Jahon | 15:45 / 11.03.2026
7090
4 daqiqa o‘qiladi

Koshta Rossiyani Eron bilan urushning yagona “g‘olibi” deb atadi

Neft va gaz narxlari o‘sishi fonida Yevropa kengashi rahbari Rossiyani Eron bilan urushdan “yutayotgan” yagona davlat deb hisoblamoqda. Antoniu Koshta mojaro tomonlarini eskalatsiyaning oldini olish uchun muzokaralar stoliga qaytishga chaqirdi.

Foto: AFP

Rossiya AQSh va Isroilning Eronga qarshi davom etayotgan urushidagi yagona “g‘olib”dir, dedi Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta 10 mart, seshanba kuni Bryusselda YeI mamlakatlari elchilari oldida so‘zlagan nutqida. Uning ta’kidlashicha, energiya tashuvchilar narxi oshishi tufayli Moskva Ukrainaga qarshi urushni moliyalashtirish uchun yangi resurslarga ega bo‘lmoqda.

“Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan harbiy imkoniyatlarning boshqa tomonga burilishi unga foydali. Shuningdek, Yaqin Sharqdagi mojaro birinchi o‘ringa chiqib, Ukraina frontiga bo‘lgan e’tibor susayganidan ham u yutmoqda”, — dedi Koshta.

Yevropa kengashi rahbarining fikricha, Yevropa Ittifoqi qoidalarga asoslangan jahon tartibini himoya qilishi kerak, chunki uning bahosiga ko‘ra, hozir Vashington harakatlari tufayli bu tartib shubha ostida qolmoqda. Shu bilan birga, Koshta hozirgi vaziyatning chuqur sabablari uchun mas’uliyat Eron zimmasida ekanini ham ta’kidladi. U YeI nomidan Yaqin Sharqdagi mojaroning barcha tomonlarini keyingi eskalatsiyaning oldini olish uchun muzokaralar stoliga qaytarishga chaqirdi.

Urush tufayli strategik jihatdan muhim bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar qatnovi qattiq zarar ko‘rdi. Tinchlik paytida ushbu bo‘g‘oz orqali dunyodagi xom neftning taxminan 20 foizi tashiladi. AFP agentligi ta’kidlashicha, urush boshlanganidan beri butun dunyo bo‘ylab neft va gaz narxlari keskin oshdi, holbuki g‘arb sanksiyalari Rossiyaning neft sotishdan oladigan daromadlarini qisqartirishga qaratilgan.

Antoniu Koshta Bryusselda “yangi voqelik” haqida gapirib, unda “Rossiya tinchlikni buzmoqda, Xitoy savdoga xalal bermoqda, AQSh esa qoidalarga asoslangan xalqaro tartibni shubha ostiga qo‘ymoqda”, dedi. YeI Eron xalqini qo‘llab-quvvatlaydi, ammo “erkinlik va inson huquqlariga bombalar yordamida erishib bo‘lmaydi”, — deya ta’kidladi Yevropa kengashi raisi.

Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) AQSh prezidenti Donald Trampning Eron bilan urush tez orada tugashi mumkinligi haqidagi so‘zlariga keskin munosabat bildirdi.

“Urush qachon tugashini aynan biz hal qilamiz. Jang maydonidagi sharoit va urushning tugashi Islom Respublikasi qo‘lida”, — deyiladi 9 mart kuni Tasnim agentligi tarqatgan bayonotda.

Bundan oldin Tramp Eronga qarshi urush kutilganidan ancha tez tugashi mumkinligini aytgan edi. CBS News telekanali uning telefon orqali bergan intervyusi yakunlariga tayanib keltirishicha, Tramp shunday degan: “Menimcha, urush deyarli tugadi. Ularda na flot, na aloqa tizimlari, na harbiy-havo kuchlari bor”. Uning qo‘shimcha qilishicha, urush “rejadan ancha oldinlab ketmoqda”.

Fevral oyi oxirida Tramp urush to‘rt-besh hafta davom etishi mumkinligini aytgan edi, o‘tgan hafta oxirida esa Oq uy matbuot kotibi Karolayn Livitt bu muddatni to‘rt-olti hafta deb atagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid