Jamiyat | 16:40
3586
8 daqiqa o‘qiladi

 “Hokimiyat suv bermasdan, endi yerimni olib qo‘ymoqchi” - karmanalik fermer

Navoiy viloyati Karmana tumanidan murojaat qilgan fermer Mavluda Sobirova hokimiyatning “yerni topshir” degan bosimidan arz qildi. U g‘o‘zani sug‘orish uchun suv berilmagani oqibatida rejani bajarolmagan. “Vazirlikka yig‘lab chiqib, suv olaman. Shunda ham hamma to‘rt marta sug‘organida, men ikki martagina suv ololdim. Kim zo‘r bo‘lsa, o‘sha oladi suvni”, deydi u. Fermer yersiz qolsa, qarzlarini yopolmaydi.

“Fermerchilikni 2015 yilda, 60 gektar yer bilan boshlaganman. Texnika olganman. Lizingga olgan traktorimni to‘lab bo‘ldim. Tomchilatish qildik. Hammasi yaxshi ketayotgandi. Ammo yaqinda, yoqmay qoldimmi yo ko‘ngli to‘lmadimi hokimimizning, yerimni zaxiraga topshirishni talab qilyapti.

Zaxiraga topshir, deydi. Davlatdan qarzdorligim nima bo‘ladi? Lizingdan qarzimiz bor, tomchilatishdan qarzimiz bor. Hozir men yerni topshirsam, ertaga qarzdorlikni qanday to‘layman? Hozir yerimni olib qo‘ysa, u mening ishimni ham, bolalarimning kelajagini ham olib qo‘yadi-ku! Men qayerdan boqaman ularni? Yolg‘iz ona bo‘lsam.

Og‘ir operatsiya bo‘lganman uch yil oldin. Shuning orqasidan orqaga ketib qoldim ozgina. Agar men kasal bo‘lmaganimda, planlari to‘ldirib, olg‘a ketar edim”, – deydi Mavluda Sobirova.

Biz bilamiz, ko‘pchilik fermerlar xuddi sizning ahvolingizda. Qarzdorlik qanday hosil bo‘lyapti?

– Vazirlikka yig‘lab chiqib suv olaman. Hammaning yeri to‘rt marta suv ichsa, mening yerim ikki marta suv ichdi. Bir dalam bir marta suv ichdi hatto! Shu sabab hosil yaxshi chiqmayapti, qarzni yopa olmayapmiz. Xarajatimizni qoplamay qolyapti. Kerakli vaqtda suv bera olmayapman. Ming dori bersak ham, qancha texnika yursa ham, suv ichmasa, baribir paxta yaxshi hosil bermaydi. Paxta nobud bo‘lyapti.

Suvni fermerlarga yetkazish kimning vazifasi?

– Irrigatsiya bo‘liminiki.

Nega ular yetkazib bermayapti?

– Telefonimizni ko‘tarishmaydi hatto. Fermerlar guruhi bor tumanimizda, u yerda yozsam, meni bloklab tashlaydi. Vazirlikka, irrigatsiya bo‘limining portaliga chiqib, yig‘lab, suv olganman.

Suv yetarlicha yetkazib berilmayapti. Lekin reja talab qilinyapti.

– Shunday.

Reja hali ham bormi? Reja yo‘q degan gaplar, demak, bekor gap?

– Bitta emas, ikkita reja bor. Fyuchers bor, forvard bor. Fyuchers – birja orqali sotayotgan birinchi shartnomamiz bor, ikkinchisi – hokimiyat tomonidan qo‘yilgan shartnoma. 2026 yil paxtasini birjaga qo‘ydik, 45 sentnerdan. Ustiga yana 7 sentner qo‘yishdi, 52 sentner bo‘ldi jami. 52 sentnerdan paxta yetkazib berishimiz kerak 2026 yilda.

Kim zo‘r bo‘lsa, o‘sha suvni oladi, tamom. Men ayol bo‘lsam, kechasi ham yuraman erkaklar qatori, lekin ulardan suvni o‘tkazib kelish juda qiyin.

Dardlaringizni eshitadigan kimdir bormi? Mana, siz shartnomangizni bajarishingiz kerak, to‘g‘rimi? Lekin suv yetkazib berilmayapti. Shartnomani bajarishga imkon berilmayapti.

– Shunday bo‘lyapti.

Dardingizni eshitadigan bormi, qaysidir bir idora?

– Hech kim eshitmaydi.

Deylik, hozir hokimga telefon qilaman-da, nima bo‘lyapti, deb so‘rasam, nima deydi hokim, nima deb o‘ylaysiz?

– Plan bajara olmaydi, qo‘lidan kelmaydi, olish kerak, deb aytadi. Lekin men shudgorimni ham joyida qilib qo‘yganman, arig‘imni ham kovlaganman, mevali daraxtni ham ekkanman, texnikalarni remont qilib qo‘yganman. Mendan ahvoli og‘ir fermerlar bor. Birorta texnikasi yo‘q fermerlar bor. Men o‘tgan yili hokimning aytganlarini hurmat qilib, yangi – 76-10 sxemadagi Xitoy seyalkasini oldim. Hozir mening yerimni olib qo‘ysa, ertaga davlat oldidagi qarzimni qanday to‘layman? Tomchilatishdan qarzim bor, lizingdan qarzim bor.

Kasal bo‘lgan vaqtim bironta hokimiyatga yo mahallaga bormaganman, “men kasal bo‘ldim, pul beringlar”, deb. Og‘ir kasal bo‘lgan vaqtim pul yetmaganligi uchun yashayotgan xonadonimni sotganman. Hozir men dala shiyponida yashayman. Boquvchim yo‘qligi sababli yashash xonadonimni sotganman.

Fermer ham tadbirkorlik sub’yekti hisoblanadi.

– Shunday.

Siz ham ishlab chiqaruvchisiz. Paxta yetishtirasiz. Mantiqan olganda, hokimiyat bu yerda nega kerak sizga?

– Hokimiyat... Bilmadim. Hokimiyat bizga topshiriq beradi. Masalan, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha hokim o‘rinbosari bor, undan tashqari tuman hokimi bor. Hozir tuman hokimi aralashayotganiga o‘zim hayronman. Endi boshidan aralashib keladi-da hokimlar.

Hozir paxta ekish uchun bizga imtiyozli kredit ajratishi kerak bank. Lekin hokim topshirig‘i bilan, bermayapti. Hokim qachonki “mayli, shunga chiqar”, deb aytsa, menga chiqarishi mumkin, busiz ololmaysiz kredit. Kredit ololmasam, hokim ruxsat bermasa, men paxtani qanday yetishtiraman? Chigit olishim kerak, neft mahsuloti olishim kerak, hammasini cho‘ntagimdan qilolmayman.

Yerga o‘rganib qolganman, farzandimdek narsa men uchun. Juda yaxshi ko‘raman yerni. Juda zavq bilan ishlagandik, mehr bilan o‘sha yerga. Hozir yerni topshir degan bo‘lsa ham, men har kuni yerning ichidaman. Mana, kecha ham 150 tadan ziyod mevali daraxt ekdim niyat qilib yana. Ariqlarimni kovlattirdim, “tutlarimni bosma”, deb traktorchiga iltimos qildim. Bug‘doylarni ham ekdim, shudgorda yurdim, texnikaning ichida o‘zim ham yurdim qo‘shilib.

Mana, yaqinda muhtaram prezidentimiz ham ustoz-shogird an’anasini oldinga surdilar. “Qoloq fermerga ilg‘or fermerni qo‘sh, qoloq fermerni ilg‘or fermer yetaklasin” – dedi. “Yerni ol” deganlarini eshitmadik lekin. Katta-katta, yoshi katta fermerlar bor, ustoz-shogird qilsin bizni, tushunmaganimizni o‘rgatsin, agronomlik qilsin. Yo‘q, hech kim eshitmaydi bizni.

Hokim izohi

Biz Karmana tumani hokimi Shohrux Boltayev bilan telefon orqali bog‘landik.

“Yer – davlatniki. Fermer xo‘jaliklari ijara shartnomasi asosida faoliyat yuritadi. Bir marta emas, ikki marta emas, yillar mobaynida rejani bajarmaydigan, fermer xo‘jaligini tashkil etishda tartibga, qoidaga umuman rioya qilmaydigan, yerni talon-toroj qilgan holatlar yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazilyapti. Qo‘shimcha rejalar qo‘yilyapti.

[Yerni zaxiraga qaytarish] qonunchilik asosida qilinadi. Qonunchilik bugungi kunda qanaqa taqozo qilsa, shunday tartibda bo‘ladi”, dedi tuman rahbari.

Shokir Sharipov tayyorladi.

Шокир Шарипов
Tayyorlagan Шокир Шарипов

Mavzuga oid