Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rubio AQSh–Vengriya munosabatlarida “oltin davr” boshlanganini aytdi
AQSh davlat kotibi Marko Rubio Budapeshtga tashrifi chog‘ida Vengriyadagi parlament saylovlari arafasida mamlakat bosh vaziri Viktor Orbanni qo‘llab-quvvatladi.
Foto: REUTERS
AQSh prezidenti Donald Tramp Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning muvaffaqiyatidan manfaatdor, chunki Orbanning yetakchiligi va uning Tramp bilan yaxshi munosabatlari Qo‘shma Shtatlar uchun juda muhim. Bu haqda dushanba kuni, 16 fevralda Budapeshtga tashrifi davomida AQSh davlat kotibi Marko Rubio ma’lum qildi. U aprel oyida bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari oldidan Vengriya hukumati rahbarini qat’iy qo‘llab-quvvatladi.
Orban bilan qo‘shma matbuot anjumanida so‘zlar ekan, Rubio Vengriya va AQSh o‘zaro munosabatlarda “oltin davr”ga kirib borayotganini aytdi va bu nafaqat ikki xalqning yaqinlashuvi, balki Vengriya bosh vazirining AQSh prezidenti bilan munosabatlari tufayli ham sodir bo‘layotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, AQSh diplomatiyasi rahbari ikki tomonlama aloqalar kelajagi Orban bosh vazir lavozimiga qayta saylanish-saylanmasligiga bog‘liq ekanini anglatdi.
Vengriyada parlament saylovlari 2026 yil 12 aprel kuniga belgilangan. Oxirgi so‘rovnomalarga ko‘ra, Orbanning FIDeS partiyasi Peter Madyar boshchiligidagi muxolifatdagi o‘ng markazchi “Hurmat va erkinlik” (TISZA) partiyasidan ortda qolmoqda. Reuters agentligi qayd etishicha, ovoz berish natijalari Yevropa va unda kuchayib borayotgan konservativ hamda ultrao‘ng siyosiy harakatlar uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Viktor Orban o‘z navbatida, aprel saylovlaridan keyin uning mamlakat hukumati “vengerlar irodasiga muvofiq” shakllantirilishini aytdi. “Ba’zan yutqazaman, ba’zan yutaman. Shuning uchun biz g‘alaba qilmasak nima bo‘ladi, deb xavotir olmang, bu yerda bu muntazam sodir bo‘lib turadi”, — dedi u.
Marko Rubio so‘zlariga ko‘ra, Tramp va Orban o‘rtasidagi yaqin aloqalar Trampning ikkinchi prezidentlik muddati davrida yanada mustahkamlangan. “Men ishonch bilan ayta olaman: prezident Tramp sizning muvaffaqiyatingizga chuqur sadoqatli, chunki sizning muvaffaqiyatingiz — bu bizning muvaffaqiyatimiz, — dedi AQSh Davlat departamenti rahbari. — Biz bu mamlakat ravnaq topishini istaymiz. Bu bizning milliy manfaatlarimizga mos, ayniqsa siz bosh vazir va bu mamlakat yetakchisi bo‘lib turganingizda”.
AQSh davlat kotibi shuningdek, zarurat tug‘ilsa Vashington Budapeshtga moliyaviy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini aytdi. “Agar moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelsangiz, agar o‘sishga to‘siqlar bo‘lsa, agar mamlakatingiz barqarorligiga tahdidlar paydo bo‘lsa, men bilamanki, prezident Tramp — siz bilan munosabatlari va bu mamlakatning ahamiyati tufayli — agar shunday palla biror kun kelsa, yordam berishning yo‘llarini topadi”, — dedi Rubio.
Budapesht Marko Rubioning Markaziy Yevropa mamlakatlariga amaliy safaridagi so‘nggi manzil bo‘ldi. Bu safar 62-Myunxen xavfsizlik konferensiyasi (MSC)ga bag‘ishlab tashkil etilgan. Vengriyaga tashrifidan oldin Rubio Bratislavada ham bo‘lib, Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso bilan uchrashgan.
Mavzuga oid
15:29
O‘zbekiston va Vengriya AES loyihasi bo‘yicha shartnomaviy masalalarni muhokama qilmoqda
11:15
Vengriya va Slovakiya Xorvatiyadan Rossiya neftini yetkazib berishni so‘ramoqda
08:24
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan AQShga boradi
20:39 / 16.02.2026