Jahon | 09:17 / 23.03.2026
1424
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina va AQSh muzokaralarida siljish bor, ammo tafsilotlar ochiqlanmadi

Floridada bo‘lib o‘tgan Amerika va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi konstruktiv muzokaralar hamda “pozitsiyalarni muvofiqlashtirishda siljish” haqida Stiven Uitkoff va Rustem Umerov ma’lum qildi. Zelenskiy esa Rossiya bilan asirlar almashinuviga oid “signallar” borligini yozdi.

Foto: Ekaterina Chesnokova/Sputnik

Ukraina va Amerika delegatsiyalari 21 va 22 mart kunlari Floridada bo‘lib o‘tgan navbatdagi muzokaralar raundi chog‘ida Ukraina xavfsizligi kafolatlari va Rossiya tomoni bilan asirlar almashinuvi masalalarini muhokama qildi. Bu haqda 22 mart, yakshanba kuni kechqurun Ukraina delegatsiyasi rahbari, Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (MXMK) kotibi Rustem Umerov Facebook’da ma’lum qildi.

“Uchrashuvlar davomida ishonchli xavfsizlik kafolatlari va humanitar yo‘nalishga, xususan, fuqarolarimizni almashish va qaytarish masalalariga e’tibor qaratdik. Pozitsiyalarni muvofiqlashtirishda siljish bor va hal etilmagan masalalar doirasi yanada qisqarmoqda”, — deyiladi uning Facebook’dagi xabarida.

Umerov, shuningdek, erishilgan “dinamika” Ukrainadagi Rossiya boshlagan urushni yakunlash bo‘yicha uchrashuvlarning keyingi bosqichlariga o‘tish imkonini berishidan umid bildirdi, ammo boshqa tafsilotlarni keltirmadi.

“Bu konstruktiv muzokaralar kechagi yutuqlarning davomi bo‘ldi va Ukraina uchun barqaror hamda ishonchli xavfsizlik tizimini yaratishning asosiy masalalariga, shuningdek, mintaqadagi nihoyatda muhim gumanitar choralarga qaratildi”, — deb yozdi AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff muzokaralarning ikkinchi kuni yakunlanganidan so‘ng X ijtimoiy tarmog‘ida.

Uitkoffning ma’lum qilishicha, Amerika delegatsiyasi tarkibiga undan tashqari AQSh prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushner va Oq uyning katta maslahatchisi Josh Gryunbaum kirgan. Ukraina delegatsiyasi tarkibida esa Rustem Umerovdan tashqari prezident ofisi rahbari Kirill Budanov, shuningdek, siyosatchilar David Araxamiya va Sergey Kislitsa bo‘lgan.

Muzokaralar yakunlariga izoh berar ekan, prezident Volodimir Zelenskiy Telegram’da urush tugaganidan keyin Kiyev ishonchli xavfsizlik kafolatlarini olishi zarurligini ta’kidladi. U, shuningdek, Rossiya tomoni bilan asirlar almashinuvini davom ettirish imkoniga oid “signallar” mavjudligini ma’lum qildi.

Ushbu raund arafasida Zelenskiy Floridadagi Ukraina delegatsiyasining asosiy vazifasi Rossiya delegatsiyasi ishtirokidagi kelajak uch tomonlama muzokaralarni tayyorlash bo‘lishini aytgan edi.

“Ko‘proq aniqlik istayman”, — deb ta’kidlagandi o‘shanda Ukraina prezidenti.

Rejaga ko‘ra, AQShga tashrif chog‘ida Amerika tomoni bilan PURL (Prioritised Ukraine Requiremens List — “Ukraina uchun ustuvor ehtiyojlar ro‘yxati”) dasturini davom ettirish masalasi ham muhokama qilinishi kerak edi. Bu dastur doirasida NATO bo‘yicha hamkorlar Ukraina ehtiyojlari uchun Amerikada ishlab chiqarilgan qurollarni, jumladan Patriot havo mudofaa tizimlari uchun raketalarni sotib oladi.

Bundan tashqari, Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina delegatsiyasi amerikaliklar bilan “dron kelishuvi” deb ataluvchi taklifni ham muhokama qiladi. Unga ko‘ra, Kiyev Vashington bilan shunday bitim tuzishi mumkinki, unda Ukraina jang sharoitida sinovdan o‘tgan dronlarga qarshi himoya texnologiyasini AQSh bilan baham ko‘radi, evaziga esa moliyalashtirish va ballistik raketalardan himoya qilish uchun taqchil bo‘lgan tizimlarni oladi.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi ehtimoliy yakunlanishi bo‘yicha uch tomonlama formatdagi muzokaralar so‘nggi oylarda bir necha bor o‘tkazildi, ammo bu uchrashuvlarda hozircha tinchlik sari yo‘lda sezilarli siljishga erishilmadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid