Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kuba chegarachilari o‘qqa tutgan katerda amerikaliklar bo‘lgan
CNN xabar berishicha, Kuba chegarachilari tomonidan o‘qqa tutilgan katerda halok bo‘lgan to‘rt kishidan biri AQSh fuqarosi bo‘lgan. Yana bir amerikalik yaralangan va hozir Kubadagi shifoxonalardan birida davolanmoqda. Vashington voqeani tekshiruvdan o‘tkazmoqda.
Foto: Adalberto Roque/AFP
Floridadan chiqqan tezyurar katerda bo‘lgan to‘rt qurbondan biri AQSh fuqarosi ekani ma’lum bo‘ldi — Kuba chegarachilari o‘sha katerga o‘q ochgan. Bu haqda 26 fevral, payshanba kuni CNN telekanali xabar berdi. Yaralangan yana bir amerikalik Kubadagi shifoxonalardan birida tibbiy yordam olmoqda.
Kecha AQShning Florida shtatida ro‘yxatdan o‘tgan tezyurar kater Falkones-Key oroli yonida Kubaning hududiy suvlariga kirgan. Kuba Ichki ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, chegarachilar uni identifikatsiya qilish uchun yaqinlashgan, shundan so‘ng katerdagi yo‘lovchilar chegarachilarga o‘q uzgan. Otishma oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan, yana olti kishi yaralangan.
Kuba hukumati kater ekipajida «terroristik niyatlar» bo‘lganini bildirdi. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi bayonotida «bortda Kubaga noqonuniy kirib kelishni istagan o‘n nafar qurollangan shaxs bo‘lgani» aytilgan. Shuningdek, katerdagilar AQShda yashovchi, Kubadan chiqqan muhojirlar ekani qayd etilgan.
AQSh hukumati ushbu voqea bo‘yicha o‘z tekshiruvini o‘tkazishini bildirdi. Xususan, AQSh Davlat departamenti rahbari Marko Rubio Kubaning dengiz chegarasi amerikalik kater tomonidan buzilgani Qo‘shma Shtatlarning qandaydir operatsiyalari bilan bog‘liq emasligini ta’kidladi.