Jahon | 16:21 / 19.02.2026
2419
3 daqiqa o‘qiladi

Mers Germaniyada yadroviy qurol paydo bo‘lishini istisno etdi

Germaniya kansleri Fridrix Mers mamlakatning o‘z yadroviy quroliga ega bo‘lishiga qarshi chiqdi. Shu bilan birga u Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan Yevropa uchun “yadroviy soyabon” yaratish masalasini muhokama qilayotganini bildirdi.

Foto: AP Photo / Leon Neal

Germaniya kansleri Fridrix Mers Germaniyaning o‘z yadroviy qurolini yaratishiga qarshi chiqdi. Mamlakat hukumati rahbari bu haqda Machtwechsel podkastining YouTube’da 18 fevral, chorshanba kuni e’lon qilingan sonida bayonot berdi.

«Men Germaniya o‘z yadroviy quroli haqida o‘ylashini istamayman», — dedi Mers. U, shuningdek, Germaniyaning o‘z yadroviy dasturini ishlab chiqishdan voz kechganini eslatdi: bu “Ikki plyus to‘rt” shartnomasi (Germaniyaning qayta birlashishiga yo‘l ochgan) hamda Yadroviy qurolni tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomani imzolash bilan mustahkamlangan.

Shu bilan birga, Mers Germaniya Yevropa doirasida yadroviy tiyib turish tashabbuslarida ishtirok etishga ochiq ekanini aytdi. «Germaniya qurolli kuchlarida yadroviy qurol tashishga qodir samolyotlar bor. Biz AQShning yadroviy qurolini tashiy olamiz. Nazariy jihatdan buni Britaniya va Fransiya yadroviy qurollariga ham tatbiq etish mumkin bo‘lar edi», — deb qayd etdi kansler.

Mers Myunxen xavfsizlik konferensiyasi (MSC)da aytgan fikrlarini ham takrorladi: u Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan Yevropa uchun “yadroviy soyabon” yaratish masalasida muzokara olib borayotganini bildirdi. «Bugungi kunda fransuz hukumatining bunday taklifini e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi», — dedi kansler, Fransiya hokimiyatining yadroviy qurolni Yevropadagi boshqa davlatlarga joylashtirish tashabbusini sharhlar ekan. Fransiya — Yevroittifoq (YeI)da yadroviy qurolga ega bo‘lgan yagona davlat.

O‘nlar yillar davomida Germaniya AQShning “yadroviy soyaboni” ostida hisoblanadi. GFR hududida 20 tagacha Amerika atom bombasi joylashtirilgan. Ularni faollashtirish kodlari faqat AQSh prezidentida bo‘ladi. Shu bilan birga, Bundesver bombalarni tashish uchun jangovar samolyotlarni taqdim etadi — zarurat tug‘ilsa, Byuxel aviabazasidagi Tornado qiruvchilari ularni nishonga yetkazishi mumkin. NATO buni “yadroviy quroldan qo‘shma foydalanish” deb ataydi, chunki bunday rejani amalga oshirishda boshqa Yevropa davlatlari ham ishtirok etadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid