Jahon | 10:47 / 14.02.2026
4280
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Zelenskiy “harakat qilishni boshlamasa”, tinchlik imkoniyatini boy beradi

“Rossiya kelishuv tuzishni xohlayapti”, - deb da’vo qildi AQSh prezidenti. “Zelenskiy harakat qilishni boshlashi kerak. Aks holda u ajoyib imkoniyatni qo‘ldan boy beradi”, - dedi Donald Tramp Oq uyda jurnalistlarga.

Foto: REUTERS

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy “harakat qilishni boshlamasa”, tinchlikka erishish imkoniyatini boy berishi mumkinligini aytdi. AQSh davlat rahbari juma kuni, 13 fevralda Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatlashdi.

“Rossiya kelishuv tuzishni xohlayapti, Zelenskiy esa harakat qilishni boshlashi kerak. Aks holda u ajoyib imkoniyatni qo‘ldan boy beradi. U harakat qilishi shart”, — deb Tramp so‘zlarini AFP agentligi keltirdi.

Jurnalistlardan biri Myunxen xavfsizlik konferensiyasidagi jahon yetakchilariga qanday xabar yo‘llamoqchiligi haqida so‘raganda, AQSh prezidenti shunday javob berdi: “Yagona xabar shuki, bizda NATO bilan ajoyib munosabatlar bor”.

Donald Trampning talqinicha, alyansga a’zo davlatlar rahbarlari — “barchasi uning do‘stlari”.

AQSh davlat rahbari Myunxendagi xavfsizlik forumida qatnashmayapti. Bu yil AQSh delegatsiyasiga AQSh davlat kotibi Marko Rubio rahbarlik qilmoqda, u konferensiya ishtirokchilari oldida 14 fevral kuni nutq so‘zlaydi.

2025 yilda AQSh vitse-prezidenti Jyeyms Devid Vens (Jyey Di Vens)ning 20 daqiqalik chiqishi transatlantik munosabatlar sovishiga sabab bo‘lgan va Yevropani xavfsizlik masalalarida Vashingtonga kamroq tayanishga undagan edi.

Myunxenga uchib ketishidan oldin AQSh diplomatiyasi rahbari Rubio ancha xotirjam bayonotlar bilan chiqqan.

“Yevropa biz uchun muhim”, — dedi AQSh davlat kotibi 13 fevral kuni jurnalistlarga. “Qo‘shma Shtatlar Yevropa bilan yaqin bog‘langan, va kelajagimiz har doim bog‘liq bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi”, — deb qo‘shimcha qildi u.

62-Myunxen xavfsizlik konferensiyasi Bavariya poytaxtida 13–15 fevral kunlari bo‘lib o‘tmoqda. Konferensiyada 60 dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari, shuningdek taxminan 100 ta mamlakat mudofaa vazirlari ishtirok etmoqda.

Bundan oldin juma kuni, 13 fevralda, Rossiya boshlagan Ukrainaga qarshi urushni bartaraf etish bo‘yicha uch tomonlama muzokaralarning navbatdagi bosqichi o‘tkaziladigan vaqt va joy ma’lum bo‘ldi. Kreml ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya, Ukraina va AQSh delegatsiyalari o‘rtasidagi navbatdagi muzokaralar 17–18 fevral kunlari Jyenevada bo‘lib o‘tishi kerak. Ukraina prezidenti ma’muriyati vakili bu ma’lumotni tasdiqladi. AQSh vositachiligida Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan oldingi ikki raund muzokaralar jiddiy burilish bermagan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid