Jahon | 16:14 / 12.03.2026
3493
3 daqiqa o‘qiladi

Kreml Rossiyada aloqaning o‘chirilishini Kiyev hujumlari bilan izohladi

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada aloqa “fuqarolar xavfsizligini ta’minlash” uchun, Kiyevning “tobora murakkablashib borayotgan hujumlari” fonida o‘chirilmoqda. Moskvada mobil internet besh kun o‘chirib qo‘yilgani sabab biznes ko‘rgan zarar 3–5 milliard rubl deb baholandi.

Foto: kp.ru

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, o‘tgan hafta Moskva va Rossiyaning boshqa hududlarida kuzatilgan aloqa uzilishlari, go‘yoki, Ukrainaning hujumlar uchun “tobora murakkab usullardan” foydalanayotgani sharoitida “fuqarolar xavfsizligini ta’minlash” uchun zarur edi. Uning so‘zlarini 11 mart, chorshanba kuni RBK nashri keltirdi.

Cheklovlar qancha davom etishi haqidagi savolga javob berar ekan, Vladimir Putin matbuot kotibi shunday dedi: “Fuqarolarimiz xavfsizligini ta’minlash uchun qo‘shimcha choralar qancha vaqt zarur bo‘lsa, shuncha vaqt”.

Shu bilan birga, “Kommersant” gazetasi IT sohasi eksperti bahosini keltiradi, unga ko‘ra, Moskva biznesi mobil internet besh kun o‘chirib qo‘yilgani tufayli 3–5 milliard rubl (32–54 million yevro) miqdorida zarar ko‘rgan bo‘lishi mumkin. Eng ko‘p zararni kichik va o‘rta biznes, kurerlik xizmatlari, taksi, karshering va mobil terminallardan foydalanuvchi chakana savdo ko‘rgan.

Jamoatchilik fikri jamg‘armasi va Oliy iqtisodiyot maktabi sotsiologlari yanvar–mart oylarida to‘plagan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyadagi kichik biznes egalarining qariyb uchdan biri o‘z biznesini yopish yoki sotish haqida o‘ylamoqda. So‘rovda qatnashganlarning 52 foizi ishlari ahvoli yanada yomonlashishiga ishonch bildirgan.

17 fevral kuni Davlat dumasi “Aloqa to‘g‘risida”gi qonunga operatorlarni FXX talabi bilan mobil aloqa va internetni o‘chirishga majbur etuvchi tuzatishlarni qabul qildi. Bunda blokirovkalar bo‘yicha qaror qabul qilish vakolati amalda prezident ixtiyoriga mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Bundan oldin Roskomnadzor rasman Telegram ishini sekinlashtirishni boshlaganini e’lon qilgan, shuningdek YouTube, WhatsApp va turli ommaviy axborot vositalari, jumladan DW'ga qarshi bloklash choralarini kuchaytirgan edi. Ekspertlar qayd etishicha, Rossiyada aloqa blokirovkalari o‘tgan yil iyunidan beri muntazam ravishda amalga oshirilmoqda — rasman bu Ukraina dronlari hujumlari bilan izohlanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid