Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Iste’molchilar shartnomalarida noqulay shartlar cheklanadi
Yangi qonun loyihasiga ko‘ra, shartnomaviy munosabatlarda bir tarafning huquqlarini asossiz cheklovchi, javobgarlikni istisno yoki cheklovchi hamda huquq va majburiyatlar o‘rtasida nomutanosiblik keltirib chiqaruvchi shartlarni belgilash taqiqlanadi. Bunday holatlarda shartnoma yoki uning bir qismi sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
O‘zbekistonda shartnomaviy-huquqiy munosabatlarda kuchsiz tomonning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi. Hujjat Fuqarolik kodeksi hamda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.
Loyihaga ko‘ra, qo‘shilish shartnomalarida qo‘shiluvchi tarafni odatda beriladigan huquqlardan mahrum etuvchi, taraflar huquq va majburiyatlari o‘rtasida nomutanosiblik yuzaga keltiruvchi, shuningdek, shartnoma bo‘yicha javobgarlikni istisno yoki cheklovchi shartlarni belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi. Agar bunday holatlar aniqlansa, huquqlari buzilgan tomon da’vosi asosida shartnoma yoki uning ayrim qismi sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Shuningdek, shartnomada bir tarafning huquq va manfaatlarini himoya qilishni cheklovchi noqulay shartlarni belgilash taqiqlanadi. Shartnoma matnini tushunishni qiyinlashtiradigan murakkab atamalardan foydalanish ham mumkin emas, faqat shartnomaning o‘zida ushbu atamalarning aniq ta’rifi berilgan holatlar bundan mustasno etiladi.
Mazkur talablar “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda ham mustahkamlanmoqda. Iste’molchi ishtirokidagi shartnomalarda adolatsiz va nomutanosib shartlarni belgilashga cheklov qo‘yilib, qoida buzilganda sud orqali shartnomani haqiqiy emas deb topish mexanizmi joriy etiladi.
Mavzuga oid
19:32 / 15.05.2026
“Toshkent xalqaro moliya markazi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi
09:00 / 05.04.2026
Naqdga bitmas bitimlar va soliqdan norozi san’atkorlar - hafta dayjesti
15:26 / 18.02.2026
Davlat bayrog‘ini namoyish etishda yagona talablar joriy etiladi
12:27 / 16.02.2026