Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh va RF Jyenevada yadroviy qurollar bo‘yicha shartnomani muhokama qildi
23 fevral kuni AQSh va Rossiya yadroviy qurollarni nazorat qilish bo‘yicha ehtimoliy shartnoma haqida muzokaralar o‘tkazdi. Reuters va AFP ma’lumotlariga ko‘ra, ertasi kuni Amerika delegatsiyasida Xitoy vakillari bilan uchrashuv rejalashtirilgan.
Rossiya va AQSh vakillari yadroviy qurollarni nazorat qilish bo‘yicha ehtimoliy shartnomani muhokama etish uchun dushanba, 23 fevral kuni Jyenevada uchrashuv o‘tkazdi. Seshanba kuni Amerika delegatsiyasi va Xitoy vakillari o‘rtasida ham shunga o‘xshash muzokaralar rejalashtirilgan. Bu haqda Reuters va AFP agentliklari AQSh Davlat departamentining yuqori lavozimli xodimiga tayanib xabar bermoqda.
AQSh bir vaqtning o‘zida uch davlat ishtirokida “keng qamrovli shartnoma” tuzilishini talab qilmoqda. Bu hujjat bo‘yicha muzokaralar 5 fevral kuni muddati tugagan Strategik hujum qurollarini qisqartirish shartnomasi (SHQ-3) amal qilishdan chiqqach boshlangan. SHQ-3 AQSh va Rossiya tomonidan 2010 yilda imzolangan edi.
Ikkala agentlik manbalari, shuningdek, AQSh tomoni fevral oyida Buyuk Britaniya va Fransiya bilan ham shunga o‘xshash ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazganini ko‘rsatadi. Bu davlatlar faqat yadroviy arsenalga ega bo‘libgina qolmay, Rossiya, AQSh va Xitoy bilan birga BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari ham hisoblanadi. Agentliklar suhbatdoshiga ko‘ra, muzokaralar “yaxshi” o‘tgan, AQSh tomonida kayfiyat optimistik.
Yadroviy qurollar ustidan nazoratni muhokama qilishda Buyuk Britaniya va Fransiya ham qatnashishi kerakligini 6 fevral kuni — SHQ-3 shartnomasi muddati tugaganidan keyingi kuni — Rossiyaning Jyenevadagi BMT bo‘limi va boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakili Gennadiy Gatilov aytgan.
«Agar gap chindan ham yadroviy qurollar ustidan nazorat bo‘yicha ko‘p tomonlama muloqot, ayniqsa yadroviy qurollarni ko‘p tomonlama qisqartirish haqida ketsa, Rossiya uchun NATO doirasida AQShning harbiy ittifoqchilari hisoblangan Buyuk Britaniya va Fransiyani bunday hamkorlikka jalb qilish prinsipial ahamiyat kasb etadi», — degan u. U Jyenevada 19 yanvardan 27 martgacha o‘tayotgan Qurolsizlanish konferensiyasida nutq so‘zlagan.
AFP qayd etishicha, fevral oyi boshlarida AQSh Vashingtonda Rossiya va Xitoy bilan “tayyorlov uchrashuvlari” o‘tkazgan. Agentlik yozishicha, Jyenevadagi muzokaralar ularga nisbatan “biroz mazmunliroq” bo‘lgan. Shu bilan birga, Xitoyning qurolsizlanish masalalari bo‘yicha elchisi Shen Tszyan avvalroq o‘z mamlakati hozircha Rossiya va AQSh bilan muzokaralarda ishtirok etmasligini aytgan. U Pekindagi yadroviy qurollar zaxirasi Moskva va Vashingtondagidan ancha kam ekanini ta’kidlagan.
Shu orada, 21 fevral kuni CNN amerikalik manbalarga tayanib, AQSh hukumati Xitoyni yadroviy qurolning yangi avlodini ishlab chiqishda va 2020 yil iyun oyida kamida bitta maxfiy yadroviy sinov o‘tkazgan bo‘lishi mumkinligida shubha qilayotganini xabar qildi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, gap bir nechta mayda yadroviy jangovar qismlarni olib yura oladigan raketa tizimlarini yaratish, shuningdek, kam quvvatli taktik yadroviy qurolni ishlab chiqish haqida ketmoqda.
Mavzuga oid
22:34 / 12.06.2026
Tulsi Gabbard AQSh biolaboratoriyalari haqidagi ma’lumotlarni oshkor qildi
20:26 / 12.06.2026
Trampning shov-shuvli smartfoni Xitoy telefonining to‘liq nusxasi bo‘lib chiqdi
20:03 / 12.06.2026
Eron AQSh bilan kelishuv doirasida tiklanish uchun 300 milliard dollar talab qildi
18:11 / 12.06.2026