Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Melaniya Tramp BMT Xavfsizlik kengashiga raislik qiladi
BMT Xavfsizlik kengashida navbat bilan aylanadigan raislik AQShga o‘tadi. Amaldagi prezidentning rafiqasi ilk bor Xavfsizlik kengashi majlisini boshqaradi. Melaniya Tramp bolalar, texnologiyalar va ta’lim haqida gapiradi.
AQSh prezidenti Donald Trampning turmush o‘rtog‘i — Melaniya 2 mart kuni BMT Xavfsizlik kengashi majlisiga raislik qiladi. Bu haqda 26 fevral, payshanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida AQShning BMTdagi doimiy vakili Mayk Uolts ma’lum qildi.
«Melaniya Tramp AQSh birinchi xonimasi sifatida ilk bor Xavfsizlik kengashiga raislik qiladi — Amerikaning kengashdagi raisligi boshlangan birinchi kunning o‘zida», — deb yozdi u. «BMTni yana buyuk qilamiz!» — deya qo‘shimcha qildi Uolts.
Melaniya Tramp idorasida uning chiqishi «Mojaro sharoitida bolalar, texnologiyalar va ta’lim» mavzusiga bag‘ishlanishi aytildi. U yerda ta’kidlanishicha, asosiy urg‘u ta’limga — «butun dunyo bo‘ylab bag‘rikenglik va tinchlikni ilgari surish usuli» sifatida qaratishga beriladi. Melaniya Tramp avvalroq Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzi davomida RF tomonidan olib ketilgan ukrain bolalarini Kiyevga qaytarish tarafdori bo‘lib chiqqan.
Reuters keltirishicha, BMT vakili «bu 15 a’zodan iborat Xavfsizlik kengashi majlisiga amaldagi jahon yetakchisining turmush o‘rtog‘i raislik qiladigan ilk holat bo‘ladi», deb aniqlik kiritgan. Odatda Xavfsizlik kengashi majlislariga rotatsiya bo‘yicha mamlakat-vakilning elchisi yoki vazirlar mahkamasining yuqori lavozimli a’zosi raislik qiladi.
The Guardian gazetasi shu munosabat bilan AQShning sobiq birinchi xonimi Eleonora Ruzvelt BMTda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi loyihasini ishlab chiqishga yordam berganini eslatgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uydagi birinchi muddatidan boshlab BMTni ochiq tanqid qilib keladi: u xalqaro tashkilot samarasiz, uni isloh qilish kerak, deb aytgan. Reuters eslatishicha, AQSh BMT budjetiga a’zolik badallari bo‘yicha milliardlab dollar qarzdor.
Brifingda «Melaniya Trampning chiqishi tashkilot uchun ijobiy belgi hisoblanadimi?» degan savolga javob bergan BMT bosh kotibi vakili Stefan Dyujarrik bu qadam AQShning Xavfsizlik kengashi va uning kun tartibiga qanday ahamiyat qaratayotganini «ta’kidlab turibdi», dedi.
Tramp o‘tgan hafta BMTga nisbatan yanada yarashuvchan ritorikada chiqish qildi. «Tinchlik kengashi» amalda (deyarli to‘liq — tahr.) Birlashgan Millatlar Tashkiloti faoliyatini nazorat qiladi va uning tegishlicha ishlashini kuzatib boradi», — dedi Tramp 19 fevral kuni. «Biz BMTni mustahkamlaymiz. Uning obektlarini yaxshi holatda ushlaymiz. Biz unga moliyaviy jihatdan yordam beramiz», — deb va’da qildi u.
BMT avvalroq shu oyda AQShdan taxminan 160 mln dollar (136 mln yevro) miqdorida badal kelib tushganini ma’lum qilgan. Shu bilan birga, Vashingtonning badallar bo‘yicha qarzi 4 mlrd dollardan (3,3 mlrd yevro) oshib ketgan.
Mavzuga oid
11:18 / 14.06.2026
Sun’iy intellekt endi shunchaki texnologiya emas, u strategik qurol
00:49 / 14.06.2026
Tramp Eron bilan kelishuv 14 iyun kuni imzolanishini ma’lum qildi
11:20 / 13.06.2026
Jeep bir milliondan ortiq avtomobilni qaytarib olmoqda
10:15 / 13.06.2026