Jahon | 10:17
1278
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil yana G‘azoni o‘qqa tutdi: 6 nafar falastinlik halok bo‘ldi

Yakshanba kuni Isroilning havo hujumi va tanklardan o‘qqa tutishi natijasida olti nafar falastinlik, jumladan ikki nafar qizaloq halok bo‘ldi.

Foto: Reuters

G‘azo sog‘liqni saqlash rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu ikki alohida hujum Isroil va AQSh mintaqada yangi urush boshlaganidan beri sektordagi eng qonli hodisalar bo‘ldi.

Reuters nashrining yozishicha, Isroilning birinchi hujumi G‘azo shahrining g‘arbiy qismidagi Al-Azhar universiteti yaqinida bo‘lgan. Ushbu zarbada tibbiyot xodimlari Muhammad Hamduna, Muhammad Abu Shedeq va Ahmed Lafilar halok bo‘lgan. Shifokorlarning qo‘shimcha qilishicha, zarba g‘azoliklar boshpana topgan gavjum chodirli lagerlar yaqiniga berilgan va yana bir necha kishi yaralangan.

Isroil harbiylari yakshanba kuni bergan bayonotida, hech qanday dalil keltirmasdan, o‘z askarlariga hujum qilishga tayyorlanayotgan Hamasning ikki a’zosi yo‘q qilinganini bildirdi. Hozircha hech bir guruh halok bo‘lganlarni o‘z a’zosi sifatida tan olmagan. Isroil harbiylari ularning ehtimoliy hujumga aloqadorligini tasdiqlovchi dalillar bo‘yicha Reuters’ning so‘roviga izoh bermadi.

Ikkinchi alohida hujum – G‘azo sektorining markaziy qismidagi Nusayrat lagerida bo‘ldi. «Al-Avda» shifoxonasi rasmiylariga ko‘ra, yarim tundan so‘ng Isroil tanklari o‘qqa tutishi oqibatida kamida uch kishi, jumladan ikki qizaloq halok bo‘lgan. Shuningdek, ichida bolalar ham bo‘lgan 10 kishi yaralangan.

Foto: Reuters

Tibbiyot xodimlarining aytishicha, tank snaryadlari Nusayratning g‘arbiy qismida oilalar yashayotgan chodirlar majmuasiga tushgan.

Ushbu tank hujumi bo‘yicha Isroil tomonidan hozircha hech qanday rasmiy munosabat bildirilmadi.

Ikki yillik urush G‘azoning katta qismini xarobaga aylantirdi va ikki milliondan ortiq aholining aksariyat qismini o‘z hududida ko‘chishga majbur qilgan.

Eronga qarshi kampaniya boshlanganidan buyon G‘azoga hujumlar soni kamaygandi. Shunga qaramay, Isroil kuchlari o‘tgan hafta davomida ham bir necha falastinlikni o‘ldirdi.

Isroil va Hamas 2025 yilning oktabr oyida AQSh vositachiligida G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Biroq zo‘ravonliklar deyarli har kuni davom etmoqda. Har ikki tomon ham sulh bitimining buzilishida bir-birini ayblab kelmoqda. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, oktabr oyidan beri Isroil zarbalari natijasida kamida 640 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Isroil tomoni esa shu davr mobaynida G‘azoda to‘rt nafar askar o‘ldirilganini aytmoqda.

G‘azo ikki yildan ortiq davom etayotgan Isroil hujumlari natijasida yakson bo‘lgan. Bu hujumlar oqibatida 72 000 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan va anklavning katta qismi vayronaga aylangan. 

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid