Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh-Eron mojarosi: sabablar nima?
Siyosiy xaritaga qaraydigan bo‘lsak, AQSh va Eron bir-biridan o‘n ming kilometr uzoqlikda joylashgan, madaniyati, dini, tili va siyosiy tizimi butunlay farq qiluvchi mamlakatlar. Ammo, oxirgi yillarda bu ikki davlat o‘rtasidagi o‘ta ziddiyatli munosabat dunyodagi eng yirik geosiyosiy inqirozlardan birini yuzaga keltiryapti. Ayni paytda bir qancha manbalar Amerika Yaqin Sharqda keng ko‘lamli harbiy kampaniyani boshlashga tayyorligi haqida yozyapti. Xo‘sh, rasmiy Tehron va Vashington o‘rtasidagi kelishmovchilik ildizi nima bilan bog‘liq?
1953 yilgi davlat to‘ntarishi
Ikkinchi jahon urushidan keyin Eronda neft sanoatini milliylashtirish harakati paydo bo‘ldi, mamlakatning katta qismida norozilik namoyishlari, ish tashlashlar bo‘lib o‘tdi. Ana shunday sharoitda siyosiy maydonga Muhammad Musaddiq chiqdi va 1951 yilgi saylovdan keyin Bosh vazir lavozimini egalladi. U hukumatga kelishi bilanoq neft sanoati davlat nazoratiga o‘tishi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Mahalliy aholi bayram qildi: milliylashtirish imperialistik kuchlar ustidan g‘alaba va uzoq kutilgan suverenitetga ega bo‘lishdek qabul qilindi.
Buyuk Britaniya va AQSh har xil yo‘llar bilan bunga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘ldi. Ular bu masalani xalqaro Gaaga sudida hal etish uchun ariza ham beradi. Biroq Eron hukumati bu sud vakolatini tan olmadi. Musaddiq Eron nefti Eronning milliy boyligi, uni milliylashtirish mamlakatning ichki ishi ekanligini ta’kidlaydi.
Bunga javoban Buyuk Britaniya Eronga nisbatan iqtisodiy qamal tashkil etadi. Eron hukumati esa Buyuk Britaniya bilan diplomatik munosabatlarini uzadi. Ana shunday sharoitda shoh boshchiligidagi ichki g‘arbparast kuchlar Buyuk Britaniya va AQShning qo‘llab-quvvatlashiga tayanib 1953 yilning 19 avgustida davlat to‘ntarishi o‘tkazadi. Musaddiq hibsga olinadi, mamlakatdan qochib ketgan shoh Muhammadrizo Pahlaviy Eronga qaytadi va hokimiyatni egallaydi. Neft qazib olish huquqi yana asosan Britaniya va Amerika kompaniyalaridan iborat bo‘lgan xalqaro konsorsium qo‘liga o‘tadi.
1953 yilgi davlat to‘ntarishi nafaqat shohga, oddiy eronliklarning ham qo‘rquviga qo‘rquv qo‘shdi. Mamlakatda azaldan imperialistik kuchlar sifatida Rossiya va Buyuk Britaniya ko‘rib kelinardi. Endilikda AQSh mamlakat ichki hayotiga hammadan ham ko‘proq aralasha boshlaydi.
Muhammadrizo Pahlaviy esa Amerikaning chizgan chizig‘idan chiqmaydigan rahbarga aylandi va Yaqin Sharqda G‘arb ta’sirining yalovbardori sifatida gavdalandi. Uning boshqaruvi davrida Eron o‘zining asriy an’analaridan voz kechib, dunyoviy davlatga aylana boshlaydi. Mamlakatda nafaqat G‘arb bayramlari, balki islom dini kelishidan avval mavjud bo‘lgan marosimlar ham nishonlana boshlaydi. Kichik Pahlaviy AQShning tashqi siyosatini ham qo‘llab-quvvatlaydi. O‘sha paytlarda butun islom olami Isroil-Falastin mojarosida Isroil tomonida turgani uchun AQShni qoralayotgan vaqtda u AQShning Yaqin Sharq masalasida yuritgan bir tomonlama siyosatiga xayrixohlik bildiradi. Bu esa eronliklarning ko‘pchiligiga yoqmaydi. Shu tariqa, Eronda shoh Pahlaviyning «radikal g‘arblashtirish» siyosatiga qarshilar soni tobora o‘sib boradi.
Shu tariqa shoh hukmronligi yillarida Eron jamiyatida kuchli siyosiy muxolifat shakllandi. Bunda dindorlar asosiy rolni o‘ynadi. Shoh esa muxolifat vakillarini qattiqqo‘llik bilan ta’qib qilishda davom etdi.
Diniy muxoliflar liderlaridan biri Oyatulloh Humayniy shoh hokimiyatini mustabid tuzum deb e’lon qildi. 1964 yilda Humayniy hibsga olindi va surgun qilindi, natijada uning tarafdorlari norozilik aksiyalarini kuchaytirib bordi. Shoh bunga qattiqqo‘llik bilan javob berdi. Namoyishchilar hibsga olindi, bir qismi otib tashlandi. Humayniy muhojirlikda yurganida ham shoh tuzumiga qarshi faol targ‘ibot olib boradi. Shuningdek, keyinchalik mamlakatda Islom respublikasi tuzilganda foydalanilgan davlatchilik asoslarini tuzadi, kitoblar yozadi, ma’ruzalar qiladi. Shu tariqa Rohulloh Eronda aql bovar qilmas darajada katta obro‘ga ega bo‘la boshlaydi.
Islom inqilobi
Pahlaviy o‘z ishlari bilan hammani ajablantirishda va g‘azablantirishda davom etaveradi. Masalan, u 1976 yilda an’anaviy Eron taqvimi o‘rniga shoh Kir II’ning taxtga o‘tirgan kunidan boshlab yil hisoblanadigan taqvim joriy qiladi. Bundan Eron aholisi nihoyatda norozi bo‘ladi. Bundan tashqari, shoh «oq inqilob» davrida qator islohotlar o‘tkazish haqidagi va’dalarini bajarmadi.
1978 yil yanvar oyida Qum shahridagi namoyishi vaqtida politsiya tomonidan ikki nafar talaba o‘ldiriladi. Qum - aholisi uzoq yillik an’analarga qattiq amal qiladigan Ruhulloh Humayniyning ona shahri edi. Talabalar o‘limidan so‘ng shahar aholisi shoh tuzumiga qarshi oyoqqa turadi. Fevralda yana bir yirik shahar Tabriz aholisi bosh ko‘tardi. Martga kelib Erondagi barcha shaharlarda keng ko‘lamli namoyishlar boshlanib ketadi. Shoh mamlakatda harbiy holat joriy etib, namoyish o‘tkazishni taqiqlaydi, ammo xalq nazorat qilib bo‘lmas darajaga yetib bo‘lgandi. Tehron ko‘chalariga 2 million odam Pahlaviyning iste’fosini talab qilib chiqdi.
1979 yil 16 yanvar kuni shoh Muhammad Rizo Pahlaviy hokimiyatni bosh vazir Shopur Baxtiyorga qoldirib Erondan qochib ketdi. Shoh qochganini eshitgan odamlar butun mamlakat bo‘ylab ko‘chalarda uning suratlarini oshkora yoqadi. 1979 yil 1 fevralda oyatulloh 15 yillik qochqinlikdan so‘ng Eronga qaytadi. Mamlakatda fuqarolar urushi boshlanib ketadi. Ikki o‘rtada bo‘lib o‘tgan qurolli to‘qnashuvlarda Humayniy tarafdorlari ustun keladi. Shu tariqa, inqilobchilar Eronni batamom egallaydi. Mamlakatda referendum o‘tkaziladi va ko‘pchilikning ovozi bilan mamlakat Eron Islom respublikasi deb e’lon qilinadi.
Inqilob amalga oshib, Eronda tuzum o‘zgarganidan keyin aksariyat shoh tuzumini qo‘llaganlar, g‘arbona hayot tarzini yoqtiradiganlar va xorijliklar mamlakatni tark etadi. Erondagi xorij kompaniyalariga tegishli zavod va fabrikalar milliylashtiriladi. Bu esa G‘arb davlatlari bilan munosabatlarni sovuqlashtirdi.
Munosabatlarning keskinlashishi
1979 yilgi inqilob AQSh-Eron o‘rtasidagi munosabatlarni parchalab tashladi. Eronda mutlaq hukmronlikni qo‘lga olgan Oyatulloh Humayniy AQShni «Katta shayton» deb e’lon qildi. Bu ibora bugungacha xalqaro diplomatiyada AQShga nisbatan ishlatiladi va Tehronning anti-amerika mafkurasi ramziga aylangan.
Inqilobdan keyin shoh Pahlaviy mamlakatdan qochishga majbur bo‘ldi va oxir-oqibat AQShdan boshpana topdi. Shohning Qo‘shma Shtatlarga kiritilishi eronliklarni juda ham g‘azablantirdi. 1979 yil noyabr oyida bir guruh talabalar Tehrondagi AQSh elchixonasiga hujum uyushtirib, u yerdagi 52 xodimni garovga oldi. Talabalar shohni ekstraditsiya qilish talabini ilgari surdi. Garov 444 kun davom etdi. Bu Amerika uchun milliy sharmandalik va xavfsizlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid sifatida qabul qilindi. Aynan shu voqea Vashingtonda Eronga nisbatan uzoq yillik nafratni shakllantirdi va ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik aloqalar rasman va uzil-kesil to‘xtatilishiga asos bo‘ldi.
1980 yillarda boshlangan Eron-Iroq urushida ham Qo‘shma Shtatlar Iroq lideri Saddam Husaynni qo‘llab-quvvatladi. AQSh Eronni zaiflashtirish uchun Iroqqa harbiy va razvedka ma’lumotlarini taqdim etdi. Munosabatlarni mutlaq jarlikka qulatgan yana bir voqea 1988 yilda yuz berdi. Fors ko‘rfazidagi AQSh harbiy kemasi xatolik tufayli Eronning 655-reysli yo‘lovchi samolyotini urib tushirdi. Bortdagi barcha 290 kishi, jumladan, 66 nafar yosh bola halok bo‘ldi. AQSh fojiani baxtsiz hodisa deb atagan bo‘lsa-da, rasman uzr so‘ramadi. Eron esa buni ataylab qilingan qotillik deb qabul qildi.
Keyingi yillarda ham o‘zaro munosabatlardagi dushmanlik kayfiyati saqlanib qoldi. 1995 yil AQSh prezidenti Bill Klinton Eronga qarshi yalpi iqtisodiy embargo e’lon qildi. Bunga qo‘shimcha ravishda Eron neft va gaz tarmog‘iga investitsiya kiritgan tashkilotlarga nisbatan sanksiyalar joriy qilindi. 2001 yil 11 sentabr voqealaridan keyin Jorj Bush o‘zining tarixiy nutqida Eronni Shimoliy Koreya va Iroq bilan bir qatorda «Yovuzlik o‘qi» mamlakati deya e’lon qildi. Shu tariqa G‘arb jamiyatida Eronning yadroviy dasturiga nisbatan xavotirlar eng yuqori cho‘qqiga chiqdi va uni to‘xtatish talab qilina boshlandi.
2005 yilda Mahmud Ahmadinajodning Eron prezidentligiga kelishi ikki o‘rtadagi munosabatlarni yanada yomonlashtirdi. Uning davrida uranni boyitish dasturi jadallashtirildi. Ahmadinajod Qo‘shma Shtatlarning Iroq va Afg‘onistondagi harbiy ishtirokini imperialistik siyosat deb atadi va Yaqin Sharqdagi harakatlarini qattiq tanqid qildi.
2015 yilga kelib, Barak Obama ma’muriyati davrida tarixiy yutuqqa erishilgandi. Uzoq yillik muzokaralardan so‘ng, Eron va jahonning qudratli olti davlati o‘rtasida Venada Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi imzolandi. Kelishuv sharti oddiy edi: Eron o‘zining yadroviy dasturini qurol yaratmaslik kafolati bilan cheklaydi, buning evaziga esa Tehronga nisbatan joriy etilgan iqtisodiy sanksiyalar bekor qilinadi. Ammo umidlar uzoqqa cho‘zilmadi. 2018 yilda AQShning yangi prezidenti Donald Tramp ushbu kelishuvni «tarixdagi eng yomon bitim» deb atadi va Qo‘shma Shtatlarni kelishuvdan bir tomonlama olib chiqdi. Eron iqtisodiyotiga qaqshatqich zarba beruvchi «Maksimal bosim» sanksiyalari qayta joriy etildi. Munosabatlar 2020 yil 3 yanvarda yana bir bor portlash nuqtasiga keldi. AQSh dronlari Bag‘dod aeroportida Eronning eng qudratli harbiy qo‘mondoni, general Qosim Sulaymoniyni o‘ldirdi. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri urush e’lon qilish bilan teng voqelik edi.
Urush boshlanadimi?
Ayni paytda AQSh Eron yaqinida katta qo‘shin to‘plab, ehtimoliy harbiy operatsiyaga tayyorgarlik ko‘ryapti. Fevral oyining o‘rtalarida Tramp «Jyerald Ford» aviatashuvchisi boshchiligidagi zarbdor guruhni Yaqin Sharqqa yuborganini xabar qildi. Bu guruh AQSh harbiy-dengiz kuchlari tarkibidagi eng kuchli tuzilma hisoblanadi. O‘tgan yil kuzida u Karib dengizi havzasiga olib borilgan va Venesuelaga qarshi amaliyotda ishtirok etgandi. Bundan tashqari, AQSh so‘nggi haftalarda Yaqin Sharqqa, jumladan, Qatar va Bahrayn hududida Eronga yaqin joylashgan bazalariga yuzlab samolyotlar, havo hujumidan mudofaa tizimlari hamda behisob miqdordagi o‘q-dorilarni olib kelgan.
Shu bilan bir qatorda Eron yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralar ham o‘tkazilyapti. AQSh Eron o‘z hududida uranni boyitish ishlaridan butunlay voz kechishini, mavjud boyitilgan uran zaxiralarini to‘lig‘icha topshirishni, raketa dasturini rivojlantirishni cheklashini hamda Yamandagi «Ansar Alloh» (husiychilar), Livandagi «Hizbulloh» hamda falastinliklarning Hamas kabi guruhlarini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishni talab qilyapti. Eron esa yadroviy dastur borasida yon berishga tayyor, ammo raketa dasturi va o‘z proksi kuchlari bo‘yicha masalalarni muhokama qilishdan bosh tortyapti.
Mavzuga oid
15:17
Eron Qatar va Bahrayndagi AQSh harbiy bazalariga zarba berdi
14:49
Eronga qarshi AQSh-Isroil operatsiyasi, Kubaga ko‘z tikkan Tramp va Boliviyada sochilgan pullar – kun dayjesti
14:48
Eron “birinchi to‘lqin” haqida e’lon qildi: Isroilga raketalar uchirildi
13:55