Iqtisodiyot | 14:31
832
2 daqiqa o‘qiladi

Statistika: iqtisodiyoti eng tez o‘sgan hududlar ro‘yxati

Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etgan. Xususan, mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi joriy narxlarda 1 849,7 trln so‘mni tashkil etib, 2024 yilga nisbatan 7,7 foizga oshgan.

Hududlar kesimida yalpi hududiy mahsulot (YaHM) ko‘rsatkichlari tahlil qilinganda, Toshkent shahri iqtisodiy o‘sish sur’ati bo‘yicha yetakchilik qilgan. Poytaxtda YaHM hajmi 367 222,3 mlrd so‘mga yetgan bo‘lib, o‘sish sur’ati 11,3 foizni tashkil etgan.

Iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari bo‘yicha ikkinchi o‘rinni Sirdaryo viloyati egalladi. Ushbu hududda yalpi hududiy mahsulot 35 794,4 mlrd so‘mni tashkil etib, yillik o‘sish 9,8 foizga teng bo‘lgan. Keyingi o‘rinlarda esa Namangan va Jizzax viloyatlari qayd etildi — har ikki hududda ham iqtisodiy o‘sish sur’ati 8,2 foizni tashkil qilgan.

Shuningdek, Samarqand viloyatida YaHM 121 489,5 mlrd so‘m (+8,0 foiz), Farg‘ona viloyatida 111 305,3 mlrd so‘m (+8,1 foiz), Xorazm viloyatida 62 987,5 mlrd so‘m (+7,9 foiz) va Navoiy viloyatida 167 964,6 mlrd so‘m (+7,7 foiz)ga yetgan.

Toshkent viloyatida yalpi hududiy mahsulot 180 177,4 mlrd so‘mni tashkil etib, iqtisodiy o‘sish 7,2 foizni tashkil etgan. Buxoro viloyatida ham xuddi shunday ko‘rsatkich qayd etilgan — 86 608,1 mlrd so‘m (+7,2 foiz). Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa YaHM 54 076,9 mlrd so‘mni tashkil etib, o‘sish 7,2 foiz bo‘lgan.

Andijon viloyatida yalpi hududiy mahsulot 107 717,6 mlrd so‘m (+6,8 foiz), Qashqadaryo viloyatida 98 783,4 mlrd so‘m (+6,8 foiz) va Surxondaryo viloyatida 66 186,5 mlrd so‘m (+6,6 foiz)ga yetgan.

Hududlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlari sanoat, xizmatlar sohasi, qishloq xo‘jaligi, investitsiya loyihalari va infratuzilma rivoji bilan uzviy bog‘liq. Ayrim hududlarda yangi sanoat korxonalari ishga tushirilishi, ishlab chiqarish hajmining kengayishi va xizmatlar bozorining rivojlanishi iqtisodiy o‘sish sur’atlarini yanada jadallashtirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid