Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Osiyo Amazoniyasi»da noyob hayvonlar fotoqopqonlarga muhrlandi
Kam o‘rganilgan, «Osiyo Amazoniyasi» deb ataluvchi hududda fotoqopqonlardan foydalanilgan yirik tadqiqot yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan va nihoyatda yashirin hayot kechiradigan hayvonlarning noyob tasvirlarini olish imkonini berdi.
Tutunrang qoplon / © Fauna & Flora
2025 yil davomida olimlar avtomatik kameralar yordamida kuzatuv olib bordi va bu Annamit tog‘larining bioxilmaxilligi haqida yangi tasavvurlarni taqdim etdi. Kameralar obektiviga Laos, Vetnam va Kambojaning shimoli-sharqida joylashgan o‘rmonlarda yashovchi ko‘plab noyob hamda yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlar tushdi. Bu tasvirlar Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng muhim o‘rmon massivlaridan birining ekologik ahamiyatini yana bir bor ko‘rsatadi. Mazkur hudud taxminan 1100 kilometrga cho‘zilgan.
Loyihaga Fauna & Flora tashkilotining Kamboja dasturi rahbarlik qildi. U Kamboja Atrof-muhit vazirligi va Ratanakiri viloyati ekologiya departamenti bilan hamkorlikda, mahalliy tub aholi jamoalari ko‘magida amalga oshirildi. Mahalliy aholi kameralar o‘rnatiladigan joylarni tanlashda, jihozlarni yetkazib berishda va qo‘riqlanadigan hududning yetib borish qiyin bo‘lgan qismlaridan xotira kartalarini olib chiqishda yordam berdi.
Fotoqopqonlar yovvoyi tabiatning boy xilma-xilligini qayd etdi: Osiyo fillari, tutunrang qoplonlar, marmar mushuklar, makakalar va kulrang tovussimon fazanlar tasvirga tushdi.
Qayd etilgan qushlar orasida ikki shoxli kalao ham bor edi. Uning mavjudligi sog‘lom o‘rmon ekotizimining belgisi sifatida qaraladi.
Fauna & Flora tashkiloti 1990-yillardan buyon Annamit hududida faoliyat yuritib, mintaqa o‘rmonlarini muhofaza qilishga ko‘maklashib kelmoqda. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, fotoqopqonlar yordamida olib borilgan uzoq muddatli kuzatuvlar yovvoyi tabiat uchun asosiy tahdidlar yashash muhitining vayron bo‘lishi va parchalanishi, shuningdek, keng tarqalgan sirtmoqlardan foydalanish ekanini ko‘rsatmoqda. Bu omil hatto nisbatan deyarli daxl qilinmagan o‘rmonlarda ham hayvonlar sonining tez kamayishiga olib kelishi mumkin.