Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sanksiyalarni chetlab o‘tish: Bryusselda rossiyaliklarga nisbatan sud boshlanadi
Belgiyada kelib chiqishi rossiyalik bo‘lgan uch nafar Belgiya fuqarosi Belgiya kompaniyalari orqali Rossiyaga sanksiya ostidagi tovarlarni eksport qilish ishida figurant bo‘lib turibdi. Figurantlardan biri hibsga olingan, uning o‘g‘li esa qidiruvda.
Bryussel jinoyat ishlari sudi rossiyalik uch nafar shaxsga nisbatan Yevropa Ittifoqining sanksiyalari buzilgani haqidagi ishni ko‘rib chiqadi. Jinoyat ishlari bo‘yicha palata federal prokuratura xulosalarini qo‘llab-quvvatladi va ish bo‘yicha ayblov xulosasini sudga yo‘lladi, deb xabar berdi prokuratura dushanba, 23 fevral kuni DW’ning Bryusseldagi muxbirining so‘roviga javoban.
Kelib chiqishi rossiyalik bo‘lgan Belgiya fuqarolari Ukrainaga qarshi RF urushi sabab joriy etilgan Yevropa sanksiyalarini Belgiya kompaniyalari orqali chetlab o‘tishda gumonlanmoqda.
Prokuratura ularning to‘liq ism-sharifini aytmadi, faqat bosh harflari va yoshini ko‘rsatdi. Gap V.L. (1961 yilda tug‘ilgan) va uning o‘g‘li R.L. (1988 yilda tug‘ilgan), shuningdek I.P. (1984 yilda tug‘ilgan) haqida ketmoqda. Ayblanuvchilardan kattasi hozirda tergov izolyatorida saqlanmoqda. Uning o‘g‘li xalqaro hibs orderi orqali qidirilmoqda. Uchinchi ayblanuvchi esa muayyan taqiqlarga rioya qilish sharti bilan garov evaziga ozod qilingan.
Ish figurantlariga, jumladan, jinoiy tashkilotda ishtirok etish, shuningdek Bryussel qarorining mudofaa mahsulotlari va ikki maqsadli (dual-use) tovarlar eksportiga oid 42-moddasini buzish ayblari qo‘yilmoqda. Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, ular Yevropa Ittifoqi 2014 yilda RFga nisbatan joriy etgan sanksiyalar doirasiga tushuvchi qator tovarlarni Rossiyaga eksport qilish uchun javobgar hisoblanadi. Ular orasida temir alyuminidlari, ittriy oksidi va portlovchi moddalar tarqalishini aniqlash detektorlari bor.
Ayblov xulosasida aytilishicha, ayblanuvchilar eksportning mohiyatini yashirish va mas’uliyatni niqoblash uchun qalbaki hujjatlardan foydalangan. Prokuraturaga ko‘ra, ularga nisbatan sud jarayoni yaqin orada boshlanadi.
Bir necha kun oldin The Insider nashri Belgiya federal prokuraturasiga tayanib, RF Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh boshqarmasi (GRU) ehtimoliy xodimi Viktor Labin hibsga olinganini xabar qildi. U Rossiya mudofaa sanoati uchun mo‘ljallangan o‘lchash mashinalarini eksport qilishda gumonlanmoqda. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, Belgiya politsiyasi Labinga nisbatan tintuv ishlarini 2025 yil iyun oyida o‘tkazgan. Shundan beri u hibsda, ishi bo‘yicha sud 26 fevral kuni boshlanishi aytilgan.
Katta Labin The Insider’ning RFga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tish sxemalari haqidagi surishtiruvida ham figurant sifatida tilga olinadi. U Belgiyada o‘g‘illari Roman va Ruslan bilan birga biznes yuritgan, Groupe d'Investissement Financier kompaniyasini ta’sis etgan. Kompaniya Rossiyaning harbiy pudratchilariga yuqori texnologiyali uskunalar yetkazib berishga ixtisoslashgan. Tovarlarning oxirgi qabul qiluvchisi sifatida Moskvada ro‘yxatdan o‘tgan “Sonatek” MChJ ko‘rsatilgan, uning egalari ham Labinlar oilasi bo‘lgan.
Moskvadagi kompaniya Rossiya harbiy-sanoat majmuasining 18 ta korxonasiga mahsulotni yetkazib berish va unga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatgan. Viktor Labin Moskvada Narodnogo Opolcheniya ko‘chasidagi GRU akademiyasi yotoqxonasida rasmiy ro‘yxatda turgan, keyin esa Zelenogradda, kvartiralarning bir qismi harbiy xizmatchilarga berilgan uyga ko‘chib o‘tgan. Uning Yevropaga aniq qachon ko‘chgani noma’lum, ammo kamida 2000 yildan beri u Bryusselda yashagani va tadbirkorlik bilan shug‘ullangani aniqlangan.
Mavzuga oid
08:33 / 05.06.2026
AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kengaytirish sari qadam tashladi
08:56 / 28.05.2026
Ehtiyot choralarini bekor qilish vakolati faqat sudga o‘tkazilishi mumkin
18:03 / 19.05.2026
Qirg‘izistonda sanksiyalar tahdidi tufayli 50 ta korxona tugatildi
19:43 / 18.05.2026