Jahon | 09:40
1062
4 daqiqa o‘qiladi

Isroil Livanga yangi zarbalar berdi, halok bo‘lganlar bor

TSAHAL Bayrut markazi, janubiy tumanlari, shuningdek, “Hizbulloh” infratuzilmasi joylashgan shahar atrofiga hujum qildi. Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi Livan universiteti va plyajga berilgan zarbalar oqibatida halok bo‘lganlar borligini ma’lum qildi.

Foto: AP

Isroil mudofaa armiyasi (TSAHAL) Livandagi operatsiyalarni kengaytirish rejalari haqidagi bayonotdan so‘ng Bayrut markazi, janubiy tumanlari va shahar atrofiga zarbalar berdi. Xususan, 12 mart, payshanba kuni Livan universiteti kampusi, shuningdek, “Hizbulloh” bilan bog‘liq moliyaviy kompaniya ofisi nishonga olingan, deb xabar berdi AFP agentligi.

Livan davlat axborot agentligi NNA ma’lumotiga ko‘ra, o‘quv yurti kampusiga dron zarbasi berilishi oqibatida ikki nafar xodim halok bo‘lgan. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi, shuningdek, Bayrut janubida joylashgan Aramun shahrida besh kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Vazirlikka ko‘ra, ular orasida bir nafar bola ham bor. Bundan tashqari, vazirlik Bayrutdagi Ramlet al-Bayda plyajiga ertalabki hujum oqibatida halok bo‘lganlar soni 12 nafarga yetganini, yana 28 kishi yaralanganini bildirdi.

Umuman olganda esa, Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 12 mart kuni butun mamlakat bo‘ylab o‘qqa tutishlar natijasida 56 kishi halok bo‘lgan, yana 188 kishi yaralangan. Vazirlik bayonotida aytilishicha, 2 martdan buyon Livanga qilingan hujumlar boshlanganidan beri halok bo‘lganlar umumiy soni 687 nafarga yetgan, ular orasida 98 nafar bola va 52 nafar ayol bor, qariyb 1800 kishi yaralangan.

Isroil mudofaa vaziri Israel Kats bir kun oldin “Hizbulloh” uning mamlakatiga “ommaviy hujum” qilganini eslatdi. “Men Livan prezidentini ogohlantirdim: agar Livan hukumati o‘z hududini nazorat qilish va ‘Hizbulloh’ tomonidan Isroilning shimoliy aholi punktlariga tahdidlarning oldini olishni bilmasa, u holda biz hududni egallaymiz va buni o‘zimiz qilamiz”, — deya Katsning TSAHAL rahbariyati bilan uchrashuvda aytgan so‘zlarini The Times of Israel nashri keltiradi.

Mudofaa idorasi rahbari, shuningdek, mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan birgalikda TSAHALga “shimoliy hududlarda tinchlik va xavfsizlikni tiklash uchun Livandagi faoliyatni kengaytirishga tayyorgarlik ko‘rish” topshirig‘ini berganini aytdi. Bundan tashqari, TSAHAL vakillari Livanning janubiy aholi punktlari aholisini “Hizbulloh”ga qarshi kutilgan harbiy harakatlar haqida ogohlantirib, ularni uylarini tark etishga chaqirdi.

12 mart kungi zarbalarga izoh berar ekan, TSAHAL “Hizbulloh” bilan birga harakat qilayotgan Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) diviziyasining qo‘mondoni va qo‘mondon o‘rinbosari o‘ldirilganini ma’lum qildi. Isroil armiyasi ma’lumotiga ko‘ra, mart oyi boshidan buyon Livanda 350 nafar jangchi o‘ldirilgan.

AQSh va Isroil 28 fevraldan buyon Eronga havo zarbalari berib kelmoqda. Bu hujumlar oqibatida Islom Respublikasining oliy rahbari Ali Xominaiy va Eron rahbariyatining boshqa a’zolari o‘ldirilgan. Bunga javoban Eron Isroilga, Fors ko‘rfazi mintaqasidagi ayrim mamlakatlarga va mintaqadagi Amerika harbiy obektlariga zarbalar bermoqda.

“Hizbulloh” 2 mart kuni Eron tomonida turib urushga qo‘shilib, Isroilga raketa va dronlar bilan hujum qilganidan so‘ng, TSAHAL ham Livan janubiga va Bayrutning janubiy atroflariga, guruh infratuzilmasi joylashgan hududlarga zarbalar berdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid