Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OpenAI rahbari sun’iy intellektni zudlik bilan global tartibga solishga chaqirdi
Dunyoda sun’iy intellekt (SI) texnologiyalari jadal rivojlanayotgani sababli ularni tartibga solish qoidalarini shoshilinch ishlab chiqish zarur, dedi OpenAI kompaniyasi bosh direktori Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tgan xalqaro SI konferensiyasida.
Foto: AP Photo/picture alliance
Jahon hamjamiyatiga sun’iy intellekt (SI) sohasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirib boradigan, Atom energiyasi xalqaro agentligi (AEXA)ga o‘xshash maxsus xalqaro organ zarur, dedi OpenAI rahbari Sem Altman. U bu fikrni payshanba, 19 fevral kuni Hindistondagi xalqaro SI konferensiyasi — AI Impact Summit'dagi chiqishi chog‘ida bildirdi. Altman ta’kidlashicha, bunday tartibga soluvchi organ SI imkoniyatlari o‘sishi bilan bog‘liq yangi xavf-xatarlar va o‘zgarishlarga tezkor javob berish uchun kerak.
OpenAI rahbarining aytishicha, SI keng ommaga ochiq bo‘lgan sharoitda, masalan, yangi patogenlar yaratishga yordam berishi mumkin bo‘lgan modellar paydo bo‘lishi muqarrar. Dunyo bundan qanday himoyalanishni o‘ylab chiqishi shart, deya urg‘u berdi Sem Altman. “SIni demokratiklashtirish — insoniyat farovonligini ta’minlashning eng yaxshi yo‘li”, — dedi u. Shu bilan birga, u “bu texnologiyaning bir kompaniya yoki bir mamlakat qo‘lida to‘planib qolishi halokatga olib kelishi mumkin”ligini ham qayd etdi. Altman fikricha, buning uchun “boshqa qudratli texnologiyalardagidek” himoya choralari talab etiladi. Ana shu sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun “dunyoga AEXAga o‘xshash nimadir kerak bo‘lishi mumkin”, dedi u.
Shu bilan birga, Sem Altman SIni demokratlashtirish shoshilinch tartibga soluvchi choralar va himoya mexanizmlariga bo‘lgan ehtiyojni bekor qilmasligini ta’kidladi — insonlar boshqa qudratli texnologiyalarni qanday tartibga solsa, xuddi shunday.
Generativ SIga bo‘lgan keskin talab ortidan ko‘p kompaniyalar daromadlarini tez sur’atda oshirdi, biroq xavotirlar ham kuchaymoqda — ish o‘rinlarining qisqarishidan tortib, internetda jinsiy mazmundagi dipfeyklar va SI orqali firibgarliklar tarqalishigacha. Altman texnologiyalar mehnat bozorini baribir o‘zgartirishini tan oldi, ammo qo‘shimcha qildi: “Tarix shuni ko‘rsatadiki, jamiyat har safar yangi va yanada yaxshi bandlik shakllarini topgan”.
Sem Altmanning chiqishi tadqiqotchilar va inson huquqlari himoyachilari tomonidan xalqaro miqyosda yanada qat’iy va muvofiqlashtirilgan choralarga chaqiriqlar yangrayotgan paytga to‘g‘ri keldi. 2025 yilda Yevropa Ittifoqida sun’iy intellektdan foydalanish qoidalari va uning shaffofligiga oid talablar kuchga kirdi. Xususan, insonlar xavfsizligi, sog‘lig‘i yoki asosiy huquqlariga tahdid soluvchi SI tizimlari taqiqlangan. YeIda bunday tizimlarni ishlab chiquvchilar o‘z modellarining ishlash tamoyillari va ularni o‘qitishda qo‘llangan ma’lumotlar haqida axborotni oshkor qilishi shart.
Mavzuga oid
08:00 / 18.02.2026
Chiplardan sovitishgacha: sun’iy intellekt infratuzilmasini ushlab turgan resurslar
20:35 / 30.01.2026
YouTube sun’iy intellekt kontentli yirik kanallarni o‘chirishni boshladi
07:32 / 27.01.2026
Xarita: mamlakatlar bo‘yicha sun’iy intellektdan foydalanish darajasi
14:32 / 24.01.2026