Jahon | 12:37
891
3 daqiqa o‘qiladi

Belarusda siyosiy mahbuslar Statkevich va Levaya ozod qilindi

Belaruslik siyosiy mahbuslar Nikolay Statkevich va Natalya Levayaning ozod qilingani haqida “Vyasna” huquqni himoya qilish markazi xabar qildi. Statkevich insult o‘tkazgan, Levaya esa homiladorlikning kechki bosqichida.

Nikolay Statkevich Foto: AP

Belaruslik muxolifatchi siyosatchi Nikolay Statkevich qamoqdan ozod qilindi va uyida, deb xabar qildi “Vyasna” huquqni himoya qilish markazi 19 fevral, payshanba kuni. Bu ma’lumot siyosatchining rafiqasi Marina Adamovich so‘zlariga tayanilgan holda berilgan. Uning aytishicha, koloniyada bo‘lgan vaqtida Statkevich insult o‘tkazgan. Hozir u nutq bilan bog‘liq muammolarni his qilyapti, biroq umumiy ahvoli barqaror, deb baholanmoqda.

Nikolay Statkevich — Belarus muxolifatining eng taniqli vakillaridan biri, 1990-yillardan beri siyosiy faol. 2010 yilgi prezident saylovlaridan keyin u norozilik namoyishlarini tashkil etgani uchun koloniyada 6 yilga hukm qilingan, 2015 yilda esa muddatidan oldin ozod etilgan. 2020 yil may oyida, Belarusdagi navbatdagi prezident saylovlari arafasida, siyosatchi yana qo‘lga olindi, 2021 yil dekabr oyida esa “ommaviy tartibsizliklar”ni tashkil etganlik aybi bilan 14 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi. U qamoqda qariyb 6 yil o‘tirgan.

2025 yil sentabr oyida Belarus hokimiyati 52 nafar siyosiy mahbusdan iborat guruhni ozod qilib, ularni Litvaga olib chiqqan. Biroq Nikolay Statkevich mamlakatni tark etishdan bosh tortgan. U Litva bilan chegaradagi neytral hududda bir necha soat turgan, keyin esa Belarusga qaytarilgan. Keyinroq Aleksandr Lukashenko Statkevichni “qayta olib kelishgani”ni aytgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, shundan keyin Statkevichni yana Vitebsk viloyatidagi koloniyaga yuborishgan. Uzoq vaqt davomida uning qayerda ekani hatto oilasiga ham ma’lum bo‘lmagan.

Shuningdek, 9 oylik homilasi bo‘lgan siyosiy mahbus Natalya Levayaning ham ozod qilingani ma’lum bo‘ldi. Aleksandr Lukashenko matbuot xizmatiga ko‘ra, Levaya afv etilgan. U 2024 yil may oyida Polshadadan Belarusga qaytganidan so‘ng qo‘lga olingan va “ekstremistik faoliyatni moliyalashtirish” aybi bilan 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan — Belarus hokimiyati odatda mustaqil tashabbuslarga qilingan xayriyalarni shunday baholaydi.

Sobiq siyosiy mahbusa Marina Zolotova so‘zlariga ko‘ra, Natalya Levayaning homiladorligi qamoqda boshlangan. Natalya koloniyada qariyb ikki yil o‘tirgan. Tug‘uruq mart oyida kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid