O‘zbekiston | 17:30
1186
7 daqiqa o‘qiladi

Qo‘shtepa, Orol, Rog‘un va suv tanqisligi – vazir bilan suhbat

O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Kun.uzʼga intervyu berdi. Suhbat davomida Shavkat Hamroyev suv tanqisligi, uni tejash va qishloq xo‘jaligida ratsional foydalanish, Orol bo‘yicha loyihalar, Qo‘shtepa kanalining qurilishi va O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan muzokaralari, Rog‘un GES va boshqa masalalarda fikrini bayon qildi. Vazir Qo‘shtepa kanaliga to‘xtalarkan, muammo loyihada emas, afg‘onlarning keyin qancha suv olishida ekanini aytib o‘tdi.

Suv xo‘jaligi vaziri – Shavkat Hamroyev bilan suhbat bu yilgi mavsumda qishloq xo‘jaligi va tomorqa yerlari uchun kutilayotgan suv ta’minoti prognozlaridan boshlandi. Uning aytishicha, bahor ancha yog‘ingarchiliklarga boy keldi, lekin infratuzilma, ya’ni yerlarga yetib boruvchi ariqlar, sug‘orish nasoslari, yerlarning holati bunga tayyor bo‘lmasa, bari bekor. Otang mirob bo‘lsa ham, arig‘ingni chuqur qazi deyilgan, demak suv kam-ko‘pligi emas, uni qanday yerlarga yetkazish muhim, deydi vazir. 

Irrigator va suv masalalari bo‘yicha ekspertlar O‘zbekistonda ariq va kanallarning betonlashtirilishi haqida turli fikrlarga ega. Ba’zilar betonlashtirish katta xarajat bo‘lgani sabab joylarga plastik quvurlar bilan suv yetkazish samaraliroq degan fikrda. Bu yondashuvga vazir Hamroyev o‘z munosabatini bildirar ekan, O‘zbekistonda ham u, ham bu, ya’ni ham betonlashtirish, ham plastik quvurlar tajribasidan foydalanilayotganini aytdi. 

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, mavjud suvlarning kamida 30-40 foizi yerga singib, parlanib ketadi. Betonlashtirilgan holatda esa suvning yo‘qotilishi kamayadi. 

Markaziy Osiyo haqida gap ketganda bugun tilga olinadigan asosiy muammolardan biri – suv. Mintaqa aholisi muntazam ko‘payib bormoqda, suvga bo‘lgan talab ham doim yuqori. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo kuchli iqlim o‘zgarishi va qurg‘oqchilik, suv taqchilligi muammosi bilan yuzlashmoqda. Shunday sharoitda mintaqa davlatlari birgalikda qaror qabul qilishi juda muhim. 

Vazirga ko‘ra, so‘nggi 9-10 yildan beri mintaqaviy muloqot tiklandi, avval mutlaqo dialog bo‘lmagan. Biz bir-birovimizning qora kunimizda birgamiz, deydi u. 

“Bilasizmi, avval shu muloqotlar yo‘q edi. Hozir bir stol atrofida yig‘ilyapmiz, davlatlar bir-birimizni tushunamiz. Masalan, biz qishda elektr beramiz, yozda suv olamiz. Shunday qilib kelishib ishlamasak bo‘lmaydi”, - deydi Shavkat Hamroyev. 

Vazir bilan suhbatda Orol fojiasi haqida ham gaplashdik. E’tiborlisi shundaki, hukumat a’zosi ruslarning noto‘g‘ri suv siyosati sabab Orol qurigan, degan ehtimolga to‘liq qo‘shilmaydi. Butun karerasi suv xo‘jaligida o‘tgan Shavkat Hamroyevning shaxsiy tahliliga ko‘ra, Orol qurishining asosiy sababi – ekologik omillar. 

“Buni to‘liq suvdan noto‘g‘ri foydalanish evaziga deyolmaymiz, boring ana, 20 foiz suv paxta dalalariga olinsin, qolgani-chi? Bu arifmetikaga to‘g‘ri kelmaydi, Orol ekologik omillar sabab quridi va uzoq yillardan keyin tabiat yana o‘zini tiklashi mumkin” , - deydi vazir. 

Shuningdek, yaqinda Rus fanlar akademiyasi akademiklari Sibir daryolarini Orol tomon burish bilan dengizni to‘ldirish loyihalari haqida muhokamalar o‘tkazgandi. Kun.uz bilan gaplashgan ekspertlar bu mutlaqo noreal ekanini aytgan. Vazir ham bunday qarashlarga fikrini bildirib o‘tdi. 

“Avvaldan ham bor edi, Sibir daryolarini burish. Bu noto‘g‘ri, buni qilib bo‘lmaydi”, - deydi Hamroyev. 

2021 yilda Afg‘onistonda hokimiyat “Tolibon” qo‘liga o‘tarkan, O‘zbekiston muvaqqat hukumat bilan dialogni uzmadi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, Afg‘oniston suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun kanal qurishini e’lon qildi va buni boshladi. Qo‘shtepa kanalining qurilishi katta muhokamalarga sabab bo‘ldi, ayniqsa busiz ham suv muammo mintaqa Markaziy Osiyo oldida yanada chigal vaziyat yuzaga keldi. Biroq tomonlar faol diplomatiya orqali muzokaralar o‘tkazdi. Vazir bilan suhbatda Qo‘shtepa haqida ham so‘z borarkan, u kanal qurishga Afg‘onistonning haqqi borligi, lekin gap ularning qancha suv olishida ekanini aytdi.

“Ha, muammo yo‘q, suv olishga haqlari bor, mening o‘zim 4 marta ishchi guruh bilan Afg‘onistonga borgan bo‘lsam, ular O‘zbekistonning shuncha yordamini his etib, qanday qilib o‘rtamizda suv katta muammo bo‘lishi mumkin deyishmoqda. Bilasizmi, gap kanal qurilishida emas, o‘sha yerda daryodan qancha suv olinishida, biz shunga mahkam kelishishimiz kerak”, - deydi Shavkat Hamroyev. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, agar daryodan 2 mlrd kubmetr suv olinsa, bu normal, bizga ta’sir etmaydi. Biroq 4 mlrd kubmetrga chiqsa, qishloq xo‘jaligida suv yetmay qolish xavfi yuqori. Shunday holat yuz bermasligi uchun hozirdanoq kelishish kerak. 

“Aslida ular loyihani 2028 yilda yakunlamoqchi edi, biroq to‘xtab qoldi. Kanal qurilishi yakunlanganidan keyin ham suvni nasos bilan yerlarga yetkazish kerak, ularda esa elektr toki muammo”, - deya qo‘shimcha qiladi vazir.

O‘zbekistonning birinchi ma’muriyati davrida Tojikiston bilan Rog‘un GES siyosiy muammoga aylangan edi. Prezident Karimov O‘zbekiston bu GES qurilishiga rozilik bermasligini bildirgach, aloqalar deyarli to‘xtab qolgan. Ikkinchi ma’muriyat esa Tojikistonga ishondi va Tojikiston esa qo‘shnisini hech qachon suvsiz qoldirmasligini bildirdi. Biroq ushbu GESning xavfsizlik standartlariga to‘la rioya etilgan holda qurilishi – muhim. 

“Bilasizmi, mening o‘zim Tojikistonga borib, o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rib keldim. Hattoki, yoriq paydo bo‘lsa, siljitib buni ichkarida bartaraf etadigan texnologiyalarni qilishgan”, deydi vazir GESning xavfsiz qurilayotganiga ishora qilib. 

Suhbat so‘ngida Shavkat Hamroyev O‘zbekistonda vazir bo‘lish oson emasligi, biroq bu yuksak mas’uliyat va sharaf ekanini ham qo‘shimcha qildi.

Шоҳрух Мажидов
Muallif Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid