Jahon | 08:58 / 18.02.2026
3946
3 daqiqa o‘qiladi

Olimpiada ochilishida Ukraina jamoasiga rossiyalik ko‘ngilli hamrohlik qildi

Rossiyalik Anastasiya Kucherova Milandagi qishki Olimpiya o‘yinlari ochilish marosimida Ukraina terma jamoasi tablichkasini ko‘tarib chiqqan. Qiz 14 yildan beri Italiyada yashaydi va stadionda ukrain sportchilarini kuzatib borishga o‘z xohishi bilan ko‘ngilli bo‘lgan.

Foto: Peter Kneffel/POOL/empics/picture alliance

Rossiyalik Anastasiya Kucherova Milandagi “San-Siro” stadionida bo‘lib o‘tgan qishki Olimpiya o‘yinlari ochilish marosimida Ukraina terma jamoasi tablichkasini ko‘tarib chiqqan. Bu haqda qiz Instagram sahifasida aytib o‘tgan. Associated Press (AP) agentligiga bergan intervyusida Kucherova Ukraina sportchilarini kuzatib borishga qaror qilganini ta’kidladi.

«Bu odamlarning yonida yurib borar ekansan, ular har qanday rossiyalikni yomon ko‘rishga to‘la haqli ekanini tushunasan. Shunga qaramay, menimcha, ularga, ehtimol, hamma odamlar ham bir xil o‘ylamasligini ko‘rsatish uchun hech bo‘lmaganda kichik qadam tashlash muhim», — dedi qiz.

AP aniqlashicha, Anastasiya Kucherova 2018 yildan beri Rossiyaga bormagan va 14 yildan buyon Milanda yashaydi, u yerda arxitektor bo‘lib ishlaydi. Ukraina jamoasi tablichkasini ko‘tarib chiqishni u o‘zi taklif qilgan. Dastlab mamlakatlarni taqsimlash tasodifiy bo‘lishi kerak edi, ammo keyin xoreograf ko‘ngillilardan kimning qaysi davlat bo‘yicha xohishi bor-yo‘qligini so‘ragan, shunda RFda tug‘ilgan qiz Ukrainani tanlagan.

Uzun kumushrang puxovikka o‘ranib olgan qiz ortidan besh nafar ukrain sportchisi yurib borgan — ular orasida konkichi Yelizaveta Sidorko va figurist Kirill Marsak ham bo‘lgan. Har ikki sportchining otasi hozir frontda.

AP bilan suhbatda Anastasiya aytishicha, chiqishdan oldin sportchilar uning rus ekanini payqagan va unga rus tilida murojaat qilgan. Kucherovaning so‘zlariga ko‘ra, ruslar va ukrainlar o‘rtasidagi «chuqur bog‘liqlik» alomati bo‘lgan, «u, albatta, urush bo‘lmaganda saqlanib qolishi ham mumkin edi».

«Men orqaga o‘girildim — ularga nima deyishimni bilmasdim, — ammo shunchaki butun stadion ularni tik turgan holda olqishlashini aytdim», — deydi u. Tomoshabinlar jamoani qo‘llab-quvvatlovchi qichqiriqlar bilan qarshi olganida, qiz yig‘lab yuborgan, ko‘ngillilar libosining bir qismi bo‘lgan katta qora ko‘zoynak ortida ko‘z yoshlarini yashirgan.

Kucherova o‘z so‘zlari RFda qolgan tanishlariga zarar yetkazishi ehtimoli borligini tushunishini ham ta’kidlagan. «Men bu haqda qayg‘urishim kerak va bu narsadan qo‘rqishim kerak. Lekin menimcha, agar men — demokratik davlatda yashab, barcha erkinliklardan foydalanib turgan inson qo‘rqsam, demak, rejim g‘alaba qilgan bo‘ladi», — dedi u AP'ga bergan intervyusida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid