Jahon | 10:09
2546
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya sudi “Ichkeriya”ni terroristik tashkilot deb topdi

Grozniydagi sud “Ichkeriya Chechen Respublikasi” faoliyatini taqiqladi va uni “terroristik tashkilot” deb e’tirof etdi. Shuningdek, IChRning Yevropaning 14 mamlakatidagi 29 ta bo‘linmasi ham “terroristik” deb topildi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Rossiyada “Ichkeriya Chechen Respublikasi” (IChR) faoliyati taqiqlandi va u “terroristik tashkilot” deb tan olindi. Bu haqda 7 aprel, seshanba kuni Federal xavfsizlik xizmati (FXX) matbuot xizmati xabar qildi. Mazkur qarorni Grozniy shahridagi Shayx Mansurov tuman sudi yana 12 mart kuni chiqargan bo‘lib, bu holatga “7x7” Telegram-kanali e’tibor qaratgan. Shuningdek, IChRning Yevropaning 14 mamlakatidagi 29 ta bo‘linmasi ham “terroristik” deb e’lon qilingan.

FXX iddaosicha, ushbu guruh a’zolari Ukraina Qurolli kuchlari tomonida Rossiya armiyasiga qarshi jang qilmoqda va RFning Kursk hamda Belgorod viloyatlaridagi diversiyalarga aloqador bo‘lgan. Idora ma’lumotiga ko‘ra, tashkilotga Buyuk Britaniyada yashovchi Ahmad Zakayev rahbarlik qiladi.

2024 yilda Rossiya hokimiyati unga nisbatan Ukraina Qurolli kuchlari tarkibida ko‘ngilli batalon tuzgani munosabati bilan jinoiy ish qo‘zg‘atgan va uni “terroristlar va ekstremistlar” ro‘yxatiga kiritgan edi. O‘sha yilning o‘zidayoq Rossiya Oliy sudi IChRning muhojirlikdagi hukumatini avval “ekstremistik”, keyin esa “terroristik tashkilot” deb tan olgan.

Ahmad Zakayev tan olinmagan “Ichkeriya”ning tashqi ishlar vaziri bo‘lgan, Ikkinchi chechen urushi boshlanganidan keyin esa dala qo‘mondoniga aylangan. 2001 yilda Rossiya uni “terrorizm” ayblovi bilan xalqaro qidiruvga bergan, ammo 2003 yilda London sudi ta’qib siyosiy sabablarga ko‘ra olib borilayotganini tan olib, uni Rossiyaga ekstraditsiya qilishni rad etgan. Shundan buyon Zakayev Buyuk Britaniyada yashab keladi, u yerda unga siyosiy boshpana berilgan.

“Ichkeriya Chechen Respublikasi” — 1993 yildan 1999 yilgacha Checheniston hududida mavjud bo‘lgan o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublika. U Ikkinchi chechen urushi davomida tugatilgan. O‘sha urush yakunlariga ko‘ra, Chechenistonga hozirgi mintaqa rahbari Ramzan Qodirovning otasi Ahmad Qodirov rahbar bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid