Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Eronda kim rahbar bo‘lishini xalq belgilasin» – Rizo Pahlaviy
Erondagi vaziyat Myunxen xavfsizlik konferensiyasining qiziq mavzulardan biri bo‘ldi. Ag‘darilgan shohning o‘g‘li Rizo Pahlaviy unda ishtirok etib, oyatulloh tuzumi ag‘darilganidan keyingi o‘tish hukumatiga rahbarlik qilish va 100 kun ichida referendum o‘tkazish rejalari borligi, unda Eronning yangi rahbari kim bo‘lishini xalq aniqlashi kerakligi haqida gapirdi. U hokimiyatga intilish ambitsiyalari yo‘qligini ta’kidlagan.
To‘g‘risi, AQShdan kelgan kongress a’zolari, senatorlar, Pahlaviyning o‘zi va sahnadagi kim bo‘lmasin, hattoki tuzumni ag‘darish ham emas, undan keyingi vazifalarni gaplashishdi. Ya’ni, xuddiki oyatulloh tuzumi ag‘darilishi tayindek so‘zlov kechdi. Rizo Pahlaviyga ko‘ra, u na prezident, na qirol, na podshoh bo‘lishni ko‘zlamaydi. U o‘tish davri hukumatini tuzadi va 100 kun ichida referendum o‘tkazib beradi. Ag‘darilgan podshohning o‘g‘li fikricha, bundan 47 yil muqaddam u eronliklarga shuni va’da qilgan, rahbarni xalqning o‘zi tanlaydi, deydi Pahlaviy.
“Biz o‘sha yakuniy referendumni o‘tkaza olamiz va odamlar kelajakda o‘zlarining birinchi demokratik hukumatini saylaydilar. Men uchun bu marra chizig‘i va missiya bajarilgan degani. Tamom, menda boshqa shaxsiy ambitsiyalar yo‘q. Men hokimiyatga intilmayman. Boshimda toj yoki unvon bo‘lishini xohlamayman, lekin menimcha, ular menga manzilning o‘zi sifatida emas, balki o‘sha manzilga olib boruvchi ko‘prik sifatida qarashlari kerak. Mening diqqat-eʼtiborim shunda va kelajakda rol o‘ynashim yoki o‘ynamasligim haqidagi har qanday boshqa bahs – bu ishni teskarisidan boshlashdir. Mening diqqat-eʼtiborim 47 yil oldin va’da qilgan narsamni bajarishga qaratilgan. Men inqilobning bir qismi bo‘lmagan yoki bu rejim bilan hech qachon aloqador bo‘lmagan yagona odamman”, - dedi Pahlaviy.
Sessiyani olib borgan SNN telekanalining boshlovchisi Pahlaviyning Isroil bilan o‘ta yaqin aloqalarini ham o‘rtaga tashladi. Hatto siz G‘arbiy devorni ziyorat qilgansiz, Isroil sizni qo‘llaydi, eronliklarga bu yoqadimi, dedi jurnalist. Pahlaviy esa Eron uchun Isroil strategik hamkor bo‘lishi mumkinligini gapirdi.
“Isroil bilan ishlashimiz mumkin, hozirgi rejimning harakatlaridan farqli o‘laroq. Farq aynan shunda ham bo‘ladi. Biz dunyoga eronliklar bu rejimga o‘xshamasligini, qo‘shnilarimiz bilan do‘stona munosabatlarga sodiq ekanimizni ko‘rsata olishimiz kerak. Bizning arablar bilan hech qanday muammomiz yo‘q. Bizning isroilliklar bilan hech qanday muammomiz yo‘q”, - dedi sobiq valiahd.
Sessiya davomida Pahlaviy bundan 47 yil avval uning otasi ag‘darilgandagi kechinmalarini ham so‘zladi. U harbiy o‘qishda bo‘lgani, otasi Pahlaviy esa Misrda vafot etgach Erondagi bu tuzumni ag‘darishga bel bog‘laganini gapirdi.
Sobiq valiahdning qo‘shimcha qilishicha, uning rejasidagi Eronda din davlatdan ajratilgan bo‘ladi, ya’ni shahzoda Islom Respublikasi tuzumi bo‘lmasligi tarafdori ekanini aytdi.
“4 ta asosiy prinsipga kelisha olsak, imkon qadar ish tez bitardi.
Birinchisi – Eronning hududiy yaxlitligi. Bu ko‘plab eronliklar uchun juda muhim masala. Ikkinchisi – dinning davlatdan ajratilishiga bo‘lgan aniq ehtiyoj, bu demokratiyaning zaruriy shartidir. Bu borada biz hammamiz, shu jumladan Erondagi ko‘plab ruhoniylar bilan ham hamfikrmiz, ular "valoyati faqih"ga qarshi qayta-qayta gapirganlar. Ular dinning siyosatda o‘rni bor deb hisoblamaydilar va ular buning natijasida dinga qanchalik zarar yetkazilganini bilishadi. Biz bilamizki, bu Islom Respublikasining yetakchi prinsipi, Oliy Rahnamo timsolidir va bizda boshidanoq tuzum tomonidan chetlatilgan ko‘plab holatlar bo‘lgan. Uchinchisi – qonun oldida barcha fuqarolarning tengligi va shaxsiy erkinliklar va to‘rtinchisi – Eron xalqining o‘z kelajagini o‘zi belgilash huquqi, bu aynan o‘tish davri hukumatining kun tartibi bo‘lib, eronliklar avvalo o‘z kelajagida nima xohlashlarini hal qilish uchun ta’sis majlisiga o‘z vakillarini saylash imkoniyatiga ega bo‘lishlarini ta’minlashdir”, - deydi Pahlaviy.
Eslatib o‘tamiz, aynan shu konferensiya kunlari butun Myunxen ko‘chalarini Erondagi tuzumga qarshi namoyishlar qamrab oldi. Biroq, ular na shoh, na mulla rejimi bo‘lmasligi kerak, deb hayqirishdi.
Mavzuga oid
11:52
Eronda yana hukumatga qarshi chiqishlar bo‘lib o‘tdi
23:02 / 17.02.2026
AQSh bir sutka ichida Yaqin Sharqqa 50 dan ortiq qiruvchi samolyot jo‘natdi
18:18 / 17.02.2026
Urush xavfi kuchayayotgan bir paytda AQSh va Eron yadroviy muzokaralari boshlandi
11:25 / 16.02.2026