Jahon | 15:44 / 19.03.2026
1644
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina va Ispaniya mudofaa sohasida yangi kelishuvlar imzoladi

Ukraina va Ispaniya mudofaa sohasida yangi kelishuvlar imzoladi, deb ma’lum qildi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches bilan Madridda bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida 18 mart, chorshanba kuni. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar iqtisodiy va infratuzilma sohalarida, jumladan temir yo‘l hamkorligi bo‘yicha ham kelishuvlarga erishgan.

Foto: AFP

Zelenskiy shunday dedi: “Ukraina va Ispaniya o‘rtasida, shuningdek xususiy sektorimiz va kompaniyalarimiz o‘rtasida yangi mudofaa kelishuvlari bor. Iqtisodiy va infratuzilmaviy hamkorlikda harakat bor. Temiryo‘l bo‘yicha kelishuvga erishdik. Bu muhim qarorlar. Shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasida humanitar va diplomatik hamkorlik ham davom etmoqda”.

Muzokaralarda Ukraina havo mudofaasini kuchaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Zelenskiy Ispaniya mudofaa sanoati bilan birgalikda qurol ishlab chiqarishga qiziqish bildirdi. Uning aytishicha, Ispaniya Ukrainaga o‘q-dorilar, radarlar va harbiy texnika yetkazib berish imkoniyatiga ega. Ukraina esa o‘z navbatida, urush davomida to‘plagan tajribasi — ayniqsa dronlardan foydalanish bo‘yicha bilimlar bilan bo‘lishishga tayyor.

Zelenskiy shunday ta’kidladi: “Havo mudofaasini kuchaytirish, HHM tizimlari va raketalar bilan ta’minlash — bu zarurat. Bu doimiy ish. Ispaniya osmonimizni himoya qilishda katta yordam berdi. Turli loyihalarni ham muhokama qildik. Mamlakatlarimiz o‘rtasida qo‘shma ishlab chiqarishga juda ishonaman. Ukraina urush davomida orttirgan bilimlarini, ayniqsa dronlar bo‘yicha tajribasini taqdim etishga tayyor. Ispaniya mudofaa sanoati esa zarur o‘q-dori, radar va texnika yetkazib bera oladi. Jamoalarimiz bu borada allaqachon batafsil ish olib bormoqda”.

Shu bilan birga, Zelenskiy Vengriya tomonidan to‘sib qo‘yilgan Yevropa Ittifoqining 90 milliard yevro miqdoridagi krediti Ukraina uchun qanchalik muhim ekanini ta’kidladi.

“Biz a’zo davlatlar va YeI bu masalani hal qilish yo‘lini topishiga juda umid qilamiz”, dedi u.

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban — YeIda Vladimir Putinning yaqin ittifoqchilaridan biri sifatida mazkur kredit ajratilishini to‘sib turibdi. Bunga sabablardan biri sifatida mamlakatga Rossiya nefti yetkazib beriladigan quvurning shikastlanishi keltirilgan. Kiyev esa “Drujba” neft quvuri yanvar oyida Rossiya zarbalari natijasida shikastlanganini bildirgan. Seshanba kuni Yevropa Ittifoqi ta’mirlash ishlarida ishtirok etish uchun mutaxassislar yuborishga tayyorligini bildirgan.

Zelenskiy, avvalroq Budapesht pozitsiyasini “shantaj” deb atagan holda, Madridda kredit kechiktirilishi “adolatsiz” ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, bu masalani hal qilish uchun “yetarlicha kuchli dalillar topiladi”.

Rossiya hujumi boshlanganidan buyon, Yevropa Ittifoqida iqtisodiyot hajmi bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turuvchi Ispaniya Ukrainaga izchil yordam ko‘rsatib kelmoqda. Savdo bo‘yicha davlat kotibi Amparo Lopes Senovilya yaqinda umumiy yordam hajmi 17 milliard yevroni tashkil etganini ma’lum qildi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha mamlakat Yevropa donorlari orasida o‘rta o‘rinlarda turadi.

Yordam turli shakllarda taqdim etilgan: to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy texnika yetkazib berish (jumladan Leopard tanklari), qurol xaridlari va humanitar yordam. Shu bilan birga, asosiy hissa Ispaniyaning YeI va NATO dasturlarida ishtirok etishi orqali amalga oshirilgan. Mamlakat, shuningdek, vaqtinchalik himoya bo‘yicha Yevropa direktivasi doirasida 300 mingdan ortiq ukrain qochqinlarini qabul qilgan.

Bu Volodimir Zelenskiyning prezidentlik davrida Ispaniyaga ikkinchi tashrifidir. U 2024 yil 27 may kuni Madridga ilk bor tashrif buyurib, Pedro Sanches bilan ikki tomonlama xavfsizlik va mudofaa kelishuvini imzolagan edi. Ushbu kelishuv humanitar yordam, Ukraina tiklanishi va “xalqaro huquq asosida adolatli va barqaror tinchlikka intilish” kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan.

O‘shanda Ispaniya qiroli va qirolichasi davlat rahbarlari sharafiga qirollik saroyida rasmiy tushlik uyushtirgan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid