Jahon | 13:00 / 18.02.2026
1548
2 daqiqa o‘qiladi

Jyenevadagi muzokaralarda Yevropa davlatlari vakillari ham bor

Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya va Italiya vakillari Jyenevada hozir bo‘lib, u yerda Rossiya, Ukraina va AQSh ishtirokida yangi muzokaralar raundi o‘tmoqda.

Foto: Beatrice Devenes/Federal Department of Foreign Affairs/Handout/Xinhua

Jyenevada Rossiya va Ukraina o‘rtasida o‘tayotgan muzokaralarda Germaniya va boshqa Yevropa davlatlari vakillari ham ishtirok etmoqda. Bu haqda seshanba, 17 fevral kuni AFP agentligi Berlindagi hukumat manbalariga tayanib xabar berdi. Xususan, u yerda Gyunter Zautter — Germaniya federal kanslerining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi ham bor.

AFP ma’lumotlariga ko‘ra, yevropaliklar Ukraina va AQSh delegatsiyalari bilan (ammo Rossiya bilan emas) — “uchrashuv chetida” alohida muzokara o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Fransiya tomonidan qatnashuvchilar esa, muzokaralar jarayonidan xabardor manbalar bildirishicha, gap Yelisey saroyining diplomatik bo‘linmasi xodimlari haqida ketmoqda.

Italiyaning La Stampa nashri yozishicha, Italiya, Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya vakillari maslahatlashuvlarda bevosita ishtirok etmayapti. Gazeta ta’kidlashicha, Yevropa davlatlarining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilari “Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan dastlabki ikki sessiyadan keyingi uchinchi muzokara sessiyasini kuzatib bormoqda”.

Ukrainaning “Suspіlne” telekanali manbalari aytishicha, muzokaralar yakunlariga ko‘ra, Ukraina delegatsiyasi Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va ehtimol AQSh vakillari bilan uchrashuvlarga umid qilmoqda.

Rossiya va Ukraina vakillari 17 fevral kuni AQSh vositachiligida Jyenevada muzokaralarni qayta boshladi. Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Rustem Umerov: «Bugun siyosiy ham, harbiy bloklar ham ishni yakunladi», — deb ma’lum qildi. U, shuningdek, muzokaralarning birinchi kuni natijalari haqida prezident Volodimir Zelenskiyga hisobot berishini aytdi. Maslahatlashuvlar 18 fevral kuni davom ettiriladi.

AQSh vositachiligida Abu-Dabida o‘tgan avvalgi ikki raund muzokaralar esa jiddiy yutuq keltirmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid