Jahon | 12:56
11430
7 daqiqa o‘qiladi

Tramp Erondagi amaliyot muvaffaqiyatlari haqida gapirdi va Starmerni tanqid qildi

Zarba «juda kuchli» bo‘ldi, Eron uchun «eng yomon ssenariy» «avvalgisi kabi yomon odam hokimiyat tepasiga kelgan» vaziyat bo‘ladi, deb qo‘shimcha qildi Oq uy rahbari.

Foto: Reuters

Donald Tramp 3 mart kuni Oq uyda Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan uchrashuvdan keyin jurnalistlar bilan ham muloqot qildi. U AQSh va Isroilning operatsiyasi natijasida Eronga katta zarar yetkazilgani, shuningdek, Isroil uni emas, aksincha, u Isroilni Eronga zarba berishga undaganini aytdi.

«Yo‘q, Isroilni undagan men bo‘laman. Biz bu telbalar bilan muzokara olib bordik va menda ular birinchi bo‘lib bizga hujum qilishadi, degan fikr paydo bo‘ldi. Men bunday bo‘lishini istamadim. Shuning uchun, agar kimdir kimnidir nimagadir undayotgan bo‘lsa, bu men edim», – degan Amerika rahbari jurnalistlarning savollariga javob berarkan.

«Amalda barchasi yo‘q qilindi», – degan Tramp Erondagi amaliyotning oraliq natijalari haqida gapirar ekan.

Trampdan Amerika ma’muriyati rejalarida ko‘zda tutilgan «eng yomon» ssenariy qanday ekani ham so‘ralgan.

«O‘ylaymanki, eng yomon variant, biz buni qilib bo‘lganimizdan keyin hokimiyatga oldingisi kabi yomon odam kelishi bo‘ladi, to‘g‘rimi?» – degan u mojaroning ilk kunida aviazarba oqibatida halok bo‘lgan oyatulloh Ali Xominaiyni nazarda tutgan holda.

U Eronning o‘ldirilgan diniy rahnamosi o‘rnini egallashi mumkin bo‘lganlarning ham ko‘pchiligi halok bo‘lganini qayd etgan. «Tez orada biz taniydiganlar qolmaydi», – deya qo‘shimcha qilgan u.

3 mart kuni Isroil harbiylari AQSh Qurolli kuchlari bilan birgalikda Eronning Qum shahridagi Ekspertlar kengashi (Assembly of Expers) binosiga raketa-havo hujumi uyushtirgani ma’lum bo‘ldi.

Tasnim agentligi va Eron davlat ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, zarba avvalroq o‘ldirilgan oliy rahnamo Ali Xominaiyning vorisi uchun ovoz berish jarayonida ishtirok etadigan yuqori martabali diniy va siyosiy arboblar binoda bo‘lishi mumkin bo‘lgan paytda amalga oshirilgan. Eron davlat televideniyesining xabar berishicha, odamlar binodan oldindan evakuatsiya qilingan va dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, zarba paytida Ekspertlar kengashi a’zolari orasida qurbonlar yo‘q. Biroq vayronagarchiliklar ko‘lami katta – binoga jiddiy zarar yetgan.

«Uinston Cherchill emas». Britaniya va Ispaniya keskin tanqid qilindi

Matbuot vakillari bilan muloqot chog‘ida Donald Tramp Eronga birinchi zarbalar paytida London Vashingtonga Hind okeanidagi Diyego-Garsiya orolidagi bazasidan foydalanishga ruxsat berishdan bosh tortgani uchun Britaniya bosh vaziri Kir Starmerni tanqid qildi.

«Va qayerga qo‘nishimiz mumkinligini aniqlash uchun bizga uch-to‘rt kun kerak bo‘ldi. Yana bir necha soat uchishdan ko‘ra u yerga qo‘nish ancha qulayroq bo‘lardi», – degan Tramp.

«Shuning uchun biz juda ajablandik. Biz sizlarga Uinston Cherchill emas», – deydi u Starmerning harakatiga munosabat bildirib.

Tramp Buyuk Britaniyani yaxshi ko‘rishini aytdi, biroq mamlakatning energetika va immigratsiya siyosatini tanqid qilib, uni «dahshatli» deb atadi.

Oldinroq u Britaniyadagi The Sun tabloidiga bergan intervyusida ham Eron bo‘ylab zarba yo‘llashda yordam ko‘rsatmagani uchun Kir Starmerdan noligandi. 

«U [Starmer]ning foydasi tegmadi. Hech qachon bunaqa bo‘ladi deb o‘ylamagandim. Men hech qachon Buyuk Britaniya bunday qilishini ko‘raman deb o‘ylamagandim», – skazal Tramp. 

U AQSh va Buyuk Britaniya munosabatlari endi oldingidek emasligi uchun afsusdaligini bildirgan. 

Avvalroq Buyuk Britaniya bosh vaziri AQSh Diyego-Garsiyadagi baza va Glostershirdagi RAF Fairford bazasidan foydalanishiga rozi bo‘lmagani yuzasidan izoh bergandi.

«Iroqdagi xatolarni hammamiz eslaymiz. Prezident Tramp bizning dastlabki zarbalarda ishtirok etmaslik haqidagi qarorimizga noroziligini bildirdi, biroq Buyuk Britaniya milliy manfaatlariga to‘g‘ri keladigan hukm chiqarish – mening majburiyatim», – degandi u dushanba kuni parlamentdagi chiqishida

Keyinroq u Eronning Fors ko‘rfazidagi mamlakatlarga javob hujumi «Britaniya xalqi, manfaatlari va ittifoqchilar uchun tahdid» bo‘lganini aytib chiqdi. Bu zarbalar Yaqin Sharqdagi Britaniya fuqarolariga tahdid solardi, shu munosabat bilan Tehronning raketa infratuzilmasiga zarba berish uchun bazalardan foydalanishga ruxsat berishga qaror qilingan.

Dauning-stritdagilar Trampning bayonotlariga rasman izoh bermadi. BBC siyosiy muharriri Kris Meysonning so‘zlariga ko‘ra, uning manbalari norasmiy ravishda bosh vazirning mamlakatdagi milliy manfaatlar va jamoatchilik fikri haqidagi dalillarini takrorlagan.

Tramp Ispaniya ham operatsiya davomida AQShga o‘z bazalaridan foydalanishga ruxsat bermaganiga to‘xtalib, AQSh bu mamlakat bilan «barcha savdoni to‘xtatishi»ni aytdi va u allaqachon moliya vaziri Skott Bessentga «barcha bitimlarni to‘xtatish» bo‘yicha topshiriq bergan.

«Biz istasak bu bazadan foydalana olgan bo‘lardik. Biz shunchaki uchib borib, undan foydalangan bo‘lardik. Hech kim bizga undan foydalanmang demaydi, lekin biz bunga majbur emasmiz. Lekin ular do‘stlik qilishmadi. [...] Ularning ajoyib odamlari bor, lekin ajoyib rahbariyati yo‘q. Va, bilasizki, ular NATOdagi [mudofaa xarajatlari] ulushini 5 foizga oshirishga rozi bo‘lmagan yagona davlat edi. Ular biror narsaga rozi bo‘lmoqchi emas deb o‘ylayman. 2 foizligicha qoldirmoqchi bo‘lishdi, lekin shu 2 foizni ham to‘lashmayapti. Shuning uchun biz Ispaniya bilan barcha savdo-sotiqni to‘xtatmoqchimiz. Biz Ispaniya bilan hech qanday umumiylikka ega bo‘lishni istamaymiz», degan AQSh prezidenti.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid