Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
YeI kengashi Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketini qabul qila olmadi
YeIning bosh diplomati Kallas Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketini qabul qilish masalasida YeI mamlakatlari to‘liq kelishuvga kela olmaganidan afsus bildirdi. Rossiyaning Ukrainaga to‘liq ko‘lamli bosqinining to‘rt yilligi arafasida sanksiyalar qabul qilinmagani munosabati bilan ish davom ettirilmoqda.
Yevroittifoq davlatlari tashqi ishlar vazirlari Bryusselda o‘tgan uchrashuvda Rossiyaga qarshi 20-sanksiyalar paketini qabul qila olmadi. YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas YeI Kengashining dushanba, 23 fevral kuni bo‘lib o‘tgan majlisidan keyin, a’zo mamlakatlar orasida yakdil pozitsiya yo‘qligidan afsus bildirdi.
«Bu muvaffaqiyatsizlik va biz yubormoqchi bo‘lgan signal emas», — dedi u, qaror Rossiyaning Ukrainaga to‘liq ko‘lamli bosqini boshlanganiga to‘rt yil to‘lishidan oldingi kunda qabul qilinmaganiga e’tibor qaratgan holda.
Yevropa diplomatiyasi rahbari Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni qat’iylashtirish ustida ishni davom ettirishga va bu choralar zarurligiga Vengriya hamda Slovakiya rahbariyatini ishontirishga va’da berdi. «Biz avval ham shunday ssenariylarga duch kelganmiz va birga yechim topa olganimizni ko‘rganmiz. Hozir biz bu choralar paketi bo‘yicha olg‘a siljish uchun venger va slovak hamkasblarimiz bilan turli darajalarda muloqot qilyapmiz», — dedi Kallas.
Uning aytishicha, YeI Ukrainaga qo‘llab-quvvatlash davom etishi va Rossiyaga bosim kuchaytirilishi haqida aniq signal berishi kerak. Rossiya qo‘shni davlatga qarshi urushni to‘xtatishi lozim, dedi u.
O‘z navbatida, Ukraina tashqi ishlar vaziri Andriy Sibixa Vengriya va Slovakiyani «konstruktiv hamkorlik va mas’uliyatli harakatlarga» chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, bu ikki davlat Yevropa Ittifoqini «garovda ushlab turish»ni to‘xtatishi kerak.
Bundan oldin Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Ukraina “Drujba” quvuri orqali neft uzatishni to‘xtatgani sabab, mamlakat 20-sanksiyalar paketini bloklashini aytgan. «Drujba» quvuri yopiq turgan paytda biz qo‘l qovushtirib o‘tirmaymiz. Vengriyaga yonilg‘i yetkazib berishni ta’minlaymiz va yetkazib berishlar tiklanmaguncha zarur qarshi choralarni ko‘ramiz», — deb yozgan Orban X ijtimoiy tarmog‘ida.
Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso ham “Drujba” orqali neft uzatish to‘xtatilganini tanqid qildi va agar Kiyev tranzitni tiklamasa, Ukrainaga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatishi mumkinligini ogohlantirgan.
Yevropa komissiyasi fevral oyi boshida Rossiyaga nisbatan 20-sanksiyalar paketi bo‘yicha o‘z taklifini taqdim etgan. Jumladan, YeI Rossiya nefti eksporti uchun dengiz xizmatlarini to‘liq taqiqlashni, shuningdek Rossiya uchun tankerlar sotib olishni qiyinlashtirishni rejalashtirmoqda. Sanksiyalarning ikkinchi blokida YeI Rossiyaning bank tizimiga bosimni kuchaytiradi. Choralar sanksiya ostidagi tovarlar bilan noqonuniy savdoga ko‘maklashayotgan uchinchi mamlakatlardagi banklarga ham ta’sir qilishi kerak.
Uchinchi blok savdo cheklovlarini yanada qat’iylashtirishni ko‘zda tutadi. YeI 360 mln yevrodan ortiq summaga turli tovar va xizmatlarni eksport qilishga yangi taqiqlar joriy etmoqchi — rezina va traktorlardan tortib kiberxavfsizlik sohasidagi xizmatlargacha. Shuningdek, 570 mln yevrodan ortiq summaga metallar, kimyoviy mahsulotlar va muhim minerallarga nisbatan yangi import cheklovlari hamda portlovchi moddalar ishlab chiqarish uchun materiallarini o‘z ichiga olgan harbiy maqsaddagi tovar va texnologiyalar eksporti bo‘yicha qo‘shimcha taqiqlar ham kiritilmoqda.
Bundan tashqari, YeI ilk bor sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi maxsus instrumentni ishga tushirib, stanoklar va radiostansiyalarni Rossiyaga qayta eksport qilish xavfi yuqori bo‘lgan mamlakatlarga eksport qilishni taqiqlashni ko‘zlamoqda. Yevrokomissiya, shuningdek, sanksiyalar qo‘llanishi oqibatida Rossiyada intellektual mulk huquqlari buzilishi yoki adolatsiz ekspropriatsiyadan himoya qilish uchun YeI kompaniyalariga qo‘shimcha huquqiy kafolatlarni kuchaytirishni taklif qilgan. Sanksiyalar joriy etilishi uchun YeI a’zolarining barchasi yakdil bo‘lishi shart.
Mavzuga oid
09:35
MAKS aviakosmik ko‘rgazmasi yana bir yilga qoldirildi
16:23 / 11.06.2026
Armaniston hukumati geosiyosiy kursini o‘zgartirish uchun xalqdan mandat oldi - siyosatshunoslar
14:20 / 11.06.2026
Rossiyadan ketgan fuqarolarning mol-mulki xatlanishi mumkin
18:53 / 10.06.2026