Jahon | 09:20
1466
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp: AQSh Eronga qarshi keng ko‘lamli operatsiyalarni qisqartirishi mumkin

AQSh Erondagi maqsadlariga erishishga yaqin qoldi va Yaqin Sharqdagi keng ko‘lamli harbiy operatsiyalarni qisqartirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, dedi Donald Tramp.

Foto: REUTERS

AQSh harbiylari Eron bilan urushda o‘z maqsadlariga erishishga “juda yaqin qoldi”, shu munosabat bilan Vashington Tehronga nisbatan “Yaqin Sharqdagi keng ko‘lamli harbiy operatsiyalarni qisqartirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda”. Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp 20 mart, juma kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

U Amerika kampaniyasining maqsadlari qatorida Eronning raketa salohiyatini, uchirish qurilmalarini “va ular bilan bog‘liq barcha narsani” yo‘q qilishni, shuningdek Eronning mudofaa-sanoat bazasini bartaraf etishni sanab o‘tdi; uning harbiy-dengiz va harbiy-havo kuchlarini, “jumladan zenit qurollarini” yo‘q qilishni, Islom Respublikasining yadrosiz maqomini ta’minlashni va Yaqin Sharqdagi Amerika ittifoqchilari — Isroil, Saudiya Arabistoni, Qatar, BAA, Bahrayn, Kuvayt va boshqa mamlakatlarni himoya qilishni qayd etdi.

Shu xabarning o‘zida Donald Tramp urush boshlanganidan beri Eron tomonidan to‘sib qo‘yilgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi “undan foydalanadigan boshqa davlatlar tomonidan, zarurat bo‘lsa, qo‘riqlanishi va nazorat qilinishi kerak”, AQSh emas, deb bayonot berdi.

“Agar bizdan so‘rashsa, biz bu davlatlarning Ho‘rmuz bo‘yicha harakatlariga yordam beramiz, ammo Eron tomonidan kelayotgan tahdid bartaraf etilganidan keyin buning zarurati bo‘lmasligi kerak. Eng muhimi, ular uchun bu yengil harbiy operatsiya bo‘ladi”, — deya davom etdi siyosatchi.

Bundan atigi bir necha soat oldin Tramp AQShsiz NATOni “qog‘ozdagi yo‘lbars” deb ta’riflagan va alyans bo‘yicha ittifoqchilarni “qo‘rqoqlar” deb atagan edi. Uning aytishicha, ular “to‘lashga majbur bo‘layotgan yuqori neft narxlaridan shikoyat qiladi, ammo ‘xatarlar past’ bo‘lishiga qaramay, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochishga yordam berishni istamaydi”.

Shu kuni avvalroq jurnalistlar savollariga javob berar ekan, Oq uy rahbari Eron bilan o‘t ochishni to‘xtatishni istamasligini aytdi, chunki Trampning so‘zlariga ko‘ra, Eronda “na flot, na harbiy-havo kuchlari, na biror texnika” qolgan.

“Biz muzokara olib borishimiz mumkin edi, ammo men sulh e’lon qilishni istamayman. Axir, raqibni tom ma’noda yo‘q qilayotgan paytda sulh e’lon qilinmasligini tushunasiz-ku”, — deb izoh berdi u.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid