O‘zbekiston | 21:22 / 04.03.2026
1430
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda bekatlar “islohoti” va 4 odamni o‘ldirgan avariya – mahalliy dayjest

Pedofiliyaga qarshi jazoni kuchaytirish va erta nikohlarning oldini olishga qaratilgan farmon imzolandi. Toshkent shahri Bosh rejasi o‘zgartirildi: 1,5 ming gektar maydonda 30 ta yirik ko‘chmas mulk loyihasi amalga oshiriladi. Toshkentda bekatlar infratuzilmasi yangilanadi: savdo nuqtalari ko‘chiriladi. Kunning shu va boshqa muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Toshkent Bosh rejasi o‘zgartirildi: 30 ta nuqtada yirik majmualar qad rostlaydi

Toshkent shahridagi 1,5 ming gektar maydonda 30 ta yirik ko‘chmas mulk loyihasi amalga oshiriladi – umumiy qiymati 14,5 mlrd dollarga baholangan majmualar ro‘yxati hukumat qarori bilan tasdiqlandi. Ro‘yxatdagi yirik majmualar, xususan renovatsiya qilinadigan mavzelar hududining kamida 30 foizi yashil maydonlar bo‘lishi kerak. Shaharda yer maydoni 1 gektargacha bo‘lgan kichik va zich qurilishlardan voz kechilishi belgilandi.

Tanlangan hududlardagi qurilishlardan tushadigan infratuzilma to‘lovlari va boshqa ajratmalar hisobidan 9 ta hududda “Toshkent Invest” kompaniyasi tomonidan umumiy maydoni 139,6 gektar bo‘lgan yangi yashil hududlar – jamoat parklari tashkil etiladi. Shuningdek, Yangihayot tumani Xo‘ja Uchqun va Yangi Gulzor mahallalari hududida yer maydoni 799 gektar, loyiha qiymati 1 mlrd 670 mln dollar bo‘lgan “Yangi avlod” sanoat zonasi barpo etiladi. Shulardan kelib chiqib, Toshkent shahrining 2045 yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasiga ko‘plab o‘zgarishlar kiritildi.

Pedofiliya uchun umrbod qamoq jazosi haqidagi qonun loyihasi 3 oy muddatda ishlab chiqiladi

Prezident imzolagan yangi farmonda muqaddam sudlangan shaxslar voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarni sodir qilganda umrbod ozodlikdan mahrum qilish yoki uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini 3 oy muddatda ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berildi.

Hujjatda ayollar va bolalar huquqlarini ishonchli ta’minlashga qaratilgan ko‘plab choralar nazarda tutilgan. Jumladan, erta nikohlarning oldini olish, homilador talaba-qizlarga yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga imtiyozlar berish, voyaga yetmagan shaxslar bilan nikoh tuzishni targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash, himoya orderi berilgan jabrlanuvchi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchilar va sudyalar tomonidan tergov qilinishi va ko‘rib chiqilishi belgilandi.

Toshkentda bekatlar infratuzilmasi yangilanadi

Shahar ma’muriyatining tegishli qaroriga asosan barcha bekatlarni yangilash rejalashtirilgan, jumladan, ulardagi savdo obektlari ko‘chiriladi. Ruxsat beruvchi hujjatlarga ega tadbirkorlarga savdo nuqtalarini o‘rnatish uchun boshqa joy ajratish orqali kompensatsiya to‘lash mexanizmi ham ko‘zda tutilgan.

Ta’kidlanishicha, jahon amaliyotiga ko‘ra jamoat transporti bekatlarining zamonaviy konsepsiyasi bekat hududida savdo obektlari bo‘lmasligini, yo‘lovchilarning transportni erkin va xavfsiz kutishini, platformalar yetarlicha keng bo‘lishini hamda tirbandlik yuqori bo‘lganda ularni kengaytirish imkoniyati mavjudligini, shuningdek inklyuziv muhit yaratilishini nazarda tutadi.

Raqobat qo‘mitasi Namanganda 26 ta dorixonaga ish qo‘zg‘atdi

Raqobat qo‘mitasining Namangan viloyati hududiy boshqarmasi Fair tech yagona axborot tizimi orqali o‘tkazgan o‘rganishlarida ayrim dorixona va ulgurji sotuvchilar belgilangan savdo ustamalariga amal qilmagani aniqlandi.

Xususan, boshqarma tomonidan 26 ta dori vositalarini ulgurji sotuvchi sub’yektda o‘rganish o‘tkazilgan va belgilangan ulgurji referent narxlardan yuqori narx qo‘llangani, shu orqali esa jami 497 mln so‘mga yaqin asossiz daromad olingani ma’lum bo‘lgan. Qayd etilishicha, holat maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqilib, referent narxlarga amal qilmagan, asossiz ravishda narxlarni oshirib sotgan ulgurji sotuvchilarga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilgan.

Navoiyda YTH oqibatida 4 kishi vafot etdi

Navoiyda inson o‘limi bilan bog‘liq ayanchli yo‘l transport hodisasi sodir bo‘ldi. Hodisa shu yil 22 fevral kuni sodir bo‘lgan. Bu haqda Kun.uz manbasi bugun ma’lum qildi. Anglashiladiki, mas’ullar bu xabarni jamoatchilikdan yashirgan.

Ma’lum bo‘lishicha, hodisa 22 fevral kuni Konimex tumani hududida, “Navoiy–Zarafshon–Uchquduq” avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. Nexia haydovchisi o‘zi bilan bir yo‘nalishda harakatlanayotgan avtomobilni quvib o‘tishga uringan. Ammo bunga ulgurmasdan qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.

Nexia mashinasi tezligi ham belgilangan cheklovdan yuqori bo‘lgani aytilmoqda. YTH oqibatida 2 kishi voqea joyida, yana 2 kishi esa shifoxonada vafot etgan.

Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Buguncha shular. Voqea-hodisalarni Kun.uz’ning Telegram, Instagram, Facebook va YouTube kanallarida kuzatib boring. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid