Jahon | 16:02
1110
3 daqiqa o‘qiladi

Luvrda “asr o‘g‘riligi”dan so‘ng direktor almashdi

Luvr direktori Lorans de Kar mashhur muzeydagi “asr o‘g‘riligi”dan to‘rt oy o‘tib lavozimini tark etdi. Uning o‘rniga avval Versal saroyiga rahbarlik qilgan Kristof Leribo tayinlandi.

Foto: Picture Alliance

Luvrning yangi direktori etib san’at tarixi bo‘yicha mutaxassis Kristof Leribo tayinlandi. U shov-shuvli muzey o‘g‘riligidan keyin iste’fo bergan Lorans de Karning o‘rnini egallaydi. Bu haqda Fransiya hukumati rasmiy vakili Mod Brejon chorshanba, 25 fevral kuni ma’lum qildi.

Bloomberg yozishicha, 62 yoshli Leribo mazkur tayinlovgacha Versal saroyiga rahbarlik qilgan, undan oldin esa Parijdagi Orse muzeyini boshqargan. Fransiya Madaniyat vazirligi uning asosiy ustuvor yo‘nalishlari muzey xavfsizligini mustahkamlash va uni modernizatsiya qilish bo‘lishini bildirdi. Prezident Emmanuel Makron avvalroq Luvrda 800 mln yevro qiymatida yangilash (renovatsiya) rejasini e’lon qilgan edi.

Parijdagi Luvr direktori Lorans de Kar butun dunyoga mashhur muzeydagi katta o‘g‘irlikdan to‘rt oy o‘tib iste’fo berdi. Yelisey saroyi seshanba, 24 fevral kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron uning iste’fosini qabul qilganini xabar qildi.

Bayonotda: “Dunyoning eng yirik muzeyiga hozir tinchlik va xavfsizlik hamda modernizatsiya sohasidagi muhim loyihalarni amalga oshirish uchun yangi kuchli turtkilar kerak”, — deyilgan.

Direktor iste’fosi 19 oktyabr kuni sodir etilgan “asr o‘g‘riligi” bo‘yicha parlament tergov komissiyasi hisoboti taqdim etilganidan keyin bir hafta ham o‘tmay ro‘y berdi. Hisobotda Luvr rahbariyati Fransiya qirollik regaliyalari o‘g‘irlanishida qisman mas’ul, deb topilgan. Komissiya rahbari Aleksandr Porte, de Karni nazarda tutgan holda, shunday dedi: “Boshqa mamlakatlar va muassasalarda bunday kamchiliklar ro‘yxati allaqachon iste’folarga olib kelgan bo‘lar edi”.

Turli tomonlardan tanqidga uchragan muzey direktori o‘g‘rilikdan keyingi kunning o‘zidayoq iste’fo berishni taklif qilgan, ammo o‘shanda Fransiya madaniyat vaziri Rashida Dati uning taklifini rad etgan edi. Endi esa iste’foni Makron qabul qildi.

Oktyabrda to‘rt nafar erkak Luvrdan Fransiya qirollik regaliyalarining bir qismini o‘g‘irlab ketgan, ularning nominal qiymati 88 mln yevro deb baholangan — eksponatlarning tiklab bo‘lmas tarixiy qiymati esa bundan ham yuqori. O‘g‘irlangan buyumlar hozirgacha topilmagan.

Voqeadan keyin muzey bir necha bor salbiy sarlavhalarga tushgan — xususan, bir necha marta suv bosish holatlari, ish tashlashlar, hamda 10 mln yevroga teng chiptalar bo‘yicha yirik firibgarlik gumonlari sabab.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid