Jahon | 17:04
15695
8 daqiqa o‘qiladi

Xominaiyning o‘g‘li uning o‘rnini egallashi mumkin. U haqida nimalar ma’lum?

Mujtabo Xominaiyga yaqin bo‘lgan siyosatchilardan biri uni ilg‘or fikrli odam deb atagan. Tahlilchilar fikricha esa uning tanlanishi konservativ siyosat davom ettirilishini anglatadi.

Foto: Morteza Nikoubazl/NurPhoto via Getty Images

Avvaliga qarorgohi Londonda joylashgan Iran International sun’iy yo‘ldosh telekanali, keyin esa New York Times gazetasi manbaga asoslanib, Mujtabo Xominaiy Eron islom respublikasining oliy rahbari lavozimiga asosiy nomzod ekani haqida xabar tarqatdi – u urushning ilk kunida halok bo‘lgan oyatulloh Ali Xominaiyning o‘g‘li hisoblanadi. Uni oldin ham bir necha bor otasining o‘rnini egallash uchun asosiy nomzd sifatida ko‘rsatishgandi.

New York Times ma’lumotiga ko‘ra, Eronning yangi oliy rahbarini saylash uchun mas’ul bo‘lgan Ekspertlar kengashi bu qaror haqida chorshanba kuni tongdayoq e’lon qilishga tayyor edi, ammo bu xabar kichik Xominaiyni AQSh va Isroil zarbalarining yangi nishoniga aylantirishi mumkinligi borasidagi xavotirlar tufayli uni yangi rahbar sifatida e’lon qilish keyinroqqa qoldirilgan.

Mujtaba Xominaiy 2000-yillardayoq otasining ehtimoliy vorisi sifatida ko‘rilardi. O‘shanda OAV uni oliy rahbarga eng yaqin kishilardan biri deb atagan.

Mujtabo Xominaiy kim o‘zi?

Mujtabo Xominaiy – oyatulloh Ali Xominaiyning ikkinchi o‘g‘li bo‘lib, 1969 yilda Mashhadda tug‘ilgan. 1979 yilgi inqilobdan keyin butun oila Tehronga ko‘chib o‘tgan, Ali Xominaiy o‘shanda mudofaa vaziri o‘rinbosari lavozimini olgandi.

1987 yilda Mujtabo Xominaiy maktabni tamomlaydi. Shundan keyin armiyada xizmat qiladi, xizmatning oxirgi ikki yili Iroq bilan urushga to‘g‘ri keladi. Aynan o‘sha davrda Mujtaba Xominaiy Islom inqilobi muhofizlari korpusi bilan yaqinlashgani aytiladi.

1989 yilda – islom inqilobi yetakchisi oyatulloh Ruhulloh Humayniyning vafotidan keyin Ali Xominaiy Eronning yangi diniy rahnamosi etib saylanadi. Mujtabo bu orada diniy ta’lim oladi va ta’limni davom ettirish uchun 1999 yilda shialar uchun musulmon ilohiyotining asosiy markazlaridan bo‘lgan Qum shahriga boradi.

Qumda Mujtaboga konservativ va ultrakonservativ diniy arboblar dars beradi. Keyinchalik uning o‘zi ham madrasada dars bera boshlaydi, ammo baribir oyatulloh diniy maqomiga erisha olmaydi.

Mujtabo 2000-yillarda G‘ulom-Ali Haddod Odilning qiziga uylanadi – 2004 yildan 2008 yilga qadar Eron parlamenti spikeri bo‘lgan. WikiLeaks ma’lumotlariga ko‘ra, 2007 yilda oilada birinchi farzand – o‘g‘il tug‘ilgan.

Mujtaboning rafiqasi va o‘g‘li ham urushning ilk kunida – 28 fevral kuni halok bo‘lishdi – ular ham zarba vaqtida Ali Xominaiyning yonida bo‘lishgan. Reuters agentligi manbalarga tayanib yozishicha, Mujtaboning o‘zi esa shu kuni Tehronda emasdi.

Mujtabo Xominaiy hech qachon hukumatda rasmiy lavozimlarni egallamagan, ammo 2005 va 2009 yilgi prezidentlik saylovlari chog‘ida uning nomi siyosiy yangiliklarda muntazam ravishda tilga olingan.

Namoyishlar bostirilishi

Ikki saylovda ham prezidentlik lavozimi konservator siyosatchi Mahmud Ahmadinajodga nasib etadi – u Mujtabo Xominaiyning yaqin ittifoqchisi edi va ko‘pchilik Ahmadinajodning g‘alabasida hal qiluvchi rolni aynan oliy rahnamoning o‘g‘li bajargan deb hisoblaydi.

2009 yilgi saylovlardan keyin boshlangan keng ko‘lamli namoyishlar shafqatsizlarcha bostirilishi ham kichik Xominaiy bilan bog‘lanadi. Guardian nashri yozishicha, aynan u Islom inqilobi muhofizlari korpusiga aloqador bo‘lgan va namoyishlarni bostirishda asosiy ishni bajargan Basij harbiylashgan tuzilmasiga amalda aynan u rahbarlik qilgan.

O‘shanda namoyishlar chog‘ida o‘nlab kishilar halok bo‘lgan: Eron hukumati saylovlar natijalari e’lon qilinganidan keyingi dastlabki olti hafta ichida 30 nafar namoyishchi halok bo‘lganini tan olgan, ammo jurnalistlar va huquq faollari qurbonlar soni ancha ko‘proq bo‘lganini aytishgan.

Moliyaviy imperiya va sanksiyalar

2019 yilda Mujtabo Xominaiyga AQSh tomonidan sanksiyalar qo‘llangan.

Shunga qaramay, u ulkan moliyaviy imperiya qurishga muvaffaq bo‘lgan: bu Fors ko‘rfazidagi kemachilikdan tortib, Buyuk Britaniyadagi hashamatli ko‘chmas mulklarni ham o‘z ichiga oladi.

Bu aktivlar rasman Xominaiyga emas, balki eronlik tadbirkor Ali Ansoriyga tegishli hisoblanadi. Ansoriyning o‘zi Xominaiy bilan aloqalarini rad etgan.

«Mujtabo – Erondagi va xorijdagi turli tashkilotlarda katta ulushga yoki de-fakto nazoratga ega», – degandi 2025 yil yanvarida Bloomberg bilan suhbatda Vashington Yaqin Sharq siyosati instituti katta ilmiy xodimi Farzin Nadimi.

Konservator yoki reformator?

Mujtabo Xominaiyga yaqin hisoblangan siyosatchi Abdulrizo Davari bir necha marta agar oyatullohning o‘g‘li diniy rahbarlik lavozimiga voris etib saylanadigan bo‘lsa, u Saudiya valiahdi Muhammad ibn Salmon kabi figuraga aylanishi mumkinligini aytgan.

«U juda ilg‘or fikrlaydigan shaxs bo‘lib, qat’iy liniya tarafdorlarini bir chetga surib qo‘yadi», – degandi Davari urushdan biroz oldinroq NYT bilan suhbatda.

Tahlilchilar esa, aksincha, Xominaiyning tanlanishi konservativ siyosat davom ettirilishini anglatadi, deb hisoblaydi.

«Uzoq vaqtdan buyon u voris bo‘lishi taxmin qilinayotgandi, ammo so‘nggi ikki yilda u ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Agar uni saylashsa, bu endi barcha narsani Islom inqilobi muhofizlari korpusining eng qat’iy qanoti boshqarishini anglatadi», – degan NYT uchun izohida Jons Hopkins universiteti vakili Vali Nasr.

«Mujtabo – hozir eng oqilona tanlov, chunki u xavfsizlik kuchlari va harbiylar ishini boshqarish va muvofiqlashtirish bilan yaxshi tanish», – degan NYT’ga Tehrondagi tahlilchi Mehdi Rahmati.

Vorisiylik masalasi

Kichik Xominaiyga qarshi argumentlardan biri – hokimiyatni meros qilib qoldirish pretsedenti yuzaga kelishidir. Eron rahbariyati uchun 1979 yilgi inqilobdan keyin islom respublikasi qat’iyan voz kechgan shohlar boshqaruvi bilan keraksiz assotsiatsiyani yuzaga keltiradi.

Islom inqilobi yetakchisi Ruhulloh Humayniyning o‘g‘li Ahmad ehtimoliy nomzodlar qatorida ko‘rilgandi, ammo yakunda oliy rahnamo lavozimini Ali Xominaiy egallaydi.

Ahmad Humayniy 1995 yilda yurak xurujidan vafot etgan. Ayrimlar uning o‘limini shubhali deb atagan, xususan, u o‘ldirilgani taxmin qilingan.

Ahmadning o‘g‘li Hasan Humayniy ham Ali Xominaiyning o‘limidan keyin oliy rahbar lavozimi uchun ehtimoliy nomzodlar qatorida sanalayotgandi. U Mujtabo Xominaiyga qaraganda mo‘’tadilroq ekani aytiladi.

Ali Xominaiy hayotligida, 2024 yilda, Ekspertlar kengashi ehtimoliy vorisni muhokama qilish uchun yig‘ilganida, oliy rahbarning o‘zi o‘g‘lining nomzodi ko‘rib chiqilmayotganini aytgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid