Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Orban: Vengriya RFga qarshi 20-sanksiyalar paketini to‘sib qo‘yadi
Vengriya bosh vaziri Kiyevning “Drujba” quvuri orqali neft o‘tkazishni to‘xtatgani munosabati bilan javob choralarini tilga oldi. YeI RFga qarshi 20-sanksiyalar paketini 23 fevral kuni - urush boshlanganining to‘rt yilligi arafasida ma’qullamoqchi.
Ukraina “Drujba” neft quvuri orqali neft o‘tkazishni to‘xtatgani sababli Vengriya Rossiyaga nisbatan Yevropa sanksiyalarining 20-paketini bloklaydi. Bu haqda Vengriya bosh vaziri Viktor Orban 22 fevral, yakshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
“Drujba” neft quvuri yopiq turgan paytda biz qo‘l qovushtirib o‘tirmaymiz. Vengriyaga yonilg‘i yetkazib berishni ta’minlaymiz va yetkazib berish qayta tiklanguncha zarur javob choralarini ko‘ramiz”, — deb yozdi Orban.
Vengriya bosh vaziri tilga olgan boshqa choralar orasida — Ukrainaga dizel yonilg‘isi yetkazib berishni to‘xtatish va unga “har qanday harbiy kreditlarni berishdan bosh tortish” bor.
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketini 23 fevral kuni Tashqi ishlar bo‘yicha kengash yig‘ilishida — Ukrainadagi urush boshlanganining to‘rt yilligi arafasida — tasdiqlashni rejalashtirmoqda.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibixa avvalroq “Drujba” neft quvuri orqali yetkazib berish 27 yanvardan beri to‘xtatilganini Vengriyaning Ukraina hududidagi quvur uchastkasiga Rossiya zarba berganini “yashirgani” bilan izohlagan edi. Bunga javoban Budapesht ukrain tomoni go‘yo o‘sha quvur uchastkasida elektr ta’minotini o‘chirib qo‘yganini aytdi. Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso 15 fevral kuni Ukraina eksportni qayta tiklashni ataylab cho‘zayotganini aybladi.
Vengriyaning MOL neft-gaz kompaniyasi 16 fevral kuni mamlakat Energetika vazirligiga strategik zaxiralardan taxminan 250 ming tonna neft ajratishni so‘rab murojaat qildi.
O‘z navbatida, Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso Kiyev 23 fevralga qadar “Drujba” neft quvuri orqali Rossiya nefti tranzitini qayta tiklamasa, Ukrainaga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatishi mumkinligini aytdi.
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Fitso va Orbanning Kiyevga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatish haqidagi tahdidlarini “shantaj” deb atadi.
Vengriyaning Vilaggazdasag (VG) nashri ma’lumotlariga ko‘ra, ukrain tomoni avvalroq “Drujba” orqali Rossiya neftini yetkazib berish hozircha faqat Slovakiyaga tiklanishini ma’lum qilgan, ammo aniq sanalar aytilmagan.
Mavzuga oid
09:35
MAKS aviakosmik ko‘rgazmasi yana bir yilga qoldirildi
16:23 / 11.06.2026
Armaniston hukumati geosiyosiy kursini o‘zgartirish uchun xalqdan mandat oldi - siyosatshunoslar
14:20 / 11.06.2026
Rossiyadan ketgan fuqarolarning mol-mulki xatlanishi mumkin
18:53 / 10.06.2026