O‘zbekiston | 10:33
5582
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qondagi uyda portlash yuzasidan jinoyat ishi ochildi

Hodisa oqibatida mazkur 4 qavatli uydagi xonadonlardan birida yashagan 19 yoshli fuqaro beton plita bosib qolishi oqibatida halok bo‘lgan.

Foto: Tergov departamenti

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida sodir bo‘lgan portlash yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda IIV Tergov departamenti xabar berdi.

«Bo‘ston» MFY hududida joylashgan to‘rt qavatli uyda 25 fevral kuni portlash sodir bo‘lib, yong‘in kelib chiqqani yuzasidan Farg‘ona viloyati IIB 2-mintaqaviy hudud Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi «a» bandi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyat ishi Tergov departamenti tomonidan nazoratga olingan.

Baxtsiz hodisa sabab mazkur uyda istiqomat qilgan, 2007 yilda tug‘ilgan fuqaro beton qoplama (plita) bosib qolishi sababli og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan. Boshqa shaxslarning jarohat olgani to‘g‘risida ma’lumot kelib tushmagan. Hodisa oqibatida bir necha xonadonga zarar yetgan.

Portlashning kelib chiqish sabablarini aniqlash va hodisa joyini ko‘zdan kechirish ishlariga kirishilgan. Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov tomonidan voqea joyida tergov-tezkor guruhi tuzilib, mas’ul xodimlarga zarur topshiriqlar berilgan.

Jumladan, hodisa joyini Jinoyat-protsessual kodeksi talablariga muvofiq hujjatlashtirish, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan narsa va buyumlarni olish, guvohlardan batafsil ko‘rsatmalar olish hamda boshqa zarur tergov harakatlarini amalga oshirish vazifalari yuklatilgan.

Eslatib o‘tamiz, Qo‘qon shahridagi ko‘p qavatli uyda 16 fevral kuni ham gaz portlagandi. Hodisa oqibatida 4 kishi turli darajada jarohatlanib, shahar tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan, ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, jabrlanganlardan biri shifoxonada vafot etgandi.
 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев

Mavzuga oid