Jahon | 17:22
2821
3 daqiqa o‘qiladi

Pit Hegset uch nafar yuqori martabali generalni iste’foga chiqardi

Foto: Getty Images

AQSh quruqlik qo‘shinlari shtabi boshlig‘i general Rendi Jorj iste’foga chiqdi. Amerika nashrlariga ko‘ra, bu iste’fo Pentagon rahbari Pit Hegset talabi bilan ro‘y bergan.

AQSh mudofaa vazirligi rasmiy vakili Shon Parnell X ijtimoiy tarmog‘ida Jorj «quruqlikdagi qo‘shinlar shtabining 41-boshlig‘i lavozimidan zudlik bilan nafaqaga chiqarilgani» haqida yozgan.

AQShning so‘nggi yillardagi eng yirik harbiy amaliyoti (Eronga qarshi urush) davrida shtab boshlig‘ining o‘zgarishi juda g‘ayrioddiy qadam bo‘lib ko‘rinmoqda.

61 yoshli Jorj – Amerikadagi eng nufuzli Uest-Poynt harbiy akademiyasi bitiruvchisi hisoblanadi. U Fors ko‘rfazidagi birinchi urushda ishtirok etgan, shuningdek, Iroq va Afg‘onistondagi harbiy harakatlar faxriysi hisoblanadi.

Uning iste’fosi sababi haqida rasman xabar qilinmagan. «Biz uning xizmatidan minnatdormiz, ammo armiya rahbariyatini almashtirish vaqti keldi», – degan CBS News nashriga Pentagon rasmiysi anonim tarzda.

Jorjning o‘rniga general Kristofer La Niv armiya shtabiga vaqtincha rahbarlik qilib turadi.

Bundan tashqari, yana ikki nafar yuqori martabali zobit ishdan olingan: AQSh armiyasini o‘zgartirish va tayyorlash qo‘mondonligi rahbari, general Devid Hodne va armiya Kapellanlar korpusi boshlig‘i, general-mayor Uilyam Grin.

Jorjning iste’fosi bilan Pentagon rahbari Pit Hegset prezident va harbiy vazir maslahatlashadigan Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasini qaytadan shakllantirish jarayonini deyarli yakunladi.

CBS News nashri eslatishicha, Jorj muqaddam Bayden ma’muriyatida mudofaa vaziri bo‘lgan Lloyd Ostinning yordamchisi edi.

O‘tgan yilning kuzida Jorj quruqlikdagi qo‘shinlar vaziri Den Driskoll boshchiligidagi AQSh harbiy delegatsiyasi tarkibida Ukrainaga borgan va tinchlik muzokaralari muhokamasida qatnashgandi.

Donald Tramp Oq uyga kelganidan so‘ng 10 dan ortiq yuqori martabali harbiylar o‘z lavozimlaridan ayrildi, ular orasida Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi general Charlz Braun, Harbiy-dengiz floti shtabi boshlig‘i admiral Liza Franketti, Harbiy-havo kuchlari shtab boshlig‘i o‘rinbosari general Jim Slayf va harbiy razvedka boshlig‘i Jeffri Kruz bor. Hegset ularning ko‘pchiligini Trampga sadoqatsizlikda ayblagan.

Bundan tashqari, Pentagon rahbari azaldan armiya vaziri Den Driskoll bilan kelishmaydi. «Hegset Driskollni ishdan bo‘shatolmaydi. Chunki u uning hayotini jahannamga aylantiradi», – degan nashr manbalaridan biri.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid