O‘zbekiston | 09:31
789
3 daqiqa o‘qiladi

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha 19 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Qonunchilik palatasi qo‘mitasi yig‘ilishida Bolalar ombudsmanining 2025 yil faoliyati yuzasidan ma’ruzasi ko‘rib chiqildi. Hisobotga ko‘ra, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha 19 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: Qonunchilik palatasi

Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani)ning 2025 yil yakunlari bo‘yicha ma’ruzasi dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Ma’ruzada so‘nggi yillarda mamlakatda bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar alohida qayd etildi. Xususan, Bolalar ombudsmani instituti bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilishda muhim mexanizm sifatida baholandi.

Hisobotga ko‘ra, 2025 yilda Bolalar ombudsmani nomiga jami 1934 ta murojaat kelib tushgan. Hisobot yilida 35 ta shaxsiy qabul o‘tkazilib, 141 nafar fuqaro bilan muloqot qilingan va 98 ta murojaat ko‘rib chiqilgan.

Murojaatlar tahlili va monitoring natijalari asosida davlat organlari tomonidan bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga oid jami 36 ta ta’sir hujjati kiritilgan.

Shuningdek, bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 19 ta jinoyat ishi hamda 26 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Bundan tashqari, zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha 20 ta jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish haqidagi qaror bekor qilinib, qo‘shimcha tekshiruvga yuborilgan.

Internet tarmog‘ida o‘tkazilgan monitoring natijalariga ko‘ra ham mutasaddi davlat organlari bilan hamkorlikda o‘rganishlar olib borilib, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik yuzasidan 23 ta jinoyat va 28 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilishi ta’minlangan.

Shuningdek, hisobot davrida bolaning moddiy ta’minoti bo‘yicha 403 mln 745 ming so‘m aliment qarzdorligi undirishga ko‘maklashilgan. 52 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolaga ID-kartalar rasmiylashtirishda amaliy yordam ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, 20 nafar imkoniyati cheklangan bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, reabilitatsiya va psixologik-pedagogik xizmatlar tashkil etilgan. Xorijda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 45 nafar bola O‘zbekistonga qaytarilgan.

Yig‘ilish yakunida qo‘mita a’zolari Bolalar ombudsmani tomonidan taqdim etilgan 2025 yil hisobotini ma’qulladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid