Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Biz qasos olamiz». Mujtaba Xominaiy ilk bor millatga murojaat qildi
Uning o‘zi omma oldida ko‘rinish bermadi, murojaat teleboshlovchi tomonidan o‘qib eshittirildi. U Eron qurolli kuchlarini Amerikaning mintaqadagi bazalariga hujumlarni davom ettirishga va Ho‘rmuz bo‘g‘ozini bloklashni davom ettirishga chaqirgan.
Foto: AP
Eronning yangi rahbari Mujtaba Xominaiy oliy lavozimga saylanganidan beri birinchi marta xalqqa murojaat qildi. Uning bayonoti davlat televideniyesi orqali o‘qib eshittirildi.
Xominaiyning o‘zi kadrda ko‘rinish bermagan, oldinroq Eron TIV u AQSh va Isroil hujumi vaqtida yaralangani haqidagi xabarlarni tasdiqlagandi.
Bayonotda Eron tashqi tajovuzga taslim bo‘lmasligi, dushmanga bosim o‘tkazish uchun «Ho‘rmuz bo‘g‘ozini bloklash» chorasidan foydalanishda davom etishi lozimligi ta’kidlangan.
Xominaiy o‘z murojaatida Eron qo‘shni davlatlar bilan «do‘stona» siyosat olib borishini aytgan, ammo ularga Amerikaning Eron nishoniga aylanayotgan bazalarini yopishni maslahat bergan.
Quyida uning murojaati mazmuni qisqacha keltiriladi.
Shahidlarimizning qoni uchun qasos olamiz. Har bir o‘ldirilgan eronlik uchun qasos olinadi. Ishni oxiriga yetkazmagunimizcha, bu ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Biz dushmanlardan tovon talab qilamiz, agar ular rozi bo‘lmasa, mol-mulklarini o‘zimiz xohlaganimizcha tortib olamiz. Yoki ularga shu darajadagi zarar yetkazamiz.
Jasur jangchilarimizdan minnatdorman, ular ulkan ishlarni amalga oshirmoqda. Bizni Yaman va Iroqdagi qarshilik kuchlari qo‘llab-quvvatlamoqda. Biz qo‘shnilar bilan do‘stlikka ishonch bildiramiz va faqat Amerika bazalarini nishonga olamiz. Biz bu harakatlarni davom ettirishga majburmiz. AQShning barcha bazalari yopilishi kerak – aks holda biz ularga hujum qilamiz. Dushmanlarimizga bosim o‘tkazish uchun Ho‘rmuz bo‘g‘ozi to‘silishi davom ettiriladi.
8 mart kuni Mujtaba Xominaiy Eronning yangi diniy rahbari sifatida e’lon qilindi. U o‘tgan vaqt ichida hali biror marta omma oldida ko‘rinish bermadi.
Mujtaba – AQSh-Isroil kampaniyasining birinchi kunida, 28 fevral kuni o‘ldirilgan sobiq diniy rahnamo Ali Xominaiyning ikkinchi o‘g‘li hisoblanadi.
BBC fors xizmati muxbiri ta’kidlashicha, Eron televideniyesi Mujtabani «Ramazon urushi faxriysi» deb atagan, biroq uning jarohat olgan-olmaganiga aniqlik kiritmagan. G‘arbdagi ko‘plab nufuzli nashrlar u 28 fevral kuni yaralangani haqida yozgan, ammo jarohat qanchalik jiddiyligi haqida aniq ma’lumot yo‘q.