Iqtisodiyot | 19:05
1380
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston davlat qarzining o‘sishi oxirgi yillarda qanday o‘zgardi?

2026 yilning 1 yanvar holatiga O‘zbekistonning davlat qarzi 46,8 mlrd dollarga yetdi. Davlat qarzining 39,8 mlrd dollari – tashqi qarz, 7 mlrd dollari esa – ichki qarz. Davlat qarzi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,6 mlrd dollar yoki 16,5 foizga oshdi. O‘zbekistonning eng yirik kreditorlari – Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki bo‘lib qolyapti. Qarzning 64 foizi dollarda, 12 foizi so‘mda, 9 foizi yevroda jalb qilingan.

Foto: REUTERS

2025 yilning yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi 46,8 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hisobotida keltirilgan.

O‘tgan yil davomida davlat qarzi 6,6 mlrd dollarga yoki 16,5 foizga ko‘paydi. Bunda davlat tashqi qarzi 6,1 mlrd dollarga o‘sib 39,8 mlrd dollarga, davlat ichki qarzi 542 mln dollarga o‘sib, 7 mlrd dollarga yetgan.

O‘zbekiston davlat qarzi 2019-2025 yillar oralig‘ida quyidagicha o‘zgargan:

  • 2019 yil –17,8 mlrd dollar (+19,4 foiz);
  • 2020 yil – 23,4 mlrd dollar (+31 foiz);
  • 2021 yil – 26,3 mlrd dollar (+12,6 foiz);
  • 2022 yil –29,2 mlrd dollar (+11 foiz);
  • 2023 yil – 34,5 mlrd dollar (+19,5 foiz);
  • 2024 yil – 40,2 mlrd dollar (+15,1 foiz);
  • 2025 yil – 46,8 mlrd dollar (+16,5 foiz).

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, jon boshiga davlat qarzi 1225 dollarni tashkil etdi.

Jalb qilingan qarz mablag‘lari nimaga ishlatilgan?

Hisobot davri yakuniga ko‘ra, jami davlat tashqi qarzining 50 foizi (19,8 mlrd dollar) budjetni qo‘llab-quvvatlashga, 14 foizi (5,6 mlrd dollar) yoqilg‘i-energetika sohasiga, 8 foizi qishloq va suv xo‘jaligiga (3,3 mlrd dollar), 8 foizi (3 mlrd dollar) transport va transport infratuzilmasiga, 8 foizi uy-joy kommunal xo‘jaligiga (3,1 mlrd dollar) yo‘naltirilgan.

O‘zbekiston kimlardan qarz olgan?

2026 yil 1 yanvar holatiga davlat tashqi qarzining asosiy qismi quyidagi tashkilotlardan jalb qilingan:

  • Jahon banki — 8,9 mlrd dollar;
  • Osiyo taraqqiyot banki — 8,3 mlrd dollar;
  • Xalqaro investorlar (xalqaro yevrobondlar) — 5,8 mlrd dollar;
  • Xitoy moliya tashkilotlari – 3,9 mlrd dollar;
  • Yaponiya moliya tashkilotlari — 3 mlrd dollar;
  • Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki — 2,3 mlrd dollar;
  • Fransiya moliya tashkilotlari – 1,3 mlrd dollar;
  • Islom taraqqiyot banki — 1 mlrd dollar;
  • Germaniya davlat banki — 739 mln dollar;
  • Koreya moliya tashkilotlari — 722 mln dollar;
  • Xalqaro valuta jamg‘armasi — 628 mln dollar;
  • Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki — 457 mln dollar;
  • Boshqa moliyaviy tashkilotlar — 2,5 mlrd dollar.

Tashqi qarzning valuta tarkibi quyidagicha: dollardagi kreditlar — 64 foiz, o‘zbek so‘midagi — 12 foiz, yevrodagi – 9 foiz, yapon iyenasidagi — 6 foiz, yuandagi — 3 foiz.

Avvalroq, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov tashqi qarz masalasi ko‘p muhokamalarga sabab bo‘layotganini aytib, bu masalaga quyidagicha izoh bergandi.

«Davlat qarzi ijtimoiy tarmoqlarda muhokama bo‘lyapti. O‘sib borayotgan iqtisodiyotimiz ko‘p mablag‘ga muhtoj. Tashqi investitsiyalar, DXSh asosidagi loyihalardan ham mablag‘lar kirib kelyapti. Davlat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq xarajatlar, ichimlik suv, yo‘l, infrastruktura, shuningdek, mudofaa qobiliyati, chegaralarimiz xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini tashqi qarz evaziga qoplashga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonning istalgan eng chekka hududlarida ham uy-joylarni tadbirkorlar quryapti. Tadbirkorlarda odamlar ipoteka olib, uyni sotib oladi, degan ishonch bor. Ipoteka muddati uzoq va banklarni ipoteka bilan qoplash mablag‘lari ham chet eldan olib kelinadi. Bu tashqi qarz mablag‘larimiz oshishiga olib keladi», – degandi vazir.

Ma’lumot uchun, budjetnomada 2025 yilda jalb qilinadigan tashqi qarzning cheklangan hajmi 5,5 mlrd dollar edi. Shundan 3 mlrd dollari davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun, qolgan qismi esa investitsiya loyihalariga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgandi.

Umumiy tashqi qarz – 75 mlrd dollar

Tashqi qarz ikki turga bo‘linadi: davlat qarzi va xususiy (korporativ) qarz. Ayni paytda O‘zbekistonning davlat qarzi 47 mlrd dollar, bu haqda yuqorida batafsil yozdik. O‘z navbatida, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan sub’yektlar davlat kafolatisiz tashqi qarz olsa, bu xususiy tashqi qarz deya qayd etiladi. Shunday bo‘lsa-da, bunday «xususiy» qarzlarning katta qismi davlatga tegishli kompaniyalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Masalan, O‘zsanoatqurilishbank, Asakabank va Aloqabank Xitoy banklaridan kredit olib, yangi binolar qurdi.

Agar O‘zbekistondagi davlat banki yoki korxonasi o‘z nomidan va davlatning rasmiy kafolatisiz qarz olsa, bu xususiy qarz hisoblanadi. Lekin bu qarz davlat banki tomonidan olinayotgani sababli uni «yarim davlat» yoki «kvazi-davlat» qarzi sifatida ham tasniflash mumkin, chunki qarz oluvchi – davlatga tegishli yoki davlat tomonidan nazorat qilinadigan tashkilot. Bu qarz davlat qarziga kirmaydi, lekin davlatning moliyaviy barqarorligiga ta’sir qilishi mumkin, ayniqsa, davlat korxonasi olgan qarzini qoplashda qiyinchilikka duch kelgan paytda.

2025 yil 1 oktabr holatiga O‘zbekistonning mana shu umumiy tashqi qarzi 75,4 mlrd dollarni tashkil qilyapti.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров

Mavzuga oid