Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyaning Xarkiv viloyatiga zarbasi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi
Kupyansk tumanida Rossiya aviatsiya zarbasi oqibatida yo‘lovchi avtobusi haydovchisi va ikki nafar yo‘lovchi halok bo‘ldi, yana to‘rt kishi yaralandi. Zaporijjya viloyatida esa avtosisterna portlashi ortidan bir kishi halok bo‘lib, yana biri jarohat oldi.
Foto: Telegram / DSNS_TELEGRAM
Ukraina hokimiyati ma’lum qilishicha, Rossiya qo‘shinlari 13 mart, juma kuni ertalab Xarkiv viloyatining Kupyansk tumanidagi Novaya Aleksandrovka qishlog‘i yaqiniga raketa zarbasi bergan. Shu paytda u yerda Xarkivdan Velikiy Burlukka ketayotgan reys avtobusi bo‘lgan.
Xarkiv viloyati prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, raketa portlashi oqibatida avtobus haydovchisi va ikki nafar yo‘lovchi halok bo‘lgan, yana to‘rt kishi yaralangan. Bundan tashqari, xususiy turar joy uylariga ham zarar yetgan.
Kupyansk tuman harbiy ma’muriyati rahbari Andrey Kanashevichning aytishicha, Rossiya “Lanset” turidagi hujumkor drondan foydalangan. Prokuratura esa o‘z navbatida zarba “Iskander-M” raketasi bilan berilganini bildirmoqda.
“Babel” nashri yozishicha, avtobus ichida jami 15 kishi bo‘lgan.
13 martga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Xarkiv viloyatidagi Balakleya shahriga ham hujumkor dronlar bilan hujum qildi. Shahar harbiy ma’muriyati boshlig‘i Vitaliy Karaban ma’lum qilishicha, turar joylar hududiga “bir nechta zarba” qayd etilgan.
Undan bir kun avval kechqurun Rossiyaning hujumkor dronlari Odessa viloyati port infratuzilmasiga hujum qildi. Viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Kiperning aytishicha, oziq-ovqat ombori zarba ostida qolgan va u yerda yong‘in chiqqan, ammo u tez orada o‘chirilgan. Kiper ma’lumotiga ko‘ra, hujum natijasida hech kim jabrlanmagan.
13 mart ertalab Zaporijjya viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Ivan Fedorov Zaporijjya tumanida Rossiya dronining avtosisternaga urilishi oqibatida 57 yoshli erkak halok bo‘lganini ma’lum qildi. Uning Telegram-kanalida yozishicha, yana bir 37 yoshli erkak jarohat olgan.
Kunduzi Rossiya Zaporijjya shahridagi ko‘p qavatli turar joy binosiga ham hujumkor dronlar bilan hujum qilganini Fedorov bildirdi. Jabrlanganlar haqida ma’lumot kelib tushmagan.
Ukraina qurolli kuchlari Havo kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari o‘tgan kechasi Ukraina bo‘ylab “Iskander-M” ballistik raketasi va 126 ta dron uchirgan. 117 ta dron “urib tushirilgan yoki tutib olingan”.
Ertalabki ma’lumotnomada aytilishicha, raketa va sakkizta hujumkor dron yettita hududga kelib tushgan, shuningdek, parchalar tushishi holatlari ham qayd etilgan.
Mavzuga oid
17:26
Mers AQShning Rossiya neftiga qarshi sanksiyalarni yumshatishini qoraladi
13:37
Zelenskiy: AQSh sanksiyalarni yumshatishi Rossiya pozitsiyasini faqat mustahkamlaydi
13:27
Tramp Putinning Erondan uranni Rossiyaga olib chiqish haqidagi g‘oyasini rad etdi
21:50 / 13.03.2026