Jahon | 20:37 / 10.03.2026
5363
2 daqiqa o‘qiladi

WSJ: maslahatchilar Trampni Eron bilan urushni tezroq tugatishga chaqirmoqda

Ular urush cho‘zilishi va narxlar oshishi prezident reytingiga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xavotirda.

Foto: WSJ

Donald Trampning maslahatchilari uni Eron bilan urushdan chiqish rejasini ishlab chiqishga chaqirmoqda – The Wall Street Journal nashri yozishicha, ular urush cho‘zilishi AQSh prezidenti uchun salbiy siyosiy oqibatlar keltirib chiqarishidan xavotirda.

Maslahatchilar fikricha, AQSh Eronda allaqachon barcha maqsadlariga erishganini ko‘rsatish kerak, deydi nashrga vaziyatdan xabardor manbalar. Ularning so‘zlariga ko‘ra, hozircha Trampning konservativ elektorati Eron bilan urushni qo‘llab-quvvatlamoqda, biroq mojaro cho‘zilib ketadigan bo‘lsa, bunday qo‘llov darajasi pasayib ketishi mumkin.

Nashr suhbatdoshlari qayd etishicha, amerikaliklarning aksariyati urushga qarshi ekanini ko‘rsatuvchi ijtimoiy so‘rovlar natijalari Trampga taqdim qilingan.

Bundan tashqari, maslahatchilar Yaqin Sharqdagi urush tufayli yoqilg‘i narxlari ko‘tarilishi ham Trampning reytingiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan xavotirda.

AQSh prezidenti ma’muriyatidagilar esa amerikaliklar Trampning harakatlarini qo‘llab-quvvatlashiga shubha yo‘qligini aytishmoqda. «Amerikaliklarning mutlaq ko‘pchiligi Eron rejimi tomonidan yaratilgan tahdidni to‘xtatish va terrorchilarning o‘ldirilishini qo‘llab-quvvatlaydi va bu – prezident Tramp erishmoqchi bo‘lgan narsadir», – deya Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levittning so‘zlarini keltiradi WSJ.

AQSh va Isroil 28 fevraldan buyon Eron bo‘ylab zarbalar berib kelmoqda. Eron esa bunga javoban AQShning Fors ko‘rfazidagi ittifoqchilarini o‘qqa tutmoqda. Tehron neft va suyultirilgan gaz tranziti amalga oshiriladigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ham yopib qo‘yganini ma’lum qilgan. AQSh va Isroilning Eron bilan urushi fonida jahon bozorida neft narxi keskin oshdi va bir barrel uchun narx 100 dollarga yetdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid