Jahon | 09:07
1384
3 daqiqa o‘qiladi

Qatarda Eron korpusi foydasiga josuslikda gumonlangan o‘n kishi qo‘lga olindi

Qo‘lga olinganlar IIMK uchun ishlash, strategik obektlar bo‘yicha josuslik qilish va diversiyalar tayyorlashda gumonlanmoqda. Isroil–AQSh operatsiyasi boshlanganidan keyin Eron Vashington ittifoqchilariga Yaqin Sharqda zarbalar bera boshladi.

Foto: Reuters

Qatar Davlat xavfsizlik xizmati Islam inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) uchun ishlashda gumon qilingan o‘n nafar kishini qo‘lga oldi, deb yozadi Qatar News Agency.

Nashrda aytilishicha, gap “ikkita holat” haqida bormoqda. Xavfsizlik xizmati versiyasiga ko‘ra, yetti nafar gumonlanuvchi mamlakatning hayotiy muhim va harbiy infratuzilmasi haqida razvedka ma’lumotlarini to‘plash maqsadida josuslik bilan shug‘ullangan. Yana uch nafari esa diversion tadbirlarni amalga oshirish uchun tayinlangan bo‘lib, dronlar (uchuvchisiz apparatlar)dan foydalanishga o‘qitilgan.

Tintuv vaqtida ulardan, jumladan, “muhim obekt va inshootlar”ning joylashuvi hamda koordinatalari topilgan. Agentlik yozishicha, tergov jarayonida gumonlanuvchilar IIMK bilan aloqalari borligini tan olgan va ularga “josuslik va qo‘poruvchilik operatsiyalarini o‘tkazish” topshirilganini bildirgan.

Shuningdek, mamlakat Mudofaa vazirligi matbuot xizmati X'da Eron Qatar hududida joylashgan, Yaqin Sharqdagi AQShning eng yirik harbiy bazasi hisoblangan Al-Udayd bazasiga ikki ballistik raketa bilan zarba berganini ma’lum qildi.

Bundan oldin, 2 mart kechqurun Qatar Mudofaa vazirligi mamlakat HHK (harbiy-havo kuchlari) Eronning ikki Su-24 samolyotini urib tushirganini, HHM tizimlari esa mamlakat hududiga yo‘naltirilgan yetti ballistik raketa va beshta dronni tutib qolganini xabar qilgan edi. 3 mart kuni Qatarda Eron Dohadagi Hamad xalqaro aeroportiga hujum qilishga uringani, ammo bu urinishlar muvaffaqiyatsiz bo‘lgani aytildi.

Eron Vashingtonning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilariga zarbalar berishni AQSh va Isroil 28 fevral kuni Tehronga qarshi harbiy operatsiyaga start berganidan keyin boshladi. Bu zarbalar natijasida Eronning diniy rahbari — Ali Xominaiy va uning oila a’zolari halok bo‘lgan.

Qatar TIV rasmiy vakili Majid al-Ansoriy Eron qirollikning fuqarolik infratuzilmasi obektlariga qilingan hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi kerakligini aytdi. Qatar hokimiyati ma’lumotiga ko‘ra, qirollikka qilingan hujumlar muvaffaqiyatli ravishda qaytarilgan, biroq Eron raketalari parchalari tushishi natijasida mamlakat bo‘ylab sakkiz kishi yaralangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid