O‘zbekiston | 16:53
3025
4 daqiqa o‘qiladi

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov o‘zining ilk kitobini taqdim etdi

18 fevral kuni Toshkentda taniqli siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning “Erkin millat poydevori” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Asarda mustaqil O‘zbekistonning 1991 yildan 2016 yilgacha bosib o‘tgan yo‘li va yangi davrdagi boshqaruv avvalgisidan qanday farq qilishi tahlil etilgan.

Kitobni yozishdan maqsadlarimdan biri – o‘tmishdagi xatolarni institutlashtirish. Biz shunchaki kampaniya uchun gapirmasligimiz kerak. Xatolar borasida bizda to‘laqonli tayanch tafakkur bo‘lishi zarur”, – deydi Rabbimov.

Tadbirda siyosatshunoslar, jamoatchilik faollari va OAV vakillari ishtirok etdi. Siyosatshunos Hamid Sodiq muallif bu kitobni taqdim etarkan, o‘z zimmasiga katta mas’uliyat olganini ta’kidladi:

Kitob ma’lum bir siyosiy vaziyatni belgilab qo‘yishga xizmat qiladi. Ma’lum bir davrga intellektual baho berish – politologiyada bu juda muhim. Publitsistik maqolalarda, ayrim podkastlarda aytilgani bilan, kitob – butunlay boshqa masala. Kitob siyosiy institutlarimiz bajarmayotgan ish – siyosiy islohotlar orqaga ketib qolmasligi, uni yuqoriga intilishga undash uchun joriy holatni “mixlash” (politologik tilda “demokratik ankerlash”)ni bir o‘zi bajarmoqchi bo‘ldi va bu – judayam xavfli.

Bu kitobni Kamoliddin akadek inson yozgani ham muhim, chunki u jamiyat tarafida turadigan shaxs. Aynan mana shu xususiyati kitobda ko‘ringan. Albatta, hali siyosiy rejimning tabiati fundamental o‘zgarib ketgani yo‘q. Bunday sharoitda ushbu kitobni yozgan inson ma’lum bir mas’uliyatni ham zimmasiga olganini ko‘ryapmiz. Kitob, uning mavzusi va muallifning keyingi karerasi xuddiki birlashib ketganday, endi bular bir-biriga javob beradiganday”.

Kitob muharriri Komron Chegaboyev vatandoshlik jamiyatini qurishda bu kabi siyosiy adabiyotlarning ahamiyati kattaligini ta’kidladi:

Oxirgi yillarda siyosiy yo‘nalishdagi kitoblar ko‘p chiqyapti va bu juda yaxshi. Siyosatshunoslik fanining asosini tashkil qiladigan o‘ndan ortiq kitoblar oxirgi bir necha yilda o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Mana, endi o‘zbek siyosatshunosi ham ilk kitobini taqdim etyapti. Unda muallif O‘zbekiston mustaqillik yillarida hozirgacha bosib o‘tgan yo‘lni tahlil qilib, bu yo‘lda bir tomondan boshqaruvdagi shaxsning o‘rni, ikkinchi tomondan jamiyatning mas’uliyati haqida mulohazalar bildiradi.

Siyosiy kitoblarning ko‘payib borishi judayam quvonchli, chunki biz qariyb 40 millionlik katta xalqmiz.Mana shu katta xalq endi tom ma’noda siyosiy millatga ham aylanishimiz kerak. Siyosiy millatga aylanish erkinliklarni taqozo qiladi, erkinlik esa o‘z-o‘zidan bu mas’uliyat ham degani. Kitob mualifi 2016 yildan keyin erkinliklar doirasi kengayganini e’tirof etib, endi jamiyatni imkon qadar hikmat bilan, donishmandlik bilan ish yuritishga chaqirgan”, – deydi u.

“Erkin millat poydevori” kirill va lotin yozuvidagi o‘zbek tilida, shuningdek, rus va ingliz tillarida chop etilgan.

Гулмира Тошниёзова
Muallif Гулмира Тошниёзова

Mavzuga oid