Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oramizdagi “Epshteynlar” yoxud bolalar pornografiyasi ortidagi qorabozor
O‘zbekistonda yopiq Telegram-kanallar orqali bolalar ishtirokidagi pornografik materiallar tarqatilgani aniqlandi. Qo‘lga olinganlardan biri 3750 ta, yana biri 925 ta, boshqasi 403 ta shunday materiallarni tarqatgan. Xo‘sh, bunday “kontent” xaridorlari kimlar?
Foto: Internet Watch Foundation
Jinoyatchilar ham “hazar qiladigan” jinoyat
O‘zbekistonda yopiq Telegram-kanallar orqali bolalar ishtirokidagi pornografik materiallar tarqatilgani aniqlandi. Gumonlanuvchilardan biri 925 ta, yana biri 403 ta, yana boshqasi 3750 ta shunday materiallarni tarqatgan. Ulardan biri shuning ortidan qariyb 30 mln so‘m noqonuniy daromad qilgan. Bu raqamlar ortida og‘ir savol turibdi: nega bunday materiallarga talab bor va ular kimlar?
Keling, og‘ir bo‘lsa-da bu masala haqida biroz o‘rganamiz. Xalqaro amaliyotda “bolalar pornografiyasi” atamasi o‘rniga ko‘proq “Child Sexual Abuse Material” (CSAM), ya’ni bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik materiallari atamasi ishlatiladi. Chunki bu yerda gap yopiq kanallarda sotilayotgan “kontent” haqida emas, balki bolalarga qarshi sodir etilayotgan jinoyat haqida ketmoqda.
Kimlar asosiy talabgorlar?
Interpol va ECPAT International xalqaro tashkiloti tomonidan 2018 yilda e’lon qilingan hisobotda qayd etilishicha, bolalarning jinsiy ekspluatatsiyasi aks etgan videolarni tarqatish – internetda eng tez o‘sib borayotgan jinoyat turlaridan biri. Asosiy iste’molchilarning katta qismi – katta yoshli erkaklar bo‘lib, ko‘p holatda ular avval sudlanmagan, ijtimoiy hayotdagi “oddiy” odamlar bo‘lgani uchun biz ularni ajrata olmaymiz. Ularning talabi darknet va messenjerlardagi yopiq kanallar orqali shakllanadi.
Tadqiqotda tahlil qilingan materiallarning 84 foizida balog‘atga yetmagan shaxslarning ochiq jinsiy harakatlari aks etgan. Bu jinoyatchilarning qariyb 93 foizi erkaklar ekani qayd etilgan. Bu fotosurat yoki videolar bolalarning ishonch doirasiga kiruvchi shaxslar tomonidan tarqatilgan. Jabrlanuvchilar orasida qizlarning ulushi kattaroq, ammo o‘g‘il bolalar ulushi ham anchagina.
“Bir qancha sabablarga ko‘ra ma’lumotlar bazasida jabrlanuvchilar sonini aniqlash qiyinligicha qolmoqda. Kengroq aytganda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan hibsga olingan jinoyatchilar soni yoki onlayn tarzda aniqlangan materiallar umumiy jinoyat hajmining juda kichik qismini tashkil qiladi. Ko‘pgina jinoyatchilar ochilmay qoladi va hozirda biz bilganimizdan ko‘ra ko‘proq aniqlanmagan jabrlanuvchilar borligi e’tirof etiladi. Bu jabrlanuvchilarning aksariyati hech qachon huquqni muhofaza qilish organlari e’tiboriga tushmaydi”, deyiladi hisobotda.
Yevropa politsiyasi (Yevropol) tomonidan 2023 yilda e’lon qilingan “Internetdagi uyushgan jinoyatchilik tahdidlarini baholash” nomli hisobotda ham bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik materiallarini onlayn tarqatish kiberjinoyat muhitidagi eng barqaror va o‘sib borayotgan tahdidlardan biri ekani ta’kidlangan. Unda talabgorlar orasida oddiy foydalanuvchilar, oilali erkaklar, ishbilarmonlar ham bo‘lishi mumkinligi aytilgan.
Internet anonimligi jazosizlik hissini kuchaytiradi va bu jinoyatchi, talabgorlarga erkinlik yaratadi. Ayrim hollarda oddiy pornografiyadan og‘irroq materiallarga asta-sekin o‘tish ham kuzatiladi. Psixologlar bu jarayonni “eskalatsiya” deb ataydi, ya’ni talabgor shaxsda taqiqlangan va xavfliroq materiallarga bosqichma-bosqich o‘tishga rag‘batlar oshib boraveradi.
Terrordan xavfliroq masala
Yodingizda bo‘lsa, 2024 yilda Telegram messenjeri 15,3 millionga yaqin guruh va kanallarni bloklagan edi. O‘shanda bu kanallarning 702 mingtasi bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikka oid materiallar bo‘lgani uchun bloklangan. Terrorizm bilan bog‘liq materiallar sabab bloklangan kanallar soni 129 ta ekanini hisobga olsak, bu tahdid ko‘lam jihatdan terrorizmdan qolishmasligini sezamiz.
Huquqni himoya qilish organlari o‘z ishini qilishi bilan birga, jamiyat bu jirkanch holatga keskin reaksiya ko‘rsatishi, ijtimoiy va psixologik xabardorlikni kuchaytirish kerak. Ota-onalar va o‘quv muassasalari bolalarni internetdagi xavflardan himoya qilishi, onlayn xavfsizlik va shaxsiy hududni hurmat qilish haqida doimiy ma’lumotlar hamma joyda bo‘lishi lozim.
Chunki talab bor ekan, taklif paydo bo‘ladi. Taklif bor ekan, yangi jabrlanuvchilar paydo bo‘ladi va bolalarga nisbatan davomli jinoyatchilik yuz beraveradi.
O‘zbekistonda ham bu holatning qayd etilishi xavfli signal. Ayniqsa xalqaro jamiyat Epshteyn fayllari dahshatini hali hazm qila olmayotgan bir paytda. Bu – bolalar xavfsizligi, uyushgan kiberjinoyat tarmoqlari, shantaj va tovlamachilik zanjiri, xalqaro jinoiy moliyalashtirish kabi muammolarga nisbatan kompleks choralar zaruratini o‘rtaga chiqaradi.
Mavzuga oid
17:25 / 25.02.2026
Befarqlik ortidan fojia: Farg‘onadagi bog‘chada bolani yuqori kuchlanishli tok urdi
15:12 / 25.02.2026
Ukraina: Rossiya 20 ming bolani majburan ko‘chirgan yoki deportatsiya qilgan
11:13 / 24.02.2026
Bolalar pornografiyasini tarqatgan shaxslar ushlandi
17:47 / 16.02.2026