Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sloveniyada liberallar konservatorlarni minimal ustunlik bilan ortda qoldirdi
Sloveniyada hokimiyatdagi liberallar o‘tgan parlament saylovlarida raqibi bo‘lgan konservatorlardan juda kichik farq bilan ustun keldi. Bosh vazir Golobning “Ozodlik harakati” partiyasi atigi 0,67 foizga ko‘proq ovoz to‘pladi.
22 mart, yakshanba kuni Sloveniyada bir palatali parlamentga bo‘lib o‘tgan saylovlarda bosh vazir Robert Golobning “Ozodlik harakati” (GS) partiyasi va Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Yanez Yansha boshchiligidagi o‘ng qanotdagi Sloveniya demokratik partiyasi (SDP) saylovchilar ovozlarining deyarli teng miqdorini qo‘lga kiritdi.
Ikki asosiy raqibdan hech biri parlamentdagi 90 o‘rindan 46 tasini tashkil etuvchi mutlaq ko‘pchilikni ta’minlay olmadi.
Saylov komissiyasi 99,85 foiz byulletenlar sanab chiqilganidan keyin ma’lum qilishicha, “Ozodlik harakati” 28,62 foiz natija bilan minimal g‘alabaga erishgan, SDP esa 27,95 foiz ovoz olgan.
Sloveniya parlamentiga 5 foizlik to‘siqdan o‘tgan yana yetti partiya ham kirdi — ular orasida yangi hukmron koalitsiyani shakllantirishda hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin bo‘lgan siyosiy kuchlar ham bor.
Sloveniyadagi parlament saylovlarida o‘ndan ortiq siyosiy partiya va koalitsiya ishtirok etdi. Jami 1300 dan ziyod nomzod ko‘rsatildi, ular keng siyosiy spektrni ifoda etdi.
Bosh vazir Golobning asosiy siyosiy raqibi Yanez Yansha — populist qarashlarga ega siyosatchi va AQSh prezidenti Donald Tramp muxlisi — avval ham uch marta Sloveniya hukumati rahbari lavozimini egallagan edi.
Golob esa 2022 yilda katta siyosatga yangi kirib kelgan shaxs sifatida hokimiyatga kelgan va uchta markaz-so‘l yo‘nalishidagi partiyadan iborat koalitsiyaga rahbarlik qilgan.
Yanez Yansha Viktor Orbanning ittifoqchisi sifatida ko‘riladi.
“Sloveniya kichik Bolqon davlati bo‘lsa-da (Bolqon yarim orolining old Alp qismida joylashgan — tah.), u yerda o‘tayotgan saylovlarni Yevropada noliberal tendensiyalar kuchayib borayotganining yana bir belgisi sifatida ko‘rish mumkin”, — dedi Robert Shuman jamg‘armasi eksperti Xelen Levi.
1991 yil iyunda Sloveniya sobiq Yugoslaviya Sotsialistik Federativ Respublikasi (YuSFR)dan mustaqilligini e’lon qilgan birinchi mamlakat bo‘lgan.
Avvalroq, 18 mart kuni Sloveniya Razvedka va xavfsizlik agentligi (SOVA) mamlakatdagi parlament saylovlari saylovoldi kampaniyasiga xorijiy aralashuv bo‘lganini tasdiqladi.
Bundan oldin sloven ommaviy axborot vositalari 2025 yil dekabrida Lyublyana shahrida Isroil maxsus xizmatlarining sobiq xodimlari tomonidan asos solingan xalqaro xususiy razvedka va tahlil kompaniyasi Black Cube vakillari bilan Yanez Yansha o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edi.
AFP agentligi ma’lum qilishicha, Sloveniya hukumati Black Cube bosh vazir Golob hukumatini korrupsiyalashgan deb ko‘rsatuvchi yashirincha tasvirga olingan videolar ortida turgan-turmaganini o‘rgangan.
SDP esa Black Cube bilan hamkorlik qilgani haqidagi ayblovlarni rad etgan.
Mavzuga oid
09:00 / 08.06.2026
Armanistondagi saylovlarda Pashinyan partiyasi yetakchilik qilmoqda
21:43 / 07.06.2026
Armanistonda parlament saylovlarida ovoz berish yakunlandi
21:35 / 20.04.2026
BMT Bosh kotibi lavozimiga to‘rt nafar nomzod ko‘rikdan o‘tadi
14:25 / 24.03.2026