Jahon | 22:32 / 04.03.2026
4372
14 daqiqa o‘qiladi

Klintonlar Epshteyn ishi bo‘yicha ko‘rsatma berdi – tafsilotlar

AQSh Kongressining Nazorat qo‘mitasi «Epshteyn ishi» bo‘yicha sobiq prezident Bill Klinton va uning rafiqasi, sobiq davlat kotibi Hillari Klintonni so‘roq qildi.

Bill Klinton va Hillari Klinton 2025 yil 20 yanvar kuni AQSh Kapitoliy binosidagi inauguratsiya marosimiga kelmoqda / Foto: The Washington Post / AP

Dushanba kuni Vakillar palatasining Nazorat qo‘mitasi «Epshteyn ishi» bo‘yicha tergov doirasida AQShning sobiq prezidenti Bill Klinton va uning rafiqasi, sobiq davlat kotibi Hillari Klintondan olingan ko‘rsatmalarning to‘liq videolarini e’lon qildi.

O‘tgan haftadagi jami to‘qqiz soatlik so‘roq davomida respublikachilar va demokratlar – Klintonlarni moliyachi va pedofil-jinoyatchi Jyeffri Epshteyn hamda uning hamrohi Gisleyn Maksvell bilan bo‘lgan aloqalari haqida so‘roqqa tutishgan.

Ikkala Klinton ham sodir etilgan har qanday jinsiy savdo yoki suiiste’mol holatlaridan xabardor emasliklarini bir necha bor ta’kidladilar. New York Times nashri ularning ko‘rsatmalardan olingan yetti asosiy xulosani keltirdi.

Hillari Klinton u yerda bo‘lishni xohlamadi

Nashrning yozishicha, Hillari Klinton oylar davomida Kongressda Epshteyn masalasida ko‘rsatma berishdan qochishga harakat qildi: so‘roq davomida ham kelishga majbur bo‘lganidan noroziligini yashirmadi. Uning javoblari va tana tili ushbu jarayonga nisbatan nafrat bilan to‘la edi.

Hillari Klinton ko‘rsatma bermoqda / Foto: Vakillar palatasi Nazorat qo‘mitasi videosidan

U o‘zi foydasiz deb hisoblagan so‘roqlar paytida o‘zini bosiq tutishga qiynalayotgandek ko‘rindi. «Men hatto hech qachon uchrashmaganman, deb ishonadigan odam haqidagi savollarga qanday javob berishim mumkin?» — dedi u.

«Bir narsani qayta-qayta necha marta aytishingiz kerakligini bilmayman. Men shunchaki bularning barchasining aloqadorligini tushunishga qiynalyapman», dedi keyinroq sobiq birinchi xonim.

Bill Klinton Epshteyn bilan munosabatlarini «ishbilarmonlik» deb ta’rifladi

So‘roq paytida o‘zini erkinroq tutgan Bill Klinton esa Epshteyn bilan aloqalarini kamaytirib ko‘rsatdi. U o‘zaro munosabatlarini haqiqiy do‘stlik emas, balki «xushmuomalalik» va ishbilarmonlik aloqasi sifatida tasvirladi.

Klinton Epshteyn tanishtirgan ayollar yoki qizlar bilan hech qanday jinsiy aloqada bo‘lmaganini aytdi. Shuningdek, Epshteynning shaxsiy oroliga hech qachon bormaganini, uning samolyotida sayohat qilganida hech qanday jinsiy harakatlarga guvoh bo‘lmaganini aytdi.

Janob Klintonning vannada yuzi qoraytirilgan ayol bilan yotgan mashhur surati haqida esa «u kimligini bilmayman», dedi. Shu bilan birga u bilan hech qachon jinsiy aloqada bo‘lmaganini qo‘shimcha qildi.

Bill Klinton ko‘rsatma bermoqda / Foto: Vakillar palatasi Nazorat qo‘mitasi videosidan

Sobiq prezidentga ko‘ra, u Epshteyn bilan birinchi marta 2001 yoki 2002 yillarda sobiq moliya vaziri Larri Sammers orqali tanishgan. Sammers Epshteynni Klinton bilan siyosat va iqtisod haqida gaplashmoqchi bo‘lgan «ma’lumotga tashna odam» sifatida ta’riflagan. Buning evaziga Epshteyn janob Klintonga humanitar safarlar uchun o‘zining shaxsiy samolyotidan foydalanishga ruxsat bergan.

Nensi Meys Hillari Klintonning jahlini chiqardi

Janubiy Karolina shtatidan respublikachi vakil Nensi Meys Klinton xonimni so‘roq qilishda yetakchi rol o‘ynadi. Nensi undan Epshteyn fayllaridagi janob Klinton yosh ayollar bilan tushgan suratlar haqidagi «his-tuyg‘ulari» haqida qayta-qayta so‘radi.

«Eringizni yosh ayollar bilan tushgan suratlarda ko‘rganingizda xayolingizdan nima o‘tdi?» – degan Meys. Klinton xonim esa sovuqqonlik bilan: «Men taxmin qilmoqchi emasman», deb javob berdi.

Biroq Meys o‘zi izlagan ochiq to‘qnashuvga erishdi: u Hillari Klintondan AQShning amaldagi Savdo vaziri Xovard Lutnik bilan munosabatlari haqida so‘radi.

Xovard Lutnik ko‘rsatma bermoqda / Foto: Bloomberg

2001 yil 11 sentabr hujumlari paytida Hillari Nyu-Yorkdan saylangan senator bo‘lgan. O‘sha paytda Lutnik – Cantor Fitzgerald kompaniyasi rahbari edi. Uning kompaniyasi 11 sentabr hujumlarida 600dan ortiq xodimlarini yo‘qotgan. Senator Klinton xonim esa uning xodimlari oilalari uchun kompensatsiya olishda yordam bergan. Shundan keyin Lutnik 2016 yilgi saylovlarda Klintonga donorlik tadbirlarida yordam bergan. So‘roqda bu aloqalar haqida gap ko‘tarilishiga sabab – Lutnikning o‘zi ham Epshteyn bilan bog‘liq mojaroga aralashib qolgan. Kongressman Meys aynan shu tarafdan Klinton xonimni Epshteyn bilan aloqalari haqida bilmoqchi bo‘ldi.

Meys o‘zining ham jinsiy zo‘ravonlikdan omon qolganlardan biri ekanligini va 'boshqa qurbonlarning g‘amini yeyishga harakat qilayotganiniʼ eslatganida, Hillari Klinton o‘zini tutolmay qoldi.

«Men ham o‘sha paytda Butunjahon savdo markazida halok bo‘lgan 3000 kishining yaqinlari haqida qayg‘urayotgan edim!" - dedi Hillari qo‘li bilan stolga urib.

"Mana, bugun ham siz o‘shanday o‘zboshimchalik va takabburlik qilyapsiz," - deya Meys unga keskin javob qaytardi.

Bill Klinton Tramp bilan Epshteynni muhokama qilganini aytdi

Vakillar palatasidagi demokratlar sobiq prezident — Klinton misolidan Donald Trampni guvoh sifatida chaqirishda foydalanishga harakat qilmoqda. NYTning yozishicha, ammo Klinton ularning ishiga unchalik yordam bermagan:

«Buni hal qilish sizning ixtiyoringizda. Lekin u uni yaxshi tanirdi,» — dedi Bill Klinton Tramp ham Epshteyn haqida qo‘mitaga ko‘rsatma berish kerakmi, degan savolga. Xuddi shu savol berilganda, Klinton xonim «U mening ro‘yxatimda bo‘lar edi», deb javob bergan.

Bill Klinton va Epshteyn / Foto: Reuters

Klintonning aytishicha, u Tramp bilan tahminan 20 yil oldin, uning golf maydonlaridan birida Epshteynni muhokama qilgan. Sobiq prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Tramp «mulk bitimi» tufayli Epshteyn bilan orasi buzilganini aytgan.

Klinton, shuningdek Tramp unga «Epshteyn bilan bog‘liq biron-bir nomunosib ishda ishtirok etgan, deb o‘ylashga asos beradigan hech narsa aytmaganini» ham qo‘shimcha qildi.

Hillari Klinton «Pizzagate» bo‘yicha qayta-qayta so‘roq qilindi

Kolorado shtatidan respublikachi vakil Loren Bobert «Pizzagate» mavzusini ko‘tardi. Bu fitna nazariyasi bo‘lib, unda demokratlar Vashingtondagi pitseriyalardan birining yerto‘lasida bolalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi guruhni boshqargani haqida da’volar ilgari surilgan.

Bobert Klinton xonimdan – Epshteyn ishi bo‘yicha e’lon qilingan va «Pizzagate» da’volariga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan hujjatlarni ko‘rib chiqqan-chiqmaganini so‘radi.

«Pizzagate" butunlay uydirma edi», deb javob berdi Klinton xonim g‘azab bilan. «Sizning hatto bu mavzuni tilga olayotganingizga ishonolmayman», deya qo‘shimcha qildi u.

Bunga javoban Bobert "u yerda ishlatilgan so‘zlarda o‘xshashliklar bor"ligini aytdi.

Maksvell va uning Klintonlar bilan aloqasi

Gisleyn Maksvell – Jyeffri Epshteyn ishidagi markaziy shaxslardan biri, britaniyalik media-magnat Robert Maksvellning qizi. Elita qatlamida voyaga yetgan Maksvell – nufuzli siyosatchilar, qirollik oilalari va biznesmenlar doirasiga Epshteynni olib kirgan shaxs hisoblanadi. Maksvell va Epshteyn 1990 yillarda tanishgan, keyinchalik ular yaqin biznes hamkorlarga aylangan.

Sud hukmiga ko‘ra, Maksvell voyaga yetmagan qizlarni qidirib topish, ularni Epshteyn bilan tanishtirish va jinsiy ehtiyoji uchun «tayyorlash» bilan shug‘ullangan. 2021 yilda u odam savdosi va voyaga yetmaganlarni jinsiy qullikka jalb qilishda aybdor deb topilib, 20 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Bill Klinton, Maksvell va Epshteyn birga tushgan sur’atlar

Maksvellning Bill Klinton bilan aloqalari Epshteynnikidan ko‘ra ancha yaqinroq va do‘stona bo‘lgani aytiladi. Eng shov-shuvli fakt shundaki, 2010 yilda Bill va Hillarining yagona qizi — Chelsining to‘yida Maksvell faxriy mehmon sifatida ishtirok etgan. Bundan tashqari, Maksvell Bill Klinton bilan Epshteynning shaxsiy samolyotida bir necha bor birga uchgan.

So‘roq davomida ayni shu masalalar ko‘tarildi. Bill Klinton Maksvellning Epshteyn ishidagi rolini bilishdan «ma’yus» bo‘lganini aytdi. Uning aytishishca, Maksvell bilan munosabatlari «do‘stona» bo‘lgan va bu aloqa Epshteyn bilan bo‘lgan munosabatidan ko‘ra uzoqroq davom etgan.

Biroq, sobiq prezident Maksvellning – Epshteynning odam savdosi operatsiyalaridagi ishtirokidan xabari bo‘lmaganini ta’kidladi. Bill Klinton Maksvellning Trampdan «afv so‘rash» harakatlari haqidagi savolga ham javob berdi.

«Bilasizmi, biz Maksvell bilan do‘stona munosabatda bo‘lganmiz. Men bundan ma’yus bo‘ldim. Lekin u qilgan ishlar dahshatli edi, u jazolanishi kerak», dedi Bill Klinton.

Maxfiy suratdan so‘ng Hillari Klintonning jahli chiqdi

Klinton xonim ko‘rsatma berishni boshlaganiga bir soatcha bo‘lganida, uning advokati Sheril Mills so‘roqni to‘xtatdi: ijtimoiy tarmoqlarda xona ichidan olingan surat tarqalib ketgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, Loren Bobert tomonidan yashirincha olingan ushbu surat o‘ng qanot bloggeri Benni Jonson tomonidan X tarmog‘iga joylashtirilgan.

Klinton qo‘mita qoidalarining buzilishidan darhol foydalanib, e’tiroz bildirdi va hujjatlarini yig‘ib, eshituv xonasidan chiqib ketdi. Respublikachilar bunday holat boshqa takrorlanmasligiga kafolat berganidan so‘ng, u 30 daqiqa o‘tib qaytib keldi.

Demokratlar ushbu hodisadan foydalanib, eshituvni matbuot uchun ochiq qilishga urindi, biroq respublikachilar buni rad etdi.

Epshteyn ishi va Klintonlar oilasi

Jyeffri Epshteyn ishi AQSh tarixidagi eng shov-shuvli va murakkab jinoiy mojarolardan biri bo‘lib, u elita qatlamining qorong‘i sirlarini ochib tashladi.

Mavzuning ildizlari 2000 yillarning boshiga borib taqaladi. Boy moliyachi Jyeffri Epshteyn voyaga yetmagan qizlarni jinsiy qullikka jalb qilish va ulardan o‘zining nufuzli do‘stlari uchun foydalanish tarmog‘ini yaratganlikda ayblangan. 2008 yilda u Florida shtatida yengil jazo bilan qutulib qolgan edi, biroq 2019 yilda qayta hibsga olindi va ko‘p o‘tmay qamoqxonada shubhali tarzda vafot etdi.

«Epshteyn fayllari» esa, bu – asosan u bilan bog‘liq bo‘lgan sud jarayonlari davomida maxfiylikdan chiqarilgan millionlab sahifalik hujjatlar, media mahsulotlari va ko‘rsatmalardir.

Epshteyn atrofida o‘nlab, balki yuzlab yuqori martabali shaxslar — prezidentlar, qirollik oilasi a’zolari, milliarderlar va olimlar to‘plangan edi.

Bill va Hillari Klintonlar esa AQSh tarixidagi eng nufuzli, shu bilan birga eng ko‘p muhokama qilinadigan siyosiy juftlik hisoblanadi. Bill Klinton 1993–2001 yillarda, 2 muddat davomida AQShning 42-prezidenti bo‘lgan. U 1975 yilda Hillari Klinton bilan turmush qurgan. Hillari esa nafaqat sobiq Birinchi xonim, balki senator va Obama davrida AQSh Davlat kotibi ham bo‘lgan.

Hillari Klinton va prezident Bill Klinton 1998 yil dekabr oyida, u Vakillar palatasi tomonidan impichment qilinganidan so‘ng / Foto: Associated Press

Klinton, shuningdek 2016 yilda u AQSh tarixida Demokratlar tomonidan prezidentlikka nomzod qilib ko‘rsatilgan birinchi ayol bo‘ldi. Saylovda Donald Trampga yutqazgan bo‘lsa-da, umumiy ovozlar soni bo‘yicha undan o‘zib ketgandi.

Bill Klintonning ushbu ishga aralashib qolishiga uning «Lolita Express» nomi bilan tanilgan Epshteynning shaxsiy samolyotida kamida 26 marta uchgani sabab bo‘lgan. Klinton buni humanitar maqsadlar bilan izohlasa-da, guvohlarning u Epshteynning orolida yoki uylarida bo‘lgani haqidagi iddaolari shubhalarni kuchaytirgan.

Xulosa qilib aytganda, ushbu mojaro Amerika siyosiy tizimidagi axloqiy inqirozni ko‘rsatib berdi va hali-hanuz ko‘plab siyosatchilarning obro‘siga putur yetkazishda davom etmoqda. 

Фаррух Абсаттаров
Muallif Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid