Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Karrik «MYu»ni g‘alabali yo‘lga qaytardi. U buni qanday uddalamoqda?
Foto: Carl Recine/Getty Images
Ijtimoiy tarmoqlarning, hatto jiddiy bo‘lmagan kontentlarning ham hayotga ta’siri shu qadar oshib ketdiki, hafta boshida «Manchester Yunayted»ning «Vest Hem»ga qarshi oddiy o‘yini millionlarni o‘ziga jalb qildi. Sababi – «MYu» qatorasiga besh o‘yinda yutmagunicha sochini oldirmaslikka qasam ichgan Frank Aylet ismli bir blogerning taqdiri. Chunki «MYu» bu o‘yingacha ketma-ket to‘rt g‘alabaga erishgandi.
Eng qizig‘i, bu maqolani men ham beshinchi g‘alabadan so‘ng yozishni niyat qilib, aynan ushbu bloger mavzusi bilan kirish qilishni o‘ylab qo‘ygandim. Jamoa durang o‘ynadi, chellenj davom etadigan bo‘ldi. Ammo matnni baribir yozdim, zero debyutant murabbiyning dastlabki 5 o‘yinda 13 ochko olishi – juda yaxshi natija. Nega endi qandaydir Frank qo‘ygan talab bu muvaffaqiyatga soya solishi kerak?
Quyida Maykl Karrikning Manchesterdagi dastlabki oyi, istiqboli va aynan qanday omillar ushbu g‘alabalarda rol o‘ynagani haqida fikr yuritiladi.
Meros
Har qanday murabbiy iste’fosi jamoada salbiy fon yaratsa-da, o‘rniga keladigan mutaxassis uchun qoladigan meros turlicha bo‘ladi. Aytaylik, so‘nggi natijalar fonida ro‘y bergan iste’folarda jamoa ham o‘yin, ham ruhiy tomondan ham inqirozga tushib qolgan bo‘ladiki, buni o‘nglash ko‘proq mehnat talab qiladi. Mag‘lubiyatlar tufayli futbolchilarning o‘ziga bo‘lgan ishonchiga putur yetadi va ayniqsa, kattaroq raqiblarga qarshi bu ishonchni uyg‘otish qiyinchilik tug‘diradi. Misol uchun, Sulsher o‘rniga Rangnik, ten Hag o‘rniga Ruben Amorim kelganida shunday bo‘lgan – bu mutaxassislarda natija borasida vaziyatni o‘nglash imkoni bo‘lmagan.
Alvaro Arbeloa va Liam Rosenior kabi yangi murabbiylarda ham vaziyat o‘xshash – iste’foning mazmuni ko‘proq rahbariyat (Alonsoda futbolchilar) bilan ziddiyatlarga taqaladi. Tan olish kerak, «Manchester Yunayted»da ham, «Real» yoki «Chelsi»da ham natijalar u qadar yomon emasdi. «Manchester Yunayted» Amorim davrida ham Chempionlar Ligasi zonasida yurgan, qator katta o‘yinlarda («Liverpul», «Chelsi», «Arsenal») jamoa ancha ishonchli ko‘ringan, xullas, o‘tgan mavsumga nisbatan o‘sish yaqqol kuzatilayotgandi. Karrikda futbolchilardagi ishonchsizlikni qayta uyg‘otish, buni his qildirish uchun qandaydir olamshumul g‘oyalar taqdim etishga ehtiyoj ham yo‘q edi.
Ko‘pchilik hozirgi vaziyatni Ole Gunnar Sulsher Mourinio o‘rniga vaqtincha murabbiy bo‘lib kelgan davrga qiyoslamoqda, qisman bu o‘xshatishlarda ham jon bor. Sulsher qabul qilgan meros, birinchidan, undan oldingi mavsumda 2-o‘rinni olgan jamoa edi, ikkinchidan, tarkibda Pogba, Lukaku, Reshford, Sanches, Marsiyal kabi o‘ziga yarasha kuchli futbolchilar bo‘lgan. Karrik nisbatan oddiyroq tarkibni qabul qilib olgan bo‘lsa-da, yuqorida tilga olinganidek, natijalar u qadar yomon bo‘lmagan va o‘sishda bo‘lgan tarkib edi.
Yana bir muhim jihat – Bruno Fernandesh va Lisandro Martines jarohatdan to‘liq tiklanishi va Afrika Millatlar kubogida qatnashgan Mbemo va Amad tarkibga qaytishi aynan Karrik davriga to‘g‘ri keldi. Nazarimda, Ruben Amorim bosh murabbiy sifatida qolganida ham, bu futbolchilarning qaytishi qandaydir ijobiy emotsional turtki berishi ehtimoli yuqori edi. Balki «Arsenal» va «Manchester Siti»ni bu shaklda yutish sodir bo‘lmasdi, ammo Amorim boshqaruvining so‘nggi davridagi muvaffaqiyatsiz natijalar, ularning fonida yanvar oyi transferlari uchun so‘rovlar rahbariyat bilan ziddiyatlarga zamin yaratganini unutmaslik kerak.

Qisqasi, shunday xulosalash mumkinki, Maykl Karrikning natijalari u darajada anormal emas, har qanday qisqa davrda «MYu» shunday kuchli seriyani amalga oshira olishi ehtimoldan u qadar yiroq bo‘lmagan. Aytaylik, shu kunlarda «Tottenhem» Tomas Frankni bo‘shatdi, endi yangi murabbiy bilan jamoa qatorasiga to‘rt g‘alabaga erishsa, rostanam mo‘jizaga qiyoslash mumkin. Chunki «MYu»dan farqli ravishda «Tottenhem»da boshqa muammolar ham yetarli.
Maqsad va vazifalar aniqligi
«Manchester Yunayted»ning avvalgi vaqtinchalik murabbiylaridan farqli ravishda Maykl Karrikda aniq maqsad va vazifa bor – jamoani Chempionlar Ligasiga olib chiqish, ya’ni kuchli beshlikka kirish. Sulsherni «nima bo‘lsa bo‘lar» prinsipida olib kelishgan, Rangnikdan murabbiylik qilishi bilan birga jamoadagi strukturani o‘zgartirish talab qilingan, Ruben Amorim shundog‘am vaqtinchalik emas, uch yillik shartnoma bilan tashrif buyurgandi. Ya’ni mavsum o‘rtasida jamoani qabul qilib olgan uchala murabbiyda ham joriy mavsum uchun konkret maqsad yo‘q edi. Shuning uchun ham Karrikning faoliyati to‘liq natijalar uchun yo‘naltirilganini tushunish oson.
Aytaylik, Ruben Amorim o‘tgan yil dekabrida, ya’ni boshqaruvga kelishiga bir oy bo‘lmasdan, Markus Reshford va Garnacho bilan ziddiyatga bordi va Markusni tarkibdan chetlatib, qishda ijaraga berib yubordi. Bu aynan uzoq muddatli qaror. Shu orqali Amorim klubdagi tartibni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan. Ya’ni uzoq muddatli strategiya uchun qisqa muddatli foydadan voz kechgan.
Karrikda bunday vazifa yo‘q, u «Old Trafford»da vaqtinchalik ekanini yaxshi biladi. Tabiiyki, bu shartlarda u kimdandir voz kechish, boshqasi bilan ziddiyatga borish o‘rniga, har bir futbolchidan maksimal foydalanishga harakat qiladi. Uzoq davr uchun quriladigan tizimda foyda berishi mumkin bo‘lgan jihatlarga emas, ayni paytda har bir futbolchi mavsumda nima bera olishi mumkinligiga e’tibor qaratadi, tabiiyki, ayni paytda ular uchun sodda va qulay pozitsiya va funksiyalar taqdim etadi. Har bir futbolchi – uning uchun ma’lum tizim asosida, agar o‘rnatilsa yordam beradigan murvat emas, hozir va shu onda kerak bo‘ladigan figura. Demak, har bir futbolchining shundog‘am mavjud bo‘lgan kamchiliklari va ustunliklari birlamchi. Bunday qarash esa futbolchilar uchun ham qulay. Maykl Karrik har qanday uslubda ochko olishi mumkin, hech kim avvalgi murabbiylardan talab qilingani singari, chiroyli o‘yin, dominant futbol talab qilmaydi.
Shu bilan birga, o‘z vaqtiga ega bo‘lmayotgan va zaxirada qolayotgan futbolchilarda ham murabbiy bilan ziddiyatga borishdan mantiq yo‘q. Kobbi Maynu Amorim qo‘l ostida yetarli ishonchga ega bo‘lmayotganidan, o‘z kelajagini u bilan tasavvur qilmasligi va boshqa variantlarni qidirib qolishi mumkin edi. Hozir yangi Maynular yo‘qmi? Masalan, Eyden Heven Amorim davrida asosiy tarkib futbolchisiga aylanayotgandi, lekin Karrik uni hali bir daqiqa ham o‘ynatmadi. Leni Yoro haqida ham shunday deyish mumkin. Lekin Karrikning vaqtinchalik ekani va ayni paytda barcha masala o‘yin qurish, kelajak uchun poydevor yaratish uchun emas, natija uchun bo‘lgani tufayli, bu futbolchilar yozgacha maydonga tusha olishmasa-da, boshqa murabbiy bilan yoki Karrik uzoqroq muddatli shartnomaga ega bo‘lganda, o‘z imkoniyatiga ega bo‘lishini yaxshi bilishadi.
Dastlabki ikki o‘yindagi katta g‘alabalar esa Karrikka bu borada ham qo‘shimcha ustunlik berdi. Ayni paytda muxlislar orasida ham Heven, Yoro yoki Leysi kabi yoshlarga imkoniyat berilmayotgani haqida e’tirozlar deyarli yo‘q.
Stiv Holland
Ole Gunnar Sulsher «Manchester Yunayted»da o‘ziga yordamchi qilib Karrik va Makkenani olgan edi. Aytishlaricha, Makkena himoyani, Karrik esa hujumni tashkil qilishga mas’ul bo‘lishgan. Keyinchalik har ikki murabbiy ham Chempionshipda mustaqil faoliyat olib bordi. Makkena «Ipsvich»ni APLga olib chiqqan bo‘lsa, Karrik «Midlsboro» bilan pley-offgacha bordi.
Vaqtinchalik nomzodlar sifatida Sulsher va Karrik nomlari tilga olinganida, Ole yangi shtab qurishi kerakligini aytgan hamda Karrik, Fletcher kabi mutaxassislarni jalb qilishni xohlagandi. Karrik esa muzokaraga o‘zining tayyor shtabi bilan borgan, darhol ish boshlashi mumkin edi. Insaydlarga ko‘ra, aynan mana shu aniqlik Karrik nomzodi yuqori baholanishiga sabab bo‘lgan.
Ko‘pchilik Maykl Karrik deganda, asosan «MYu»ga xos DNK, futbolchilarga erkinlik, motivatsion nutq kabi qo‘shimcha ustunliklarga urg‘u berayotgan bo‘lsa-da, aslida qo‘lga kiritilgan g‘alabalarning taktik asoslari ham borligini e’tiborga olish kerak. Bild-apda 3-1-6, Dalot va Shouning tor pozitsiyalari, oldingi chiziqdagi doimiy rokirovkalar, Lisandro Martinesning roli, yuqori pressing va o‘rta blok o‘rtasidagi almashinuvlar – tabiiyki, farqli ssenariy va farqli uslubdagi raqiblarga qarshi muvaffaqiyatli o‘yinlar chuqur taktik asoslarsiz bo‘lmaydi. Karrikning avvalgi tashrifidagi g‘alabalarni qisqa chaqnash bo‘lgan deyish mumkin, ammo bu safar murabbiy sxemadan tortib, asosiy tarkibni o‘zgartirganiga ham e’tibor qilish kerak.

Chempionshipdagi qisqa tajriba bilan kifoyalangan yosh murabbiyning APLda bunday jiddiy natijalarni qayd eta olishida albatta, yordamchi murabbiy Stiv Hollandning hissasi bor. Zamonaviy futbolda yordamchilarning ahamiyatini past baholab bo‘lmaydi, hatto Pep Gvardiola ham uzoq vaqt yuqori darajani saqlab qolish uchun muntazam shtabini, ayniqsa, «bosh vaziri»ni almashtirib turishi shundan dalolat qiladi.
Stiv Holland shunchaki berilgan vazifani bajaruvchi yo nimanidir aytib turuvchi emas, aslida kattaroq o‘ringa ega bo‘lgan, taktik masalalarda Karrikdan ham ustunroq ovozga ega bo‘lgan shaxsdir. Uning tajribali ekani ham yordam bermoqda – Holland Karlo Anchelotti bilan «Chelsi»ni chempion qilgan va yanada ahamiyatlisi, jamoaga kelgan keyingi murabbiylar Joze Mourinio ham, Antonio Konte ham uni o‘z shtabida olib qolishgan. Keyin esa Holland Sautgeyt bilan birga Angliya milliy jamoasini boshqardi.
Karrik umumiy g‘oyalar va jamoa bilan munosabatda muhim bo‘lishi mumkin, ammo biz ko‘rayotgan taktik chizgilar, o‘yin kartinasi paydo bo‘lishida Holland asosiy figuralardan biri ekani shubhasiz.
Ya’ni ushbu murabbiy Karrikdan alohida olganda ham yetarlicha mashhur mutaxassis, tabiiyki, futbolchilar orasida ham hurmati joyida. Menimcha, Ruben Amorimning xatolaridan biri ham shunda edi – uning yordamchilari o‘zidan ham yoshroq bo‘lgan, tabiiyki, bunday vaziyatlarda kichik diktatura yuzaga kelib qoladi, bosh murabbiyni vaqtida to‘xtata oladigan avtoritet va alternativ fikr bo‘lmaydi.
Haftada bir o‘yin rejimi
Maykl Karrik so‘nggi uch o‘yinda bir xil tarkibni maydonga tushirdi. Dastlabki ikki o‘yinda ham bir xil futbolchilar tanlangan, ammo Dorguning jarohati keyingi o‘zgarishga sabab bo‘lgandi. Ya’ni agar Patrikning jarohati bo‘lmaganda, Karrik beshta o‘yinda ham bir xil tarkibni tushirishi mumkin edi.
Zamonaviy futbol yuklamalari uchun bu biroz xavfli va yot uslub. Manchesterda bu muammo bo‘lmayotganining sababi ayni paytda jamoa yevrokuboklardan xoli ekani bilan bog‘liq. «Chelsi», «Liverpul» yoki boshqa raqiblardan farqli ravishda «Manchester Yunayted» haftada bir o‘yin rejimida harakat qilmoqda va bu bir tarkib bilan ham jamoani tetik saqlash, sport formasining tushib ketmasligi va jarohatlardan qutulib qolishga imkon beradi.
Masalan, bugungi jamoani Kazemirosiz tasavvur qilish qiyin, to‘g‘rimi? Braziliyalik 34 yoshli yarimhimoyachi aynan mana shu rejimda – top futbolchi, har o‘yin uchun yuqori sport formasini saqlay oladi, yetarlicha foydali bo‘ladi. Ammo agar «MYu» boshqa turnirlarda ham qatnashayotgan bo‘lganida, 3-4 kunda bir rejimda butunlay boshqacha kartinani ko‘rish mumkin edi. Ba’zi o‘yinlarda rotatsiya qilish, boshqa ijrochilar bilan ham samarali tizimni o‘ylab topish ehtiyoji paydo bo‘lardi. «Vest Hem»ga qarshi o‘yin yorqin misol – Karrik davrida ilk marta tayyorgarlik uchun bir hafta emas, uch kun bor edi, o‘yin va natija ham avvalgilarga nisbatan qoniqarsiz bo‘ldi.
Xulosa
Xo‘sh, o‘tgan salkam bir oylik davr va besh o‘yindan kelib chiqib, Maykl Karrikka murabbiy sifatida, hatto «MYu»ning kelajagi sifatida baho berish mumkinmi?
Bu borada ikki xil asosiy qarash bor. Birinchi yo‘nalishdagi mulohazani Karrikning dastlabki kunlarida Gari Nevill aytgandi. Uning fikricha, Karrik hatto qolgan barcha o‘yinlarni o‘z foydasiga hal qilib, zo‘r natijalar qayd etgan taqdirda ham, yangi murabbiy izlash kerak. Vaqtinchalik natijalar kayfiyati ta’sirida, xuddi Sulsher bilan bo‘lgani kabi, Karrikka ham yangi shartnoma taklif qilinsa, bu avvalgi xatoni takrorlash bo‘ladi.
Shu bilan birga, Karrikning futbolchilik davri, ayni damda ko‘rsatayotgan natijalaridan kelib chiqib, nega endi boshqa murabbiy axtarish kerak, deb savol qo‘yayotganlar ham oz emas. Ularning asosiy argumenti – «modadagi turli tizim va strukturalar ortidan quvib, Erik ten Hag yoki Ruben Amorim kabi murabbiylar bilan nima bo‘lganini ko‘rdik, yana o‘sha xatoni takrorlamasdan, tayyor natija ko‘rsatib turgan murabbiydan nega voz kechish kerak?».
Aslida har ikki tomonning ham asosli gaplarini e’tiborga olgan holda, haqiqatni o‘rtaroqdan qidirgan ma’qul. Bir tomondan, kattaroq murabbiylarni talab qilayotgan Gari Nevill misol tariqasida Pochettino va Anchelotti nomlarini tilga olayotgani biroz kulgili. Gvardiola, Zidan, Alonso kabi murabbiylar katta futbolda tajribasizligi ham futbol tarixidagi noyob natijalarni qayd etishga xalaqit qilmadi. Maykl Karrikka o‘z futbolini qurishga, o‘z qarashlarini namoyon qilishga imkon bermay turib ham, uning ustiga chiziq tortish, u faqat motivatsiya, dnk va erkinlikdan iborat deb xulosa berib yuborish ham noto‘g‘ri. Balki Karrik Sulsher kabi emas, rostanam o‘z g‘oyalari va strukturasiga ega bo‘lgan mutaxassisdir?
Shu orqali ikkinchi tomondagilarga ham raddiya berish mumkin. Maykl Karrik chindan ham kuchli murabbiy bo‘lishi mumkin, ammo besh o‘yin buni asoslash uchun yetarli emas. Zamonaviy futbolda baribir tizim futbolchilarga emas, futbolchilar tizimga xizmat qilishi kerak va muvaffaqiyatli jamoalar xuddi shu yo‘ldan borishgan.
«Real»ning yutuqlari namuna emas, zero Yevropadagi hech qaysi klubda «Real» kabi tarkib va imkoniyatlar bo‘lmagan. Shunday ekan, ayni paytda Karrik ko‘proq futbolchilarga qulaylik yaratadigan tizim taqdim etayotgan bo‘lsa, baribir shu nuqtaga kelinadiki, futbolchilardan tizim uchun boshqacha o‘ynash, yoqimsiz funksiyalarni bajarish talab etiladi. Aynan o‘sha paytda ham muvaffaqiyatli bo‘la olish, jamoa muhitini hozirgidek saqlash yanada qiyinroq vazifa va bu shartlarda hali Karrikni ko‘rganimiz yo‘q.
Erik ten Hag yo Sulsherning dastlabki mavsumida futbolchilarga moslab o‘yin qurib, natijalarga erishgani, ammo ma’lum vaqtga kelib, yetakchilarning sport formasi pasayganda muammolarga duch kelganini eslash kifoya. Yuqorida «Real»ni bekorga qavs ichiga olmadim – Mbappe yoki Ronaldu o‘ta yuqori darajani butun mavsum ushlab turishi mumkin, boshqalarga esa baribir tizim kerak.
Demak, shunday yechimga boramiz – yozda «Manchester Yunayted» o‘z yo‘lini aniq belgilab, o‘sha strategiya asosida nomzodlarni ko‘rib chiqishi kerak, bu bir. O‘sha nomzodlar ichida, mabodo mavsumni muvaffaqiyatli yakunlasa, Maykl Karrik ham bo‘lishi kerak, bu ikki.
Kelasi mavsum uchun o‘ta yoqimsiz shartlar. Agar Karrik qoladigan bo‘lsa, har qanday muvaffaqiyatsizlikda bu qaror noto‘g‘ri bo‘lgani haqidagi fikrlar, eski «aytgandim-ku»lar yuzaga chiqaveradi. Aksincha, yangi murabbiy keladigan bo‘lsa-da, xuddi shunday, yomon davrda Karrikning soyasi unga ham xalaqit beraveradi. Eng yomoni shu – qaror uchun tanlovning ko‘p bo‘lishi.
Mavzuga oid
12:33 / 02.02.2026
«MYu»da kambek, «Siti» darvozasiga yil goli, «Real» amalladi. Kun o‘yinlari
12:15 / 18.01.2026
«Siti» derbida taslim etildi, muxlislar Vinini yig‘latishdi
21:56 / 14.01.2026
Maykl Kerrik «Manchester Yunayted»ni mavsum oxirigacha boshqaradi
21:25 / 05.01.2026