Jahon | 13:43 / 02.03.2026
2522
3 daqiqa o‘qiladi

Kiprdagi Britaniya aviabazasi dron hujumiga uchradi

Limassol yaqinidagi Britaniya Harbiy-havo kuchlarining Akrotiri aviabazasi Shahed turidagi uchuvchisiz uchish apparati hujumiga uchradi. Kipr prezidenti ma’lum qilishicha, oz miqdorda moddiy zarar yetkazilgan. Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi hujumni tasdiqladi, biroq tafsilotlarni ochiqlamadi.

Akrotiri aviabazasi Foto: Petros Karadjias/AP /picture alliance

Kiprdagi Britaniya HHKning Akrotiri aviabazasi Shahed turidagi dron zarbasiga uchradi. Hujum dushanbaga o‘tar kechasi, 2 mart kuni sodir bo‘lgan. Bazaga oz miqdorda moddiy zarar yetkazilgan, deb bildirdi Kipr prezidenti Nikos Xristodulidis.

“Aniqlik kiritmoqchiman: mamlakatimiz hech qanday harbiy operatsiyalarda ishtirok etmayapti va ishtirok etish niyati ham yo‘q”, — deya ta’kidladi u. Xristodulidis vaziyat yuzasidan boshqa Yevropa yetakchilari bilan doimiy aloqada ekanini aytdi.

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi ham Kiprdagi harbiy bazaga hujum bo‘lganini tasdiqladi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan. Shuningdek, mintaqadagi britan qo‘shinlarini himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘rilgani bildirildi. Qo‘shimcha tafsilotlar keyinroq e’lon qilinishi kutilmoqda.

Avvalroq Reuters agentligi manbalarga tayanib, Akrotiri aviabazasiga ikki dron hujum qilgani, ulardan biri parvoz paytidayoq urib tushirilgani haqida yozgan edi.

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Jon Hili Bahrayn va Kiprdagi aviabazalardan havoga ko‘tariladigan britan samolyotlari aniqlangan dron va raketalarni yo‘q qilishini bildirdi.

Isroil va Qo‘shma Shtatlar 28 fevral tongida Tehron va Eron hududidagi boshqa joylarga zarbalar berdi. AQSh prezidenti Donald Tramp Islom Respublikasining yadroviy dasturini yo‘q qilish niyatida ekanini bildirdi. U Eron armiyasini qurolni tashlashga, mamlakat aholisini esa “taqdirini o‘z qo‘liga olish”ga chaqirdi.

Eron Qizil Yarim Oy jamiyatining 1 mart tongidagi ma’lumotiga ko‘ra, zarbalar oqibatida mamlakatda 201 kishi halok bo‘lgan, yana 747 kishi yaralangan. Eron OAV Minob shahrida qizlar maktabiga raketa tushishi natijasida 100 nafardan ortiq kishi halok bo‘lgani, 95 kishi yaralanganini da’vo qilmoqda. Eronning oliy rahbari Ali Xominaiy va bir qator yuqori lavozimli kuch tuzilmalari vakillari, jumladan mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda, bosh shtab rahbari Abdulrahim Musaviy hamda Islom inqilobi muhofizlari korpusi qo‘mondoni Muhammad Pakpur halok bo‘lgani tasdiqlangan.

Eron javoban Isroil va Yaqin Sharqning boshqa davlatlari hududlariga zarbalar berdi. Isroilda favqulodda holat e’lon qilindi. 28 fevral kechqurun Tel-Avivda turar joyga raketa tushishi oqibatida ikki ayol halok bo‘ldi. 1 mart kuni Quddus yaqinidagi Beyt-Shemesh shahrida yana bir Eron raketaci turar joy hududiga tushib, kamida 9 kishi halok bo‘ldi, 28 kishi yaralandi.

Birlashgan Arab Amirliklari va Kuvaytda Eron havo zarbalari oqibatida bir necha kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar yaralangan. Saudiya Arabistoni, Bahrayn va Qatar shaharlarida ham portlashlar tovushi eshitilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid