Jahon | 08:56 / 02.03.2026
5443
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada - Eron oliy rahbarining o‘limidan keyin namoyishlar

Eronning oliy rahbari Ali Xomanaiy halok bo‘lgani haqidagi xabarlardan so‘ng Germaniyaning qator shaharlarida bir necha yuz nafardan bir necha ming nafargacha odam qatnashgan namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

Foto: Christoph Soeder/dpa

Germaniyaning bir qator shaharlarida yakshanba, 1 mart kuni Eron oliy rahbari — Ali Xominaiyning o‘limi haqidagi xabarlar fonida minglab odamlar ko‘chaga chiqdi. Eronda erkinlikka chaqiruvchi mitinglar, jumladan, Berlin, Dyusseldorf va Frankfurt-Mayn shaharlarida bo‘lib o‘tdi.

Poytaxt politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Berlinda Brandenburg darvozalari oldida kamida 1800 kishi to‘plangan. “Shahzoda Rizo Pahlaviy rahbarligida Eronga erkinlik” deb nomlangan tadbirga dastlab 5000 kishi ro‘yxatdan o‘tgan edi. Aksiya ishtirokchilari “Eron, Eron”, “Rahmat, AQSh”, “Rahmat, Tramp”, “Rahmat, Bibi” kabi shiorlarni hayqirgan, oxirgi holatda ular Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni nazarda tutgan.

Foto: Henning Kaiser/dpa/picture alliance

Dyusseldorfda “Eronga erkinlik” shiori ostidagi mitingga taxminan 5000 kishi yig‘ildi. Ko‘p ishtirokchilar, jumladan muhojirlikdagi eronliklar ham, Xomanaiyning o‘limi haqidagi xabarni quvonch bilan qabul qildi. Ayrim namoyishchilar Eronning so‘nggi shohi o‘g‘li bo‘lgan Pahlaviyning suratlari tushirilgan plakatlarni ko‘tarib oldi, u allaqachon Eronning o‘tish davri hukumatini boshqarishga tayyor ekanini bildirgan. Boshqalar esa Eron, Isroil, Germaniya va AQSh bayroqlarini silkitgan.

Frankfurt-Mayn shahridagi ikki namoyishda jami 750 kishi ishtirok etdi. “Bugun biz dunyodagi eng katta diktator — Xomanaiyning o‘limini nishonlayapmiz”, — dedi ishtirokchilardan biri dpa agentligiga.

Eronning oliy rahbari Ali Xomanaiy 28 fevral kuni Tehronda AQSh va Isroilning qo‘shma havo operatsiyasi natijasida halok bo‘ldi. Uning o‘limi munosabati bilan Eron hukumati 40 kunlik umummilliy motam e’lon qildi va mamlakat aholisiga yetti kunlik dam olish kunlari berdi. Xomanaiy Islom Respublikasiga 30 yildan ortiq vaqt rahbarlik qilgan.

Foto: Andreas Arnold/dpa/picture alliance

Shu kuni Eron oliy rahbariyatining boshqa vakillarini ham yo‘qotdi, jumladan mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda va Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni Muhammad Pakpur ham halok bo‘lgan.

Eron davlat OAV xabar berishicha, yangi oliy rahbar saylangunga qadar mamlakatni vaqtincha uch kishidan iborat kengash boshqaradi: Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon, sud hokimiyati rahbari G‘ulom Husayn Muhsiniy va Konstitutsiyani qo‘riqlash kengashi a’zosi — Alirizo A’rofiy.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid