Jahon | 14:08
6052
3 daqiqa o‘qiladi

The Times: Mujtaba Xominaiy hushsiz holatda qolmoqda

U «qandaydir qaror qabul qilishda ishtirok eta olmasligi» qayd etilgan.

Foto: Reuters

Eronning yangi oliy rahbari Mujtaba Xominaiy hushsiz holatda va Qum shahrida davolanmoqda, deb yozmoqda The Times nashri Amerika va Isroil razvedkasi ma’lumotlariga tayanib.

«Mujtaba Xominaiy Qumda og‘ir ahvolda davolanmoqda, u rejim tomonidan qandaydir qarorlar qabul qilinishida ishtirok eta olmaydi», – deyiladi AQShning Fors ko‘rfazi mamlakatlaridagi ittifoqchilari tomonidan yetkazilgan diplomatik nomada.

Qum shahri mamlakat markazida, poytaxt Tehrondan taxminan 140 kilometr janubda joylashgan. Ushbu shahar shialarning muqaddas qadamjosi sanaladi – va Eronning oldingi diniy rahbari, 28 fevral kungi aviazarba oqibatida halok bo‘lgan Ali Xominaiyni ham aynan shu yerga dafn etish rejalashtirilgan. The Times qayd etishicha, hozirda Qumda uning jasadi uchun maqbara qurilmoqda.

Eron hukumati Ali Xominaiyning dafn marosimini «odam juda ko‘p to‘planishi kutilayotgani» munosabati bilan ortga surgan, ammo bu kechiktirish «savollar tug‘diradi», chunki shialar an’anasiga ko‘ra marhumni darhol ko‘mish kerak bo‘ladi, deya qayd etgan The Times. 8 aprel kuni Xominaiy vafot etganiga 40 kun bo‘ladi – bu shialardagi an’anaviy motam davri tugashini anglatadi.

Mujtaba Xominaiy AQSh va Isroilning Eronga ilk zarbalari berilgan vaqtda, 28 fevral kuni yaralangan, u bilan bir joyda bo‘lgan otasi Ali Xominaiy esa halok bo‘lgan. 7 mart kuni Isroildagi nashrlar o‘z manbalariga tayanib kichik Xominaiy yarador ekanini xabar qildi. Keyinroq The New York Times nashri Mujtaba Xominaiy oyog‘idan yaralangani haqida yozdi. Bir necha kun o‘tib esa Eron tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Mujtaba Xominaiy yaralanganini tasdiqladi, ammo u «o‘zini yaxshi his qilayotgani»ni ta’kidladi. Mart oyi boshida Eronning yangi diniy rahnamosi etib tayinlanganidan keyin ham Mujtaba Xominaiy biror marta jamoatchilikka ko‘rinish bermadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid