Iqtisodiyot | 13:40
2248
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya iqtisodiyotida pasayish bor - Putin

Rossiya prezidenti so‘zlariga ko‘ra, avvalo, asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning “past, manfiy dinamikasi” e’tiborni tortadi. Vladimir Putin 2026 yil yanvar oyida Rossiya YaIM o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,1 foizga past bo‘lganini qayd etdi.

Foto: kremlin.ru

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya iqtisodiyotida pasayish borligini tasdiqladi. Iqtisodiy masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilish 23 mart, dushanba kuni bo‘lib o‘tdi.

Rossiya rahbari so‘zlariga ko‘ra, eng avvalo, “asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning past, manfiy dinamikasi” ko‘zga tashlanmoqda.

Putinning ta’kidlashicha, yanvar oyida Rossiya yalpi ichki mahsuloti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,1 foizga kam bo‘lgan. Sanoat ishlab chiqarishi esa 0,8 foizga pasaygan.

Foydali qazilmalar qazib olish hajmi 0,5 foizga o‘sgan, ammo bu ko‘rsatkich jahonda energiya tashuvchilar narxi oshishidan oldingi davrda qayd etilgan.

Moliya vazirligining dastlabki bahosiga ko‘ra, yanvar–fevral oylari yakunlari bo‘yicha budjet taqchilligi 3,4 trln rublni tashkil etgan.

Bu 2025 yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan 1 trln rublga ko‘p.

Shu bilan birga, Rossiya Fanlar akademiyasining Xalq xo‘jaligini prognozlash instituti korxonalar baholari asosida hisoblaydigan sanoat optimizmi indeksi mart oyida minus 20 punktgacha tushgan.

Bu 2020 yil aprelidan beri eng yomon ko‘rsatkich hisoblanadi. O‘shanda sanoatdagi salbiy kayfiyat pandemiya bilan bog‘liq bo‘lgan edi.

Ushbu tendensiya talabning amaldagi dinamikasi bilan izohlanmoqda. Mart oyida u minus 35 punktgacha pasaygan.

Shu bilan birga, Rossiya rahbari Rossiya neft-gaz kompaniyalari “jahon uglevodorod kotirovkalari o‘sishidan tushgan qo‘shimcha daromadlar”ni qarz yukini kamaytirish va Rossiya banklari oldidagi qarzdorlikni yopishga yo‘naltirishi kerakligini bildirdi.

Kremlga yaqin iqtisodchilar yil oxirigacha Rossiya iqtisodiyoti retsessiyaga kirib qolishi mumkin, deb hisoblamoqda. Bu haqda 20 mart kuni “Izvestiya” gazetasi Rossiya prezidenti administratsiyasiga yaqin hisoblangan Makroiqtisodiy tahlil va qisqa muddatli prognozlash markazi hisobotiga tayanib yozgan.

Nashr so‘rov o‘tkazgan ekspertlar fikricha, Rossiya iqtisodiyoti o‘sishini yuqori asosiy stavka, ancha ehtiyotkor budjet siyosati, kadrlar tanqisligi va investitsiyaviy tanaffus sekinlashtirmoqda.

Jumladan, “AMarkets” vakili Igor Rastorguyev fikricha, AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi sabab neft narxlari ko‘tarilgan taqdirda ham retsessiya ehtimoliy ssenariy bo‘lib qolaveradi.

Xususan, inflatsiyaning yangi bosqichi Rossiya Markaziy bankini asosiy stavkani pasaytirishni to‘xtatib turishga majbur qilishi mumkin. Aynan shu pasaytirish salbiy ssenariyning oldini olishi mumkin edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid