsiz qolmoqda, ammo men taslim bo‘lishga tayyor birorta ham ukrainni uchratmadim”.

Litvalik liberal deputat Pyatras Aushtryavichyus qayd etishicha, qishning eng sovuq oylarida Ukraina IES va IEMga berilgan raketa zarbalari milliy miqyosda gumanitar falokatni keltirib chiqargan va undan yuz minglab ukrainlar jabr chekmoqda. “Ukraina energetika infratuzilmasini yo‘q qilayotgan Rossiya insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etmoqda — buni maxsus tribunal ko‘rib chiqishi kerak”, — dedi Aushtryavichyus.

U, shu sharoitda, Yevroittifoq “Ukraina osmonini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan qo‘llab-quvvatlashni bera olmaganini” tan olishga chaqirdi. “Nishonga yetgan har bir raketa yoki dron — bajarilmagan va’dalar haqida eslatma”, — deya ta’kidladi u.

Rossiya zarbalari Ukraina energotizimiga yetkazgan vayronagarchilik ko‘lami ulkan, dedi Yevropa xalq partiyasidan litvalik deputat Lyudas Majilis. Biroq Yevropa hamkorlari tomonidan allaqachon ko‘rsatilgan gumanitar va moliyaviy yordam yetkazilgan zararni qoplash uchun yetarli emas.

Majilis Jahon bankining so‘nggi baholarini keltirib, Ukraina energetika sektoriga 68 mlrd dollar miqdorida zarar yetganini aytdi. “Nisbat oddiy va shafqatsiz: biz ajratgan har bir yevro uchun Kreml o‘nlab marta ko‘proq narsani yo‘q qildi. Agar hoziroq ko‘proq mablag‘ safarbar qilinmasa, ertaga narxini qimmatroq to‘laymiz — faqat pul bilan emas, insonlar hayoti va butun Yevropaning xavfsizligi susayishi bilan ham”, — deb ogohlantirdi u.

Debatlar vaqtida hatto odatda Rossiyaga nisbatan keskin bayonotlardan qochadigan so‘l kuchlar deputatlari ham Moskvaga qarshi sanksiyalar orqali bosimni oshirishga chaqirdi. Shu siyosiy guruh vakili bo‘lgan shvetsiyalik deputat Li Anderson bugun “Putin ukrainlarga har qachongidan ham kuchliroq hujum qilyapti”, deb, buning maqsadi “ularning qarshiligini sindirish va muzokaralarda yon berishga majbur qilish” ekanini aytdi. U YeI RFning “soyadagi floti”ga qarshi yanada qat’iy sanksiyalar kiritishi, Ukrainaga ko‘proq moliyaviy va harbiy yordam berishini talab qildi.

Faqat Yevroparlamentdagi o‘ng kuchlar deputatlari YeI rahbariyatini rusofobiyada ayblashda davom etdi. “Yevropa suveren millatlari” nomli o‘ta o‘ng guruhdan bolgar deputati Petr Volgin “AQSh va RF rahbarlari urushni to‘xtatishga uringan paytda, Yevroittifoq urush to‘xtamasligi uchun qo‘lidan kelganini qilyapti”, dedi.

Volginning chiqishi zalda norozilik chaqiriqlariga sabab bo‘ldi. Nemis deputati, “yashillar” guruhi vakili Damian Bezelager esa hamkasblariga “xolodomor” degan “qora so‘z” nima anglatishini tushuntirdi. “Uning to‘g‘ridan to‘g‘ri tarjimasi — sovuqdan o‘lim. Bu — urush jinoyati. Siz bu haqda tarix darsliklaridan bilishingiz kerak edi, 2026 yilda emas”, — dedi u va bugun ukrainlar aziyat chekayotgani “bombalarning keltirib chiqargan realligi” ekanini ta’kidladi. “Hamkasblar, bu xolodomorni to‘xtataylik”, — deb yakunladi Bezelager.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid